Iyul oyida O‘zbekistonda havo harorati me’yoridan yuqori bo‘ladi

Bu qiziq

image

O‘zbekistonda joriy yilning iyul oyida havo harorati me’yoridan yuqori bo‘lishi, ayrim hududlarda esa 45 darajagacha yetishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet e’lon qilgan ob-havo prognozi ma’lumotida keltirilgan.

Unga ko‘ra, iyul oyining dastlabki besh kunida kunduzgi harorat 30–35 daraja, janubda 36–39 daraja atrofida bo‘ladi. Shundan so‘ng harorat asta-sekin ko‘tarilib, oyning birinchi o‘n kunligi oxiriga borib 37–40 darajaga, janubiy hududlarda esa 41–43 darajagacha yetadi.

Oyning qolgan qismida kunduzgi harorat asosan 33–43 daraja oralig‘ida bo‘lishi, respublikaning shimoliy, cho‘l va janubiy hududlarining ayrim joylarida esa 45 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Kechalari havo harorati 20–25 daraja, janubda 25–27 daraja, shimol va cho‘l hududlarida esa 27–30 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyidagi o‘rtacha harorat iqlimiy me’yordan 1,5–2 darajaga yuqori bo‘ladi. Janubda bu ko‘rsatkich 2–2,5 darajani, shimol va cho‘l hududlarida esa 2,5–3 darajani tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Iyul oyida respublikaning aksariyat hududlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanadi. Faqat ayrim kunlari tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Oylik yog‘ingarchilik miqdori esa me’yordan kam bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 iyun kuni Toshkent shahrida kuchli shamol kuzatilayotgani sababli chang-to‘zon ko‘tarilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing