Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

“It’s time!”, “Omad siz va bizni aslo tark etmasin” – Sport ovozlari (1-qism)

Sport

image

Sport sharhlovchisi – sport musobaqalari va voqealarini jonli efirda yoki tahliliy ko‘rsatuvlarda tavsiflab, muxlislarga tushunarli va qiziqarli tarzda yetkazib beruvchi mutaxassis. Sport dunyosida shunday sharhlovchilar borki, ular o‘z ovozi bilan minglab, millionlab muxlislar va tomoshabinlarning qalbidan o‘rin olgan. Bugun biz esa dunyoga mashhur sport sharhlovchi va boshlovchilari haqida so‘z ochib,  ularning yorqin faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Maykl Baffer

Maykl Baffer – mashhur amerikalik ring anonseri bo‘lib, u asosan boks va kurash musobaqalaridagi anonslari bilan tanilgan. Uning eng mashhur iborasi – “Let’s Get Ready to Rumble!” bo‘lib, bu ibora bilan dunyoga tanilgan hamda brend darajasiga chiqqan.  Baffer 1980 yillarda ring anonserligini boshlagan va tezda mashhurlikka erishgan. Uning ovozi va uslubi boks olamidagi eng ta’sirlilaridan biri hisoblanadi. Maykl o‘zining mashhur iborasiga mualliflik huquqini rasmiylashtirib, bu brend orqali 400 million dollar daromad qilgan. U nafaqat boks, balki WWE kurash shoulari, “NASCAR” poygalari, hatto kino va video o‘yinlarda ham faoliyat olib borgan. Uning ukasi Bryus ham o‘z ovozi orqali ancha mashhurlikka erishgan. Bryus haqida yana to‘xtalamiz.

Maykl Bafferning eng mashhur iborasi “Let’s Get Ready to Rumble!”ni ilk marta 1980 yilning boshida qo‘llagan va 1992 yilga kelib esa mazkur iborani mualliflik huquqi asosida patentlagan. Bu ibora orqali u katta moliyaviy muvaffaqiyatga erishgan, chunki uning turli sohalarda qo‘llanilishi orqali litsenziya daromadlarini qo‘lga kiritgan.

Bryus Baffer

Bryus Baffer – UFC (Ultimate Fighting Championship) musobaqalarining asosiy ring anonseri va dunyodagi eng mashhur sport diktorlaridan biri. Uning “It’s time!” degan mashhur iborasi UFC janglarining ajralmas qismiga aylangan. Baffer 1996 yilda UFC’da anonserlik qilishni boshlagan va shu kungacha ushbu promoushenning eng asosiy ovozlaridan biri hisoblanadi. U jangchilarni o‘ziga xos uslubda tanishtirishi va energiyaga boy chiqishlari bilan muxlislar orasida mashhur. Bryus nafaqat UFC uchun, balki boshqa katta sport tadbirlarida ham anonserlik qiladi. U poker musobaqalari, kurash musobaqalari va hatto futbol finallarida ham qatnashgan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Bryus Maykl Bafferning ukasi hisoblanadi. Aka-uka “Buffer Partnership” kompaniyasiga asos solgan.

Bryus Baffer jangchilarni tanishtirish chog‘ida harakatlari va emotsiyalari bilan o‘zgacha hayratlanarli muhit yaratadi. Shu sababdan, uning “It’s Time!” iborasi UFC tarixidagi eng mashhur so‘zlardan biriga aylangan. Bryus Baffer nafaqat UFC musobaqalaridagi ajralmas shaxs, balki sport shoumeni sifatida butun dunyoda mashhur shaxslardan biri.

Nikolay Ozerov

Nikolay Ozerov – SSSR davridagi mashhur sport sharhlovchisi, teatr va kino aktyori. Uning ovozi sport muxlislari uchun afsonaga aylangan. Ozerov 30 yildan ortiq vaqt mobaynida SSSR televideniyesi va radiosida futbol va xokkey o‘yinlarini sharhlab borgan. Uning ehtirosli va samimiy ovozi millionlab muxlislar qalbidan joy olgan. Sharhlovchining eng mashhur iborasi bu “Takoy xokkey nam ne nujen!”, ya’ni “bunday xokkey bizga kerak emas!” bo‘lib, ushbu iborani u 1987 yilda SSSR-Kanada o‘rtasidagi o‘yin davomida aytgan. Bu ibora xokkeydagi haddan ortiq qilingan qo‘polliklarga qarshi so‘zlangan.

Shuningdek, Ozerov tennis bo‘yicha yoshlar o‘rtasida SSSR chempioni bo‘lgan. Sportdan tashqari u Moskvadagi Vaxtangov teatrida aktyor sifatida ham faoliyat yuritgan. 1986 yilda SSSR xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan. Nikolay Ozerov nafaqat sport sharhlovchisi, balki jamoat arbobi sifatida ham katta iz qoldirgan shaxsdir. Uning ovozi sovet sport tarixi bilan chambarchas bog‘liq.

Axbor Imomxo‘jayev

Axbor Imomxo‘jayev o‘zbek sport sharhlovchilarining “otasi”. Respublika toifasidagi futbol hakami va pedagog. U 1956 yilda “Paxtakor” stadionida o‘zbek tilida sharhlashni boshlagan. 1960 yilda televideniye orqali ilk sharhini amalga oshirgan.

Shuningdek, Axbor Imomxo‘jayev “Futbol quvonchim, dardim, faxrim”, “Maftuningman, futbol”, “O‘zbegimning Mirjaloli”, “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” kabi asarlar muallifi. 2022 yilning 30 may kuni Axbor Imomxo‘jayev 86 yoshida Toshkentda vafot etdi. Axbor Imomxo‘jayev o‘zbek sport jurnalistikasi va sharhlovchilik maktabining asoschisi hisoblanadi. Uning xizmatlari o‘zbek sporti tarixida muhim o‘rin tutadi.

Mirzahakim To‘xtamirzayev

Mirzahakim To‘xtamirzayev O‘zbekistonning taniqli sport sharhlovchi va jurnalistlaridan biri. U 1992 yildan boshlab televideniyeda futbol o‘yinlarini sharhlashni boshlagan va o‘zining boy tajribasi hamda yorqin ovozi bilan muxlislar orasida hurmat qozongan.

Mirzahakim To‘xtamirzayev “O‘zbekiston futboli”, “Sport” va “Sport +” gazetalarida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu sharhlovchining har bir o‘yindan keyin “Omad siz va bizni aslo tark etmasin” iborasi muxlislar orasida ancha mashhur.

Bir muddat televideniyedagi sharhlovchilik faoliyatida tanaffusga chiqqanidan so‘ng, 2018 yilda “Uzreport TV” va “Futbol TV” telekanallari bilan hamkorlikda yana sevimli mashg‘ulotiga qaytdi. U “Real” va “Rayo Valekano” o‘rtasidagi uchrashuvni jonli efirda sharhlab, muxlislar bilan yana zangori ekran ortidan ko‘rishdi.

Sharhlovchilik, boshlovchilik maktabining tajribali insonlari shu sohaga qiziquvchi yosh avlod uchun katta motivatsiya va namuna bo‘lib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing