“118 ta qishloqqa internet umuman yetib bormagan”. Mirziyoyev IT sohasidagi muammolarni birma-bir sanadi
Jamiyat
−
14 aprel 2022 9412 2 daqiqa
O‘zbekistondagi 118 ta olis qishloqlarga aloqa tizimi va internet umuman yetib bormagan. Magistral avtomobil yo‘llarning atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 aprel kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohada 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
“Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni "drayver" sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik. Bir narsani aniq tushunish kerak. Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda IT sohasida yechimini kutayotgan muammolar va ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi qayd etildi. Prezidentga ko‘ra:
• hududlarning optik tolali internet bilan qamrab olish darajasi past - 72 foiz;
• 118 ta olis qishloqlarga aloqa tizimi va internet umuman yetib bormagan. Shuningdek, magistral avtomobil yo‘llarning atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Umuman, hududlarda internet sifati va tezligi pastligicha qolmoqda;
• “O‘zbektelekom”ning daromadlari va samaradorligi boshqa mamlakatlar kommunikatsiya kompaniyalaridan ancha past.
Ta’kidlanishicha, bundan tashqari yechimini kutib turgan yana bir nechta muammolar bor. Xususan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi doirasida vazirlik va tarmoqlarning 11 ta loyihasi kechikmoqda.
Jumladan, Transport va Moliya vazirliklarida – 3 tadan, Investitsiya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Kadastr agentligi, Milliy bank, “O‘zagrosug‘urta”da – 1 tadan.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, bugungi kunda ayrim vazirlik va idoralar eski, ishonchsiz va o‘zaro integratsiya qilinmagan axborot tizimlaridan foydalanmoqda. Hududlarda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar bir maromda emas. IT xizmatlarining 90 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Eng og‘ir holat Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda. Shu bilan birga, 46 ta hududiy loyiha ijrosi kechikmoqda.
Live
Barchasi