Qashqadaryoda FVV xodimi cho‘kayotgan bolani qutqarib qoldi (video)
Jamiyat
−
24 may 8570 1 daqiqa
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ofitseri Qashqadaryo daryosida cho‘kayotgan 9 yoshli bolani qutqarib qoldi. Bu haqda vazirlikning Telegramʼdagi sahifasida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa kecha, 23 may kuni taxminan soat 17:00 larda Kitob tumanining “Bog‘bon” mahallasida sodir bo‘lgan. 9 yoshli bola velosiped minib ketayotib, muvozanatini yo‘qotishi oqibatida Qashqadaryo daryosiga tushib ketgan.
Buni ko‘rgan bolaning akasi atrofdagilarni baland ovozda yordamga chaqira boshlagan. Bolalarning ovozini daryo yaqinida istiqomat qiluvchi FVV xodimi — mayor Husniddin Sharapov eshitib qolgan va zudlik bilan daryoga sakrab, bolani qutqarib qolgan. Hozirda bola uyida. Uning ahvoli yaxshi.
Ma’lumot uchun, mayor Husniddin Sharapov Kitob tumanidagi qutqaruv qismlaridan birida guruh komandiri lavozimida xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi Ohangaron daryosida oqimda qolib ketgan ayol qutqarilgandi.
Live
Barchasi