Islomobodda va Andijonda Boburga haykal qo‘yiladi
Jamiyat
−
19:02 868 2 daqiqa
Pokistonning Islomobod shahrida va Andijon viloyatidagi Bobur shahrida Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Bu haqda bugun, 20 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan turli sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, davlat rahbariga Andijon viloyati Bobur shahrida barpo etiladigan me’moriy ansambl tarkibida buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan muhtasham haykal o‘rnatish loyihasi taqdimot qilingan.

Buyuk ajdod xotirasini munosib ulug‘lash, uning boy ilmiy-adabiy merosi, davlatchilik tafakkuri va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasini yosh avlodga chuqur yetkazish maqsadida ushbu yodgorlikni alohida mazmun va badiiy yechim asosida yaratishga alohida berilmoqda.
Prezidentga bo‘lajak haykalning eskizlari, kompozitsion yechimi va Bobur siymosini aks ettirish bo‘yicha ilmiy-badiiy yondashuvlar haqida axborot berilgan. Qayd etilishicha, buyuk tarixiy shaxs obrazi mamlakat olimlari tomonidan xorijiy hamkasblar bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar, ko‘plab tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, miniatyuralar va madaniy meros namunalarini chuqur o‘rganish asosida yaratilmoqda.
Shu bilan birga, Prezidentning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi bog‘lardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan atalgan edi. Mazkur bog‘da ham Zahiriddin Muhammad Boburga o‘rnatiladigan haykal loyihasi ko‘rib chiqilgan.
Davlat rahbari yodgorliklarni yaratishda Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini nafaqat buyuk adib va shoir, balki mohir sarkarda, qudratli davlat asoschisi va donishmand hukmdor sifatida teran ochib berish zarurligini ta’kidlagan. Uning irodasi, davlatchilik salohiyati, yuksak ma’naviyati va bunyodkorlik g‘oyalari haykalning umumiy qiyofasida yaqqol ifoda topishi lozimligi qayd etilgan.

Prezidentga Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, Buxoro shahrida turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish, tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilish yuzasidan ishlab chiqilayotgan loyihalar to‘g‘risida ham axborot berilgan.
Davlat rahbari loyihalarni yanada takomillashtirib, ilg‘or tajriba asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Live
Barchasi