Qirg‘izistonda sanksiya xavfi sababli 50 ta kompaniya yopiladi
Olam
−
11 iyun 3444 3 daqiqa
Qirg‘iziston yuqori sanksiya xavfi bo‘lgan operatsiyalarga aralashib qolgan 50 ta yuridik shaxsni tugatish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda. Bu haqda mamlakat Prezidentining sanksiya siyosati masalalari bo‘yicha maxsus vakili, Iqtisodiyot va tijorat vaziri Baqit Siddiqov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yildan buyon respublika sanksiya rejimiga rioya qilish va xalqaro cheklovlarni aylanib o‘tishning oldini olish masalalari bo‘yicha AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya bilan faol muloqot olib bormoqda.
“G‘arblik hamkorlarning so‘roviga ko‘ra, hozirgi vaqtda ularning fikricha, yuqori sanksiya xavfi bo‘lgan operatsiyalarga aralashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan 50 ta yuridik shaxsni tugatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deydi Siddiqov.
U Qirg‘iziston moliya-iqtisod tizimining shaffofligi siyosatiga sodiq ekanini hamda mamlakat hududi, moliyaviy infratuzilmasi va iqtisodiyotning alohida tarmoqlaridan sanksiyalarni aylanib o‘tish hamda noqonuniy faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanilishining oldini olish choralarini ko‘rayotganini bildirgan.
Hukumat virtual aktivlar va kriptoaktivlar bozoriga alohida e’tibor qaratmoqda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, raqamli moliyaviy texnologiyalarning rivojlanishi iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar ochadi, biroq shu bilan birga daromadlarni legallashtirish, noqonuniy faoliyatni moliyalashtirish va sanksiya cheklovlarini aylanib o‘tish bilan bog‘liq xavflarni ham yuzaga keltiradi.
Mamlakatda nazoratni kuchaytirish maqsadida Qirg‘iziston Prezidenti huzurida Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha milliy agentlik tashkil etilgan. Vazir Qirg‘iziston sanksiya rejimiga rioya qilish, noqonuniy moliyaviy operatsiyalarga qarshi kurashish va global moliyaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalarida xalqaro hamkorlar, moliyaviy institutlar va regulyatorlar bilan bundan buyon ham hamkorlik qilish niyatida ekanligini qayd etgan.
Baqit Siddiqov respublika sanksiya siyosatiga nisbatan xolis va muvozanatli yondashuv tarafdori ekanini hamda cheklovchi choralarning oqibatlari uchinchi davlatlar va xalqaro savdoning halol ishtirokchilariga asossiz ravishda tarqalmasligi kerak deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiyaga qarshi cheklovlarni aylanib o‘tishdagi gumonlar sababli uchinchi davlatlar kompaniyalari ham xalqaro sanksiyalarga uchray boshladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi o‘zining 20-sanksiyalar paketi doirasida Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan “TengriCoin” kriptoplatformasi, “Keremet Bank” va “Kapital Bank”ka nisbatan cheklovlar joriy qilgan. Bundan tashqari, respublikaga sonli dasturli boshqaruvga ega metall kesish stanoklari va murakkab kommunikatsiya uskunalarini yetkazib berish butunlay taqiqlangan.
2024 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda AQSH, Buyuk Britaniya, YeI va Kanadaning turli cheklovchi choralari ostiga Qirg‘izistonning bir nechta tijorat tuzilmalari tushib ulgurgan. Ular qatorida “Markaziy Osiyo Kapital Banki”, “Tolubay” va “Yevroosiyo jamg‘arma banki”, “A7” to‘lov platformasi, “Grinex” va “Meer” kriptobirjalari bor. Xalqaro hamkorlar respublikaning xususiy kompaniyalariga nisbatan ilk sanksiyalarni 2024 yilning iyun oyida qo‘llagan.
Qirg‘iziston rasmiylari mahalliy banklarga nisbatan sanksiyalarning qo‘llanilishi mutlaqo asossiz ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Prezident Sadir Japarov BMT minbaridan turib G‘arbni respublikaga nisbatan iqtisodiy cheklovlar uchun tanqid qilgan. Mamlakat rahbari bunday qadamlarni davlatning ichki ishlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish va endigina shakllanayotgan milliy iqtisodiyot rivojlanishiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi bosim deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya “Rossiya sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun foydalanayotgan” 15 ta kompaniya va uch nafar jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. Ular orasida Qirg‘iziston kompaniyalari ham bor edi.
Live
Barchasi