Gruziya “avtoritar yo‘nalishi” saqlanib qolar ekan, YeIga a’zo bo‘lolmaydi – Yevroparlament

Olam

image

Gruziya hukumatining “avtoritar yo‘nalishi” saqlanib qolar ekan, mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lolmaydi. Bu haqda Yevroparlamentning X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berildi.

Ularning bayonotida aytilishicha, Yevroparlament hozirgi Gruziya hukumatini qonuniy deb tan olmaydi va mamlakatda halol saylovlar o‘tkazilmaguncha YeIga qo‘shilish jarayoni muzlatilgan bo‘ladi. 

“Yevroparlament Gruziya xalqini qo‘llab-quvvatlaydi. Parlament Gruziya hukumatini tan olmaydi va YeIga a’zolik jarayoni to‘xtatilganini bildiradi”, deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq Yevroparlament tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada 2024 yil oktyabr oyidagi parlament saylovlari soxtalashtirilgani aytildi. 

“Ushbu saylovlar Gruziyada avtoritar boshqaruvning boshlanish nuqtasi bo‘ldi”, deyiladi hujjatda. 

2024 yilgi saylovlarda “Gruzin orzusi” partiyasi 53,92 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Biroq muxolifat natijalarni tan olmadi. O‘sha paytda prezident lavozimida bo‘lgan Salome Zurabishvili yangi parlamentni “noqonuniy” deb atadi va yangi saylovlargacha vakolatini topshirmasligini ma’lum qildi. 2024 yilning dekabr oyida Gruziyaning yangi Prezidenti etib Mixail Kavelashvili saylandi, Zurabishvili esa rezidensiyani tark etdi.

Ma’lumot uchun, Gruziya 2022 yil mart oyida Ukraina va Moldova ortidan YeIga a’zolik uchun ariza topshirgan. Ukraina va Moldova shu yilning iyunida nomzod maqomini olgan bo‘lsa, Gruziya bu maqomni faqat 2023 yil dekabrda olgan. Yevrokomissiya Gruziyaga ittifoqqa a’zo bo‘lish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan 9 banddan iborat talablar to‘plamini taqdim etgan edi. Ular orasida siyosiy qarama-qarshilikni kamaytirish, muxolifatni siyosiy jarayonga jalb qilish hamda erkin va adolatli saylovlarni ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hukumatlarini mamlakatdagi demokratiya va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat parlament saylovlaridan keyin yanada yomonlashgani sababli Gruziya hukumatiga nisbatan eng qattiq choralarni ko‘rishga chaqirgandi. Yevropa parlamenti, shuningdek, Gruziyadagi davlat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 120 million yevroni Gruziya fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga o‘tkazishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Evropa Ittifoqi saylov Evroparlament Gruzin orzusi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing