Guterrish rivojlanayotgan mamlakatlarga har yili 100 mlrd berishni taklif qildi
Olam
−
26 Oktabr 2021 4739 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish uchun har yili 100 milliard dollar ajratishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ta’kidlagan.
“Tabiatni saqlab qolish borasidagi maqsadlarga erishish uchun biz rivojlanayotgan dunyo mamlakatlariga iqlim muammolarini moliyalashtirish uchun har yili 100 milliard dollar ajratishimiz kerak”, deydi Guterrish.
Guterrish, shuningdek, 2040 yildan kechiktirmay ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalaridan butunlay voz kechish va qazib olinadigan yoqilg‘ilarni, shuningdek, ifloslantiruvchi sanoat korxonalarini subsidiyalashni tugatish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1 noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida ikki haftalik COP-26 – iqlim konferensiyasiga start beriladi. Ushbu konferensiya o‘tgan yili bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli uning vaqti bir yilga kechiktirilgan. Anjuman ishida ishtirok etish uchun Glazgoga 20 mingga yaqin kishi keladi, jumladan, 120 dan ortiq davlatning hukumat rahbarlari ham unda ishtirok etadi. Konferensiyada mamlakatlarning issiqxona gazlari chiqindilariga qarshi kurashish majburiyatlarini oshirish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 yil yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha toksik va notoksik chiqindilar hosil qiladigan tashkilotlarda hosil bo‘lgan jami chiqindilar miqdori 125,6 mln tonnani tashkil etgan. Eng yuqori ulush Navoiy viloyatida ekani ma’lum bo‘lgan – 48,2 foiz. Keyingi o‘rinlardan Toshkent viloyati (34,6 foiz) va Jizzax viloyati (9,1 foiz) joy oldi.
Live
Barchasi