Giyohvand moddalar savdosida “zakladchik”lik qilgan shaxs qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
20 fevral 2023 5429 1 daqiqa
Toshkent shahri Sergeli tumanida giyohvand moddalar savdosida “zakladchik”lik qilgan, ya’ni narkotiklarni vaqtincha saqlash bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 fevral kuni 30 yoshli fuqaro ko‘chada giyohvand moddalarni yashirmoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olingan. Uning yonidan umumiy og‘irligi 160 gramli o‘ziga xos hidli, kulrang-jigarrang modda mavjud bo‘lgan 50 ta sumka topilgan. Ekspertizada uning geroin narkotik moddasi ekani ma’lum bo‘lgan.
Qo‘lga olingan shaxsga ko‘ra, uning o‘zi ham giyohvandlik vositalarini iste’mol qilib yurgan.
“Internet do‘konlardan o‘zimga “dori” sotib oldim. Biroz vaqt o‘tgach, ular men bilan bog‘lanib, ishga taklif qilishdi. Men rozi bo‘ldim”, deya ta’kidlagan ayblanuvchi.
Birinchi topshirig‘ida u bir paketda gashish olib, ko‘rsatilgan joyga yashirib qo‘ygan. Erkak ikkinchi topshiriqqa ham rozi bo‘lgan. Ammo ishni amalga oshirayotgan paytida u jinoyat ustida qo‘lga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddada 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi ko‘rsatilgan.
Live
Barchasi