Issiq havo tufayli Parij va London o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasi uzildi

Olam

image

G‘arbiy Yevropada kuzatilayotgan anomal issiqlik tufayli “Eurostar” kompaniyasi Parij-London yo‘nalishi bo‘yicha bir nechta poyezdlar qatnovi bekor qilinganini e’lon qildi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.

Qayd etilishicha, relslarning deformatsiyalanishi (shakli o‘zgarishi) va uskunalarning qizib ketishining oldini olish maqsadida tezlikni cheklash choralari joriy etilmoqda. Yo‘lovchilardan faqat o‘ta zarur bo‘lgan hollardagina safarga chiqish so‘ralgan. Xuddi shunday choralar Fransiyaning SNCF temir yo‘l operatori tomonidan ham ko‘rilmoqda – u yerda infratuzilmaga yetkazadigan xavflar tufayli o‘nlab “Intercites” poyezdlari bekor qilingan.

Fransiyada ayni paytda butun mamlakat bo‘ylab havo harorati o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 10 °C yuqori bo‘lib, ko‘plab hududlarda +40 °C ga yetmoqda. Mamlakatning aksariyat departamentlarida maksimal – xavfning “qizil” darajasi amal qilmoqda. Buyuk Britaniyada ham “qizil” darajadagi xavf e’lon qilingan.

“Meteo-France” ma’lumotlariga ko‘ra, 23 iyun kuni Fransiyada 1947 yildan beri eng issiq kun bo‘ldi – butun mamlakat bo‘yicha o‘rtacha harorat +29,8 °C ni tashkil etdi. Britaniyaning “Met Office” meteorologiya xizmati esa Angliya janubida havo haroratining eng yuqori nuqtasi +40 °C gacha chiqishini prognoz qilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing