Qatarda vertolyot qulashi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
23 mart 3150 2 daqiqa
Kecha, 22 mart kuni Qatar-Turkiya qo‘shma qo‘mondonligi tarkibida o‘quv faoliyatini olib borayotgan Qatar Qurolli kuchlariga tegishli vertolyot qulashi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisada vertolyotda bo‘lgan 4 nafar Qatar kurolli kuchlari xodimi, 1 nafar Turkiya Qurolli kuchlari xodimi va 2 nafar ASELSAN texnik xodimi halok bo‘lgan.
Turkiya Milliy Mudofaa vazirligi Qatar-Turkiya Qo‘shma Qo‘mondonligi tarkibida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borayotgan Qatar Qurolli kuchlariga tegishli vertolyot texnik nosozlik sababli halokatga uchrab, dengizga qulagani bildirilgan.
“Boshlangan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida vertolyot qoldiqlari va xodimlarimizning jasadlariga yetib borildi. Halokatda vertolyotda bo‘lgan 4 nafar Qatar Qurolli kuchlari xodimi, 1 nafar Turkiya Qurolli kuchlari xodimi va 2 nafar ASELSAN texnik xodimi shahid bo‘lgan. Halokatning aniq sababi Qatar rasmiylari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv natijasida aniqlanadi.
Ushbu og‘ir hodisada hayotdan ko‘z yumgan barcha shahidlarimizga Allohdan rahmat, oilalariga sabr, Turkiya Qurolli kuchlariga, Qatar Qurolli kuchlariga, ASELSAN’ga, turk xalqiga va birodar Qatar xalqiga hamdardlik bildiramiz”, deyiladi bayonotda.
Qatar Ichki ishlar vazirligi vertolyot halokatidan keyin olib borilayotgan qidiruv-qutqaruv ishlari haqida bayonot bergan. Unda vertolyot texnik nosozlik sababli qulagani va 7 kishidan 6 nafarining jasadi topilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, qidiruv-qutqaruv ishlari davomida Qatar Qurolli kuchlari a’zosi kapitan uchuvchi Said Nosir Simeyhning ham halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Air Canada aviakompaniyasiga tegishli samolyot La-Guardiya aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida o‘t o‘chirish mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. Ushbu hodisa oqibatida ekipaj komandiri va ikkinchi uchuvchi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi