Qozog‘istonda saklar davriga oid noyob buyumlar topildi

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota viloyati Uyg‘ur tumanida joylashgan Tog‘izbuloq qishlog‘i yaqinidagi qadimiy qabrlar hududida Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti arxeologlari tomonidan Sak davriga oid noyob oltin zargarlik buyumlari topildi. Bu haqda Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligiga tayanib, “Kazinform” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ilk temir davriga oid Tog‘izbuloq-1 va Tog‘izbuloq-2 qabristonlaridagi 50 dan ortiq qabr ustida olib borilgan dala qazishmalarida muhim topilmalar aniqlangan. Tarix fanlari doktori, professor Dosbol Bayg‘unakovning so‘zlariga ko‘ra, qazishmalar chog‘ida oltita qabr ochilgan. Ayniqsa, Tog‘izbuloq-1 qabristonining 3- va 4-raqamli qabrlarida erkak va ayol suyaklari, sopol idishlar, temir buyumlar, oltin zanjir bo‘lagi va boshqa buyumlar topilgan.
 
Asosiy e’tiborni esa 3-raqamli qabrda topilgan, deyarli 8 gramm og‘irlikdagi sher tasviri tushirilgan oltin uzuk jalb qilgan.

“Bunday artefaktlar juda noyob sanaladi. Uzuk sof quyma oltindan yasalgan. Undagi sher tasviri sinkretizm bilan bog‘liq. Bir qarashda unda ayol yuzi, sher basharasi va yelkasidagi yelvizak (yoki hatto buqa yoki qo‘y) obrazlari ko‘rinadi. Bu esa qadimiy qabilalarda keng tarqalgan diniy kultlarni eslatadi”, deyiladi Fan va oliy ta’lim vazirligi bayonotida.

Mutaxassislarning fikricha, bunday dafn marosimlari va artefaktlar Sak qabilalariga xos bo‘lib, topilmalar taxminan miloddan avvalgi IV-III asrlarga tegishli.

“Tog‘izbuloq-1 va Tog‘izbuloq-2 qabristonlarida topilgan boylik majmualari ilk temir davriga oid bo‘lib, hozirgi Uyg‘ur tumani hududi qadimda Sak madaniyatining markazlaridan biri bo‘lganini tasdiqlaydi”, deyiladi rasmiy axborotda.

Uyg‘ur tumani hokimining o‘rinbosari Erasul Tolimbekulining aytishicha, topilgan oltin buyumlar ba’zi tarixchilarning fikricha, miloddan avvalgi II asrga oid Uysun davriga tegishli bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadqiqotchilar 3 asr muqaddam Britaniya qirolligi dengiz floti dahshatli zarba berib,  Karib dengizi tubiga cho‘ktirgan Ispaniya “toji” – oltin, kumush va zumradlarga to‘la harbiy kemaning so‘nggi manzili haqida eng aniq dalillar topilganini da’vo qilayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Sak davri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing