Qirg‘iz-tojik mojarosi: Bishkek otishmalar bo‘yicha jinoiy ish ochdi
Olam
−
19 Sentabr 2022
6072Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Tojikiston bilan chegaradagi qurolli mojarodan keyin jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Mamlakat IIVning bugun, 19 sentyabr kuni ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining tinchlikka qarshi moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Botken viloyatida Tojikiston tomonidan hujumga sabab bo‘lgan holatlarni har tomonlama va chuqur o‘rganish uchun idoralararo tergov guruhi tuzildi. Guruh tarkibiga Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Harbiy prokuratura, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari vakillari kiritilgan. Tuzilgan guruh jabrlangan qishloqlarni o‘rganmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, agentlik xabar berishicha, ayni paytda ikki davlat Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat qo‘shma patrullar tomonidan chegara hududidagi aholi o‘rtasida huquq-tartibotni muhofaza qilish va saqlash bo‘yicha kechayu kunduz tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘z navbatida, Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulov Tojikiston bilan olib borilgan jangovar harakatlar natijasida 40 nafar qirg‘izistonlik harbiy halok bo‘lgan, yana 70 nafari yaralanganini ma’lum qildi. U Tojikiston tomonini 14 sentyabrda boshlangan mojaroga oldindan tayyorlanganlikda aybladi.
“Ular oldindan qazishni, xandaq qazishni boshladilar, agressiyaga tayyorgarlikning barcha belgilari bor edi”, deydi u.
Imonqulov, shuningdek, mojaroda ishtirok etgan tojik harbiylari orasida xalqaro terrorchi tashkilotlar vakillari va xorijlik yollanma askarlar ham bo‘lganini da’vo qilmoqda.
“Hududimizga bostirib kirgan tojik qurolli kuchlari tomonida fuqaro kiyimida, qo‘llarida qurol-yarog‘ kiygan, turli yo‘nalishlarda ham uylarga, ham tinch aholiga o‘q uzgan soqolli odamlar bor edi”, deydi u.
Xavfsizlik kengashi kotibiga ko‘ra, bu shaxslardan biri Afg‘oniston fuqarosi ekani aniqlangan.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi.
Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.
Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.
LiveBarchasi