Ispaniyadagi inflyatsiya ortidan aholi och qolmoqda

Olam

image

Pandemiya boshida Madrid bo‘ylab paydo bo‘lgan "ochlik navbatlari" so‘nggi oylarda inflyatsiyaning o‘sishi bilan yanada uzaydi. Butun mamlakatda muhtoj oilalar soni Ukrainada urush boshlangandan beri kun sayin ortib bormoqda. Turli xayriya tashkilotlari tang ahvoldagi aholiga yordam berish uchun oziq-ovqat tarqatmoqda. Bu haqda “Euronews” yozdi.

Shunday tashkilotlardan biri bo‘lgan Aluche o‘zaro yordam tarmog‘i hozirda 350 oilaga yordam berib kelmoqda, uyushma oziq-ovqat banki yordamida haftasiga yetti tonna oziq-ovqat tarqatmoqda.

“Qabul qiluvchilarning ba’zilari daromadga ega emas. Kam nafaqaga ega pensionerlar yoki ishlayotgan, lekin maoshi yetarli bo‘lmagan odamlar ko‘payib bormoqda. Ayrim oilalar uchun hatto bir litr zaytun moyi yoki bir kilogramm yasmiq sotib olish qiyin bo‘lib qoldi”, deydi uyushma vitse-prezidenti Elena Bermejo.

Ispaniyaning chap qanot hukumati so‘nggi oylarda odamlarga ijtimoiy yordam berish uchun choralar ko‘rdi. Ammo ijtimoiy himoya guruhlari bu yetarli emasligini aytishadi.

“Inflyatsiya darajasining oshishi bilan xayriyalar ham kamayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Muammo shundaki, narxlar oshishi biz sotib oladigan oziq-ovqat miqdorining ham kamayishiga sabab bo‘ladi”, deydi Ispaniya oziq-ovqat banklari federatsiyasi vakili Luis Migel Ruperes. 

Federatsiya Madridda 186 000 dan ortiq va butun Ispaniyada 1,35 million kishiga yordam beradi – bu deyarli Barselona shahriga teng. Ammo tashkilot yanvar oyidan beri 125 ming tonna oziq-ovqat yig‘a olgan, o‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 131 ming tonnaga teng edi.

Ispaniya Milliy Statistika Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida oziq-ovqat narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,4 foizga oshgan, bu qariyb 30 yil ichidagi eng yomon ko‘rsatkichdir. Hatto, shakar narxi 42,8 foizga, sabzavotlar esa 25,7 foizga qimmatlashgan.

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing