Ilhom Aliyev Si Szinpinni yo‘qlab bordi
Olam
−
24 aprel 4285 2 daqiqa
Kecha, 23 aprel kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Xitoy Raisi Si Szinpin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv avvalida Xitoy Raisi Ozarbayjonning taraqqiyoti va yutuqlarini qayd etgan.
Suhbat chog‘ida o‘tgan yili Ostonada qabul qilingan mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya tilga olingan.
Mamlakatlarning xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa institutlar doirasidagi hamkorligi masalalariga to‘xtalib o‘tilgan.
Xitoy Raisi Ozarbayjonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga raisligidan mamnunligini bildirib, bu yo‘nalishda hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlagan.
Uchrashuvda, shuningdek, Ozarbayjon va Xitoy har doim bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlab kelgani ta’kidlangan. Ozarbayjon Prezidenti “Yagona Xitoy” siyosatini doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va Tayvanda o‘tkazilgan saylovlarni keskin qoralagan. Ozarbayjon va Xitoy rahbarlari terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurash masalalarini ham muhokama qilgan.
Shundan so‘ng tomonlar qayta tiklanadigan energiya sohasida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyodga oshgani ijobiy baholangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Suriya Arab Respublikasining o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi.
Live
Barchasi