Qurmanbek Bakiyevning O‘zbekistonda vafot etgan ukasi dafn qilindi (video)
Olam
−
17 aprel 8847 2 daqiqa
Joriy yilning 14 aprel kuni Manas shahrida Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevning ukasi – Ahmat Bakiyevni dafn etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Turmush” xabar berdi.
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, janoza namozi Manas shahridagi xonadonda o‘qilgan, Ahmat Bakiyev esa Bakiyevlar oilasining ona qishlog‘i – Teyit qishlog‘ida dafn etilgan. Marosimda marhumning qarindoshlari, oila a’zolari va qishloqdoshlari, shuningdek, Ahmat Bakiyevning o‘g‘li Arstan Bakiyev hamda Jusupbek Bakiyevning o‘g‘li Sanjar Bakiyev ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, Ahmat Bakiyev joriy yilning 13 aprel kuni 66 yoshida vafot etdi. Yaqinlarining xabariga ko‘ra, o‘limga yurak kasalligi sabab bo‘lgan. U umrining so‘nggi yillarida Andijon viloyatidagi Xonobod shahrida (Qirg‘iziston chegarasi yaqinida) yashab kelgan.
Ahmat Bakiyev – sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning tug‘ishgan ukasi. Akasi prezidentlik qilgan davrda u Jaloloboddagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan. Otasining sharafiga nomlangan “Sali-Ata” MCHJga rahbarlik qilgan. 2010 yilda hokimiyat almashganidan so‘ng, Qirg‘izistonda Ahmat Bakiyevga nisbatan bir nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2011 yilning avgustida Jalolobod shahar sudi Ahmat Bakiyevni jazoni kuchaytirilgan tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, Ahmat Bakiyev Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi 2-bandi (Firibgarlik), 229-moddasi 1-qismi (Noqonuniy qurolli tuzilma tashkil etish yoki unda ishtirok etish), 234-moddasi 2-qismi 2-bandi (Bezorilik), 241-moddasi 1- va 4-qismlari (O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlovchi qurilmalarni noqonuniy egallash, berish, sotish, saqlash, tashish yoki olib yurish) bo‘yicha aybdor deb topilgan.
2012 yil 4 yanvarda Ahmat Bakiyev axloq tuzatish koloniyasidan Bishkekda joylashgan 35-sonli manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan. Jazoni ijro etish davlat xizmati (JIDX) tushuntirishicha, mahkum tayinlangan jazoning 1/3 qismini o‘taganidan so‘ng, agar tartibni buzmagan va axloq tuzatish koloniyasi rejimiga rioya qilgan bo‘lsa, manzil-koloniyasiga o‘tkazilish uchun qonuniy asoslarga ega bo‘ladi.
2012 yilning martida Jazoni ijro etish davlat xizmati Ahmat Bakiyev 3 mart kuni 35-sonli manzil-koloniyasidan qochib ketgani haqida xabar bergan. O‘shanda JIDX Bakiyev 24 yanvarda 6-sonli shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lumot bergan. U yerda u 2012 yil 6 fevralgacha davolangan, shundan so‘ng davolanish kursini davom ettirish uchun Bishkekdagi xususiy tibbiyot markazlaridan biriga o‘tkazilgan. Bakiyev davolanishi vaqtida 35-sonli muassasa xodimlari uni har kuni tekshirib turgan va bu tekshiruvlar jurnalidagi qaydlar bilan tasdiqlangan. Biroq 2012 yil 3 mart kuni mahkum Bakiyev tekshirilganda, u joyida yo‘qligi aniqlangan.
Live
Barchasi