“Qullik uchun kelgansan” – yana bir o‘zbekistonlik urushga majburlanmoqda

Tahlil

Yashirishning hojati yo‘q, allaqachon minglab O‘zbekiston fuqarolari o‘zga mamlakatlarda sodir bo‘layotgan urushlarda ishtirok etmoqda. Kimdir ixtiyoriy, kimdir aldanib, yana kimdir esa majburan. Bugun Suriyada qurol ko‘tarib Ash-Shara qo‘shini safida turgan o‘zbeklarning o‘zlariga reydlar o‘tkazilib, hibsga olinmoqda. Dunyoning boshqa tomoni – Rossiya va Ukraina urushida ham balogardon bo‘layotgan o‘zbeklar taqdiri esa undan ham yomonroq. Ukraina Rossiya tomonida jang qilayotgan, halok bo‘lgan, asir tushgan o‘zbeklar haqida ko‘p bora ma’lumotlar e’lon qildi. O‘zbekiston pasportiga ega mingdan ortiq fuqarolar ism-familiyalari oshkora chop etildi. Allaqachon Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatga kiritilmagani alohida qayd etildi.

Umuman olganda, imperiyalistik qarashlarga ega shaxslar ta’sirida qolgan Rossiya hukumati markaziy osiyolik migrantlarni urushga bexavotir yuborish mumkin bo‘lgan, eng oson voz kechiladigan va deyarli hisobi so‘ralmaydigan arzon vositaga aylantirdi. Jangda halok bo‘lgan har bir rossiyalik uchun xalqi oldida hisobdor shovinist rus hukumati uchun xorijiy migrantlar “safda bor, sanoqda yo‘q” qurol bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Tishini urib sindirishgan” – surxondaryolik ayol o‘g‘lining sog‘lig‘idan xavotirda

Mana shunday kelajakka majburlanayotgan, ammo hamon qaytishga imkon bor deb ishonayotgan, hozirda Rossiya tomonidan yerto‘lada ushlab turilgan o‘zbekistonlik yigitlardan birining onasi surxondaryolik Ro‘zigul Boboyeva QALAMPIR.UZ’ga murojaat qildi. Ayolning ma’lum qilishicha, uning 23 yoshli farzandi Qurbonov Akbar Akramjon o‘g‘li shu yilning 30 iyulida ishlash uchun Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasiga tanishlari yoniga jo‘nab ketadi.

Akbar Qurbonov u yerda dastlabki bir oy davomida avtomobil qismlari ishlab chiqarish zavodida ishlaydi. Keyin esa onlayn tarzda ish topib beruvchi firmaning haydovchilik uchun yaxshi daromad taklifiga duch keladi. B; C kategoriyadagi haydovchilik guvohnomasiga ega Akbar mazkur e’lon orqali qilingan kelishuvga ishonib, 8 sentyabr kuni yolg‘iz o‘zi Rostov viloyatiga jo‘nab ketadi. Yigit uni oldinda nima kutib turganini hali bilmasdi.

Akbarga haydovchilik ishiga kirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligi va bir oylik harbiy xizmat mavjudligi ma’lum qilinadi. Tirikchilik va bir so‘mni ikki so‘m qilish dardidagi bu yigit mazkur talablardan shubhalanib ham o‘tirmagan va shunchaki ishga kirish talabi sifatida qabul qilgan. O‘sha bir oylik xizmat deb da’vo qilingan vaqt mobaynida Akbarga ishga joylashish uchun shartnoma tuzish kerakligi aytiladi, qog‘ozlarda nima yozilganini tushunmagani uchun ularga qo‘l qo‘yishdan bosh tortganida esa turli jismoniy tazyiqlar o‘tkaziladi, 10 yilga qamab yuborish bilan qo‘rqitiladi va imzo chekishga majburlanadi. U shundagina vaziyat og‘irligini tushunib yetadi va hujjatlarga atayin o‘zgartirib imzo chekadi.

Shundan so‘ng, Akbar Qurbonov harbiy poligonga olib ketiladi. Onaning so‘zlariga ko‘ra, yigit u bilan bog‘lanib turgan qarindoshlari maslahati asosida poligondan qochishga urinadi, biroq qo‘lga tushib qolib, yerto‘laga tashlanadi. Boboyevaning ta’kidlashicha, o‘g‘lida egnidagidan boshqa kiyim ham yo‘q va faqatgina qaynatilgan guruch bilan boqilmoqda. Ammo ona bundan ham yomonrog‘i – jismoniy zo‘ravonliklardan ko‘proq xavotirda. Chunki shunday qiynoqlar ostida Akbarning tishi urib sindirilgan. Buni u yuborgan videolarda ham ko‘rish mumkin.

Hozirda Ukrainaga tegishli Lugansk viloyatining Rossiya tomonidan nazorat qilinayotgan hududida ushlab turilgan Akbar Qurbonovning shaxsiy buyumlari, jumladan qo‘l telefoni ham olib qo‘yilgan. U esa onasi bilan yonidagi musulmon rus yigitning telefoni orqali gaplashib turibdi: Akbarning Rossiyadagi qarindoshlari rus askarining telefon raqamiga pul tashlaydi va u gaplashishga ruxsat beradi. O‘sha yigitning telefonidan yuborilgan videolarda Akbar onasi orqali O‘zbekiston hukumatidan yordam so‘ramoqda.

Ayolning qayd etishicha, u shu vaqtga qadar Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga murojaat yo‘llagan. Bundan tashqari, u eshigini qoqmagan tashkilot yoki vazirlik qolmaganini, jumladan, Tashqi ishlar vazirligiga bir necha kundan beri qatnayotganini, biroq bundan foyda bo‘lmay faqatgina byurokratiya ishlari urchiyotganini da’vo qilmoqda.

Onaning ma’lum qilishicha, hozirda majburan ushlab turilgan yigitga Rossiya fuqaroligini olgach, urushga ketishi ma’lum qilingan. Bundan Rossiya hukumati migrantlarni urushga jo‘natishda puxtaroq yo‘lga o‘tgan, degan xulosa chiqarish mumkin. Urushning dastlabki davridagi fuqarolik berish va’dasi endi migrantlar uchun oldingidek jozibador emas. Chunki tirik qaytishi kafolatlanmagan, mina hududlariga tashlanayotgan yollanma askarlarga Federatsiya fuqaroligi qiziq emas. Qolaversa, ko‘pgina davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda ikki fuqarolik taqiqlangan va shaxs boshqa davlat fuqaroligiga o‘tgan zahoti mamlakat uchun begonaga aylanadi. Bu esa Rossiya uchun hech kim so‘rab-surishtirmaydigan odamni paydo qiladi.

Jang maydonidagi o‘zbekistonliklar

Uch yarim yildan oshiqki davom etayotgan bu urushda nega u yerda ekanini tushunib ham yetmagan minglab askar rolidagi migrantlar halok bo‘ldi va bo‘lmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda yashashni istamaydigan va Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming nafar yoshlar urushga yuborilganini aytib chiqqandi.

“Harbiy tergov boshqarmamiz reydlar o‘tkazmoqda. Rossiyaning 80 ming nafar fuqarosini “ovladik“, ular harbiy harakatlar hududiga borish u yoqda tursin, hatto harbiy komissariatga ham borishni istashmaydi. Bu 80 ming kishini “ovlab“, harbiy ro‘yxatga kiritdik. Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonda yashashni negadir yoqtirmaydigan 20 ming nafar “yosh“ Rossiya fuqarosini jang maydoniga jo‘natdik”, degan edi Bastrikin 19 may kuni Peterburg xalqaro huquq forumida.

Ukrainaning Rossiya tomonida jang qilayotgan va o‘z ixtiyori bilan asir tushishga tayyor askarlarga ko‘maklashuvchi “Xochu jit” loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning boshidan buyon 900 dan ortiq o‘zbekistonlik Rossiya tomonidan urushga yollanishga ulgurgan. Ta’kidlanishicha, hozirga kelib, Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik haqida ma’lumotlar mavjud.

“Tarixda Rossiya imperiyasi o‘z maqsadlari yo‘lida o‘zgalar hayotidan foydalanib kelganiga ko‘plab misollar mavjud. Ammo bugungi davr ayniqsa shafqatsiz. Avvallari ruslar o‘zbeklarni arzon ishchi kuchi sifatida ko‘rgan bo‘lsa, endi ular “go‘sht to‘piga” aylangan. O‘zbeklarning Rossiya jamiyatidagi maqomi o‘zgarmagan: hanuz “ikkinchi toifa” bo‘lib qolmoqda va Putinning imperiyalistik istaklari uchun o‘limga yuborilmoqda. Har bir imzolangan shartnoma – bir yoqlama chipta. O‘zbekiston hukumati buni anglab yetishi va o‘z fuqarolari hayotini himoya qilib, Rossiyaning bu harakatlariga nisbatan keskinroq choralar ko‘rishiga juda umid qilamiz” deyiladi loyihaning Telegram-kanalida.

“Xochu jit” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar urushga jalb etilayotgan xorijliklar orasida eng ko‘p uchrayotgan xalq hisoblanadi. Yodingizda bo‘lsa, loyiha aprel oyida urushda ishtirok etish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ismini e’lon qilgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa bu ma’lumotlarning vakolatli organlar tomonidan tekshirilishini bildirgan. Bosh prokuratura va Adliya vazirligi o‘zbekistonliklar uchun uchinchi davlatlar hududida va ular tomonida harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Ammo bunday ogohlantirishlarga qaramasdan shaxsiy manfaat yoki boshqa maqsadlarda o‘z ixtiyoriga ko‘ra urushga borish yo‘lini tanlayotganlar-ku mayli, ammo tuhmat, zo‘ravonlik yoxud aldanib qolish oqibatida o‘zi istamagan holda jang maydoniga tashlanayotgan va O‘zbekiston hukumatidan yordam kutib yolvorayotganlar taqdiri-chi? Qora qozonini qaynatish ilinjida musofirlikni gardaniga olgan o‘zbekistonliklarning oyoqosti qilinayotgan haq-huquqlari nima bo‘ladi?

Rossiyadagi mustaqil nashr “Vyorstka” xorijliklarning qanday qilib urushga tashlanayotgani haqida e’lon qilgan maqolasida “narsa tashlab, tuhmat qilish bilan qamoqqa olish”, “qo‘rqitish”, “jismoniy zo‘ravonlik” va “ekstremist deb e’lon qilish” kabi usullardan keng foydalanilayotgani yozilgan. Mustaqil nashrning bunday bayonoti yordam so‘rayotgan o‘zbekistonliklarning majburlanish haqidagi iddaolari rostligini ifodalaydi.

Qonunchilikda yollanish uchun jazo qanday?

O‘zbekiston fuqarolari pasportiga unga egalik qiluvchi har bir shaxs davlat himoyasida ekani yozib qo‘yilgan va hukumat chet davlatlarda qiyin vaziyatda qolgan fuqarolariga ko‘mak beradi. Bunga rasmiy manbalarda e’lon qilib boriladigan xabarlar orqali ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Ammo nazarimizda Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etayotgan yoki ettirilayotgan fuqarolar borasida masala anchagina jiddiy tus oladi. Ammo inkor etib bo‘lmaydiki, elchixona yordami yoxud qochish yo‘li bilan, yoki bo‘lmasa jangda yaralanib shifoxonaga tushgach ortga qaytarilayotganlar va qonunchilik asosida jazoga tortilayotganlar ham bor.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, xizmatga yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“Rossiyaga bormang...”

QALAMPIR.UZ shu vaqtgacha bir necha sonlardan iborat “Rossiyaga bormang” ruknida ko‘rsatuvlar tayyorlab, e’lon qildi. Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlar ham rossiyaliklarning millatchilik asosidagi nomaqbul harakatlaridan jabrlanayotgan, maxsus kuchlarning noinsoniy munosabatlaridan aziyat chekayotgan o‘zbekistonliklar aks etgan kadrlarga to‘lib toshgan. Qolaversa, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov va jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘ja kabi bir qancha jamoatchilik faollari tomonidan ham o’zbekistonliklar Rossiyaga bormaslikka chaqirilgan.

Masalan, Qudratxo‘ja migrantlarga qarshi o‘tkazilayotgan reydlar va kuch ishlatar tuzilmalarining mehnat muhojirlariga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlari aks etgan videolardan biriga bildirgan munosabatida “Rossiyaga bormanglar, u yerda sizni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi”, degan edi.

“Yoshlarimizga aytmoqchimanki, yigitlar, qizlar, shu Rossiyaga bormanglar, u yerda sizlarni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi. Rossiyada sizni qadrlashmaydi, aksincha, oyoqosti qilishadi. Vaholanki, o‘zining xalqi qilmaydigan eng og‘ir ishni sizlar qilyapsizlar, afsuski, evaziga shunday “mukofot” olyapsizlar!”, deb yozgan jurnalist.

XXI asrda muhojirlarni emaklatib, ularni xuddi quldek, qo‘llarini bir-birining yelkasiga qo‘ydirib, jonli zanjirdek qatorlashtirib tekshirish insoniylikka zid emasmi? Bu muhojirlarga qilinayotgan g‘ayriinsoniy qadriyatlar, inson sha’ni va qadr-qimmatini toptash Kremldagi imperialistik tafakkurdagi siyosatchilar hamda vazirlar tomonidan siyosiy doiraga ham ko‘chirilgani yanada achinarli.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Ukraina Rossiya va Ukraina urushi Rossiyaga bormang

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing