Gunohi G‘azoda tug‘ilganimi? Isroil 14 yoshli bolani vahshiylarcha o‘ldirdi
Olam
−
26 fevral 12567 2 daqiqa
G‘arbiy sohildagi al-Fara qochqinlar lagerida 14 yoshli falastinlik Jad Jadalloh 2025 yilning noyabr oyida isroillik harbiylar tomonidan yaqin masofadan o‘qqa tutilgan. Guvohlar va tasdiqlangan videolarga ko‘ra, bola yerga yiqilganidan so‘ng kamida 45 daqiqa davomida qon ketishidan azob chekkan, shu vaqt ichida 14 nafar askar uni o‘rab turgan. Ikki tez yordam mashinasi hodisa joyiga yetib kelganiga qaramay, harbiylar ularni yaqinlashtirmagan. Bu haqda “BBC” xabar berdi.
Isroil harbiy kuchlari Jad “tosh otgan”ini va bu holat qoidalarga ko‘ra o‘limli kuch ishlatishga ruxsat berishini bildirgan. Biroq videoda bir askar bola yoniga qandaydir jism tashlab, uni suratga olayotgani ko‘rinadi. Jadning onasi Safa va huquq himoyachilari bu harakat bolani “aybdor qilib ko‘rsatish”ga urinish bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Harbiylar “dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgan”ini bildirgan, ammo qanday yordam va qachon ko‘rsatilganiga izoh bermagan.
Hodisaning o‘zi kuzatuv kamerasiga tushgan. Tasvirlarda Jad burchakdan mo‘ralab qarayotgan paytda bir askar unga uch metrcha masofadan o‘q uzgani muhrlangan. Bolaning devor bo‘ylab qochayotgani, ortidan yana o‘q uzilgani ham kadrlarda aks etgan. Bir necha metr yurgach, u yiqiladi, qo‘l siltab yordam so‘raydi, askarlar esa uning qalpog‘ini tepib yuborgancha bepisand bo‘ladi.
Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatiga ko‘ra, chaqiruvdan sakkiz daqiqa o‘tib yetib kelgan brigada qurol tahdidi ostida to‘xtatilgan. Feldsherlar 35 daqiqa davomida yaqinlashishga urinishgan, ammo ruxsat berilmagan. Harbiylar esa avval “portlovchi moslama yo‘qligiga ishonch hosil qilish” zarur bo‘lganini iddao qilgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili G‘arbiy sohilda 55 nafar bola Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan, 2023 yil 7 oktyabrdan beri esa bu ko‘rsatkich 227 nafarga yetgan. Jadning jasadi oilasiga topshirilmagan. Isroil tomoni ayni paytda 700 dan ortiq falastinliklarning jasadini ushlab turgani xabar qilingan. Oilaning aytishicha, jasadni qaytarmaslik ko‘plab savollarga javob bermaslik bilan birga og‘riqni yanada chuqurlashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Arab parlamenti raisi Muhammad bin Ahmad Al-Yamahi G‘azoda tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Isroil tomonidan qasddan buzilayotganini keskin qoralagan edi.
Live
Barchasi