Italiyada G‘azo aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda (video)
Olam
−
23 Sentabr 2025 2484 2 daqiqa
Italiya aholisi G‘azo sektori aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chada namoyishlar o‘tkazib, umummilliy ishtashlash qilmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Italiya kasaba uyushmalari tomonidan uyushtirilgan eng yirik norozilik namoyishi bo‘lib, G‘azo aholisiga va urushdan vayron bo‘lgan hududlarga yordam yetkazmoqchi bo‘lgan “Global Sumud” xalqaro gumanitar missiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Bildirilishicha, ishtashlash o‘tgan haftada e’lon qilingan va shu hafta boshida boshlangan. Bu noroziliklar ham xususiy, ham davlat sektoriga, shu jumladan, dengiz transporti, logistika va ta’lim sohalariga ta’sir ko‘rsatgan. Bundan tashqari, temiryo‘l tarmog‘ida ham ishchilar soni sezilarli darajada kamaygan.
Italiya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, asosiy noroziliklar Italiyaning poytaxti Rimda bo‘lib o‘tgan va 100 mingdan ortiq kishi, jumladan, talabalar, kasaba uyushmalari faollari va Falastin tarafdorlari ko‘chalarda namoyish o‘tkazgan. Shuningdek, Milan va Venetsiyada namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan.
“Ishtirokchilar Italiya hukumatidan Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishni, sanksiyalar qo‘llashni va G‘azodagi harbiy operatsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyani egallashni talab qildi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir guruh faollar BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Nyu-Yorkdagi rasmiy qarorgohi oldida G‘azo sektoridagi ocharchilikni to‘xtatishga chaqirib, norozilik namoyishi o‘tkazgandi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi