Qozog‘istonda sportchilarga so‘kinish taqiqlanadi
Sport
−
10 iyul 2202 2 daqiqa
Qozog‘istonda sportchilar, murabbiylar va sport hakamlariga so‘kinish hamda o‘z diniy e’tiqodini namoyish etish taqiqlandi. Shuningdek, boshqalarni diniy birlashmalarda ishtirok etishga majburlash va missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanish ham man etiladi. Bu haqda joriy yilning 8 iyulida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasi Turizm va sport vaziri Erbol Mirzabosinovning “Qozog‘iston Respublikasining sport etikasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘ida so‘z boradi.
“Sport etikasi” hujjati atigi ikki bo‘limdan iborat: umumiy qoidalar va xulq-atvor qoidalari. Birinchi bo‘limda murabbiy, hakam, musobaqa, sport tadbiri va sport etikasi tushunchalariga ta’rif beriladi. So‘nggisi – sportchilar, murabbiylar, murabbiy-o‘qituvchilar va sport hakamlarining xulq-atvori uchun belgilangan qoidalar.
Aytilganidek, ikkinchi bo‘limda xulq-atvor qoidalari tartibga solinadi. Sportchilarga so‘kinish, mashg‘ulotlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish, Qozog‘iston obro‘siga putur yetkazish, biror kishiga tahdid qilish taqiqlanadi. Sportchilar ommaviy joylarda spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda bo‘lishni ham o‘z ichiga olgan ijtimoiy odob-axloqqa zid harakatlardan tiyilishi kerak. Qozog‘iston sharafini himoya qilayotgan sportchilar raqiblar, tomoshabinlar, tashkilotchilar, ko‘ngillilarni hurmat qilishi, kamsitish va siyosiy namoyishlardan tiyilishlari shart.
Sportchilar madhiyani ijro etish vaqtida axloq me’yorlariga rioya qilishi, hakamlarning qarorlariga hurmat bilan yondashishi, omma oldida tortishuvlardan qochishi, OAV vakillari bilan hurmat asosida muloqot qilishi va boshqa sportchilar uchun o‘rnak bo‘lishi lozim. Hujjat e’lon qilinganidan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Live
Barchasi