Ish vaqtidan tashqari ishlaganlarga 2 emas 1,5 baravar haq to‘lash taklif qilinmoqda

Jamiyat

image

Kecha, 26 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda Ekologik partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligini yiliga 120 soatdan oshirish mumkin emasligi hamda ish vaqtidan tashqari ish uchun xodimga kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lash belgilangani ushbu mexanizmning ish beruvchilar o‘rtasida keng ommalashmaganiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga doir o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishga xodimni jalb etish yiliga 120 soatdan oshmasligi kerakligi haqidagi norma Mehnat kodeksidan chiqarib yuborilmoqda. Shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda dastlabki 2 soati uchun kamida 1,5 hissa miqdorida, 2 soatdan ortiq qismi uchun esa kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilanmoqda.

Bunda mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilganda har bir soati uchun kamida 2 hissa miqdorda haq to‘lanishi nazarda tutilmoqda.

Bildirilishicha, muhokama so‘ngida qonun loyihasi yuzasidan fraksiya a’zolari tomonidan tavsiyalar bildirilib, loyiha qo‘llab-quvvatlangan.

Ma’lumot uchun, Mehnat kodeksining 189-moddasiga (ish vaqtidan tashqari ish) ko‘ra, ish beruvchi tomonidan xodimni xodim uchun belgilangan ish vaqti davomiyligidan tashqari ishga jalb etish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. 262-moddaga (ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash) ko‘ra esa ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Mehnat kodeksi Ish vaqtidan tashqari ish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing