YTHda oyog‘i uzilib ketgan qiz, oshayotgan gaz va “svet”, Koreya orzusida chuv tushganlar, plastik kartalar ustidan nazorat, O‘zbekistonning birinchi kosmonavti – Hafta tahlili

Tahlil

Tugayotgan hafta O‘zbekistonda og‘ir jinoyatlar, korrupsiya, karta o‘tkazmalari ustidan nazorat va elektr hamda gaz narxining oshishi bilan bog‘liq bahslar markazda bo‘ldi. Koreyaga ishga yuborish ortidagi millionlab dollarlik sxemalar va amaldorlarning pora bilan qo‘lga tushishi jamiyatdagi og‘riqli muammolarni yana ochib tashladi. Shu bilan birga, Turkistonda O‘zbekiston qurgan masjidning ochilishi va ilk o‘zbekistonlik kosmonavtning fazoga parvozi haqidagi xabarlar ham haftaning muhim voqealari qatoridan joy oldi.

Yangiliklar tahlilini hafta ichida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasiga oid xabar bilan boshlaymiz. Mototsikl haydovchisi 15 yoshli qizni urib yubordi. Oqibatda piyodaning chap oyog‘i tizzasigacha, o‘ng oyog‘ining tovon suyagi uzilib ketgan. Voqea 14 may kuni soat 23:00 atrofida Toshkent viloyatining Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasida 2003 yilda tug‘ilgan mototsikl haydovchisi ishtirokida sodir bo‘lgan. Rasmiy idoralar xabarida aytilishicha, qiz yo‘lning piyodalar uchun belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan bo‘lgan. Qiz Olmaliq shahar markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan, operatsiya o‘tkazilib, chap oyog‘ining tizzadan pastki qismi olib tashlangan, o‘ng oyog‘i esa to‘pig‘idan gipsga o‘ralgan.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi yana oshmoqda

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyunidan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi yana oshmoqda. 15 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida”gi qarori jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmay, fikrlar inobatga olinmay, qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘mni tashkil etadi.

III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi. Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun oyiga 200 kVt soatgacha – 325 so‘m, 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha – 450 so‘m, 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha – 550 so‘m etib belgilandi.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa, oyiga 200 kVt soatgacha – 650 so‘m (8,3 foiz), 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha 900 so‘m (12,5 foiz), 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha – 1 100 so‘mga (10 foizga) oshirilmoqda.

Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.

Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gazning narxi 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.

Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilganicha saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.

Hukumat ushbu qarorni qabul qilishga so‘nggi yillarda jahonda yuz berayotgan geosiyosiy ziddiyatlar va keskinliklar, global iqtisodiyotdagi, shu jumladan, xalqaro neft bozoridagi uzoq muddatli noaniqliklar va xalqaro yuk tashishlar bozori kon’yunkturasining o‘zgarishi sharoitida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli ta’minlash, shuningdek, yoqilg‘i-energetika korxonalari moliyaviy holatini barqarorlashtirish turtki bo‘lganini aytmoqda. Biroq, O‘zbekistonning global energetika bozoridagi topish va yo‘qotishlari, ishtiroki, narx siyosati oddiy o‘zbekistonliklarga ma’lum emas, energetika bozoridagi yirik shartnomalar, xalqaro import va eksport, aytaylik Rossiya gazini O‘zbekiston qanchadan sotib olayotgani sir saqlanadi.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr uchun kompensatsiya to‘lovlari davom ettiriladi. “Svet” va gaz narxi oshishi munosabati bilan ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdori ham oshiriladi. Yangi tartibga muvofiq elektr energiyasi uchun bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt soatgacha beriladigan kompensatsiya 30 000 so‘mdan 37 500 so‘mga, tabiiy gaz uchun isitish mavsumida bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha kompensatsiya 200 000 so‘mdan 225 000 so‘mga, boshqa mavsumlarda bazaviy me’yordan oshgan 150 kub metrga kompensatsiya 120 000 so‘mdan 135 000 so‘mga oshiriladi.

Aytish o‘rinliki, O‘zbekistonda oxirgi marta elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar 2025 yilning 1 mayidan oshirilgan edi.

Tariflarning yil sayin oshishiga iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z fikrini bildirdi: “Yangicha uslubiyat bo‘yicha tushuntirilishicha, elektr energiyasi hamda tabiiy gazni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlash xarajatlarining yakuniy iste’molchilar uchun belgilangan tarifdan oshgan qismi Davlat byudjetidan mablag‘ ajratish orqali qoplanadi.

Ya’ni, samarasiz energetika uchun ustidanam (tariflar orqali), ostidanam (soliqlar orqali) to‘lov undirish to‘xtamaydi. Chunki, tarkibiga kapital qiymati ham kiritilgan uslubiyat formulasiga ko‘ra, aktivlarni tartibga solish bazasi kengayib boraveradi. Tannarx shishaveradi, uning ortidan tarif va subsidiya quvaveradi”.

Karta o‘tkazmalariga ham soliq joriy etilishi mumkin

Asosan shahar chetidagi do‘konlarda, bozorlarda biror narsa xarid qilganingizda, terminalimiz ishlamayapti, kartaga tashlab bering degan vajlarni ko‘p eshitamiz. Ana shularning kasriga butun xalq qolib, endi odamlarning kartalaridagi o‘tkazmalari tekshiriladigan bo‘lyapti. Soliq qo‘mitasi tugayotgan haftada P2P, ya’ni bir shaxs kartasidan boshqa shaxsning plastik kartasiga pul o‘tkazmalari yanada qattiq nazorat qilinishini bildirdi.

Bildirilishicha, ayni paytda soliq organlari tomonidan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda savdo amaliyotlari P2P – bir plastik kartadan ikkinchi plastik kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan holatlar tahlil qilinmoqda. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bunday operatsiyalar orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmasligi oqibatida davlat byudjetiga tegishli tushumlar to‘liq shakllanmay qolmoqda.

Shu holatlar yuzasidan soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda. Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.

Manbaga ko‘ra, bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki iqtisodiy adolatni ta’minlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Kartadan kartaga o‘tkazmalarni amalga oshirish uchun o‘zi qanday cheklovlar mavjud? Markaziy bank va Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2017 yil 17 apreldagi qaroriga muvofiq mijozning bank kartasidan bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larini bir yoki bir nechta bank kartalariga yoxud elektron hamyonlarga o‘tkazilishi gumonli operatsiya deb tan olinishiga asos sifatida belgilangan edi. Bu esa, 30 kundagi o‘tkazmalar 206 millionni tashkil etishi yoki undan oshishi kerakligini anglatadi.

Biroq Markaziy Bank va departamentning joriy yil 8 maydagi “Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori bilan kartadan kartaga o‘tkazmalar 30 kun ichida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshishi borasida belgilangan tartib, 175 million so‘mga tushirilmoqda. Ammo, o‘zgarishlar hali kuchga kirmagan.

Soliq qo‘mitasi kimning shaxsiy kartasidan qancha pul chiqib, kimnikiga qancha pul kelib tushganini qanday aniqlaydi? Albatta, banklar beradigan hisobotlar orqali. 2003 yil 30 avgust kuni qabul qilingan “Bank siri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida mijozlarning operatsiyalari, hisobvaraqlari va omonatlariga doir ma’lumotlar bank siri sifatida e’tirof etilgan.

Ammo, paradoksni uzoqdan qidirmay, shu qonunning o‘zidan topasiz, ya’ni mijozga oid ma’lumotlarni yana shu qonunning boshqa moddalari asosida Hisob palatasiga, Adliya vazirligiga, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga, sudga, davlat ijrochisiga, davlat soliq xizmati organlariga ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lsa taqdim etilishi belgilangan. Xo‘sh, bu qanaqa qonun o‘zi? Mijozga doir shaxsiy ma’lumotlar bank siri bo‘lsa-yu, istalgan vaj bilan istalgan tashkilot uni olaversa?! Ushbu masalaga huquqshunos Suhrob Bobojonov quyidagicha munosabat bildirdi.

“Oxirgi to‘rt kun ichida bizga YATT, MCHJ, oilaviy korxona rahbarlari va oddiy fuqarolardan juda ko‘p murojaatlar bo‘ldi. Ularning barchasi soliq organlari tomonidan plastik kartalardagi pul aylanmalari tekshirilayotganini bildirishmoqda. Soliq idoralari yuborgan ogohlantirish xatlarida fuqarolarning kartalariga uch yil davomida tushgan mablag‘lardan 4% (aylanmadan olinadigan soliq) yoki 12% daromad solig‘i, ayrim holatlarda esa, hatto 12% qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) to‘lash talab qilinmoqda. Bunday rasmiy ogohlantirish xatlariga o‘zimiz ham bevosita guvoh bo‘ldik.

Tabiiyki, aholida haqli savol tug‘ilmoqda: «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun qayerda qoldi? To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasining xuddi shu nomli qonuni mavjud. Uning 3-moddasiga ko‘ra, mijozning hisobvarag‘idagi mablag‘lar va amalga oshirilgan operatsiyalar bank siri hisoblanadi. Biroq, amaliyotda bu qonun mukammal emas. Sababi, qonunning 11-moddasida soliq organlariga, undan oldingi moddalarda esa prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va kredit tashkilotlariga bu ma’lumotlarni so‘rab olish huquqi berilgan. Natijada, bank siri amalda o‘z mazmunini yo‘qotgan.

Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, bunday sharoitda «bank siri» tushunchasi shunchaki nomigagina mavjud. Mazkur vaziyatning salbiy oqibati o‘laroq, kelgusida aholi va tadbirkorlar elektron pul o‘tkazmalaridan (P2P) voz kechib, yana ommaviy ravishda naqd pulda hisob-kitob qilishga o‘tib ketishi mumkin. Bu esa, birinchi navbatda, bank tizimiga hamda iqtisodiyotni tahlil qiluvchi davlat organlariga jiddiy zarar yetkazadi. Shu boshlanayotgan jarayonlarni hisobga olib, ogoh va ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilaman”, deydi yurist.

Soliq qo‘mitasi tomonidan P2P o‘tkazmalari yanada qattiq nazorat qilinishi haqida tarqatilgan axborotda Prezidentning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asos sifatida keltirilgan.

Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu farmonda P2P operatsiyalari bo‘yicha nazorat choralari va amaliy harakatlar belgilab berilmagan. Aksincha, pandemiya davridagi iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, ushbu farmon bilan 2022 yilning 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy tartibda o‘tish maqsadida umumiy daromadga kiritilmasligi tartibi joriy etilgan.

Ayni vaqtda Soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga direktorning shaxsiy bank kartasiga o‘tkazmalar bo‘yicha Excel shaklida ma’lumot taqdim etish mazmunida xatlar yuborilayotgani haqidagi gaplar ham tahririyatimizga yetib keldi. Tadbirkorlar esa, shaxsiy kartasiga kelib tushgan har qanday pulni Soliq organlariga isbotlab berishdek mojaroli vaziyat qarshisida qolmoqda.

Endigina dizayn kod, “snos” balolaridan qutulgan biznes egalari oldida endi Soliq organlariga o‘zining halolligini isbotlashdek ulkan vazifa turibdi. Va eng yomoni, bugun amalda joriy qilinayotgan tartib tadbirkorlarni ham chetlab o‘tib, oddiy odamlar, ikki do‘st o‘rtasidagi qarz, gapning puli, yordam puli degandek oldi-berdilarga ham soliq solishgacha yetib borishidan qo‘rquv bor. Ekspertlarning fikricha, Hukumat yashirin iqtisodiyotni yo‘qotish vaji bilan qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqaryapti, yana naqd pul aylanmasining oshishi, bankomatlarda bosim ortishi xavfi yuqori.

Yeng ostida ish qilgan sudyalarning qilig‘i fosh bo‘ldi

P2P bo‘yicha tartib, shaxsiy bank kartalari ustidan tekshiruvlar bo‘yicha idoralararo hujjatlar muhokamalarsiz qabul qilinib, plastik kartalardan mobil ilovalar orqali o‘tkazmalar ustidan nazorat kuchaytirilayotgan bir paytda amaldorlar, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish bo‘yicha qonun hamon paysalga solinib kelinmoqda va bu haqidagi ilk e’lon yangraganiga ham 5 yil to‘ldi. Ayni shu unutish va unuttirish fonida davlat xizmatchilarining pora bilan qo‘lga tushish holatlari ham ortgan.

Shu haftaning o‘zida sudya katta yordamchisi 53 ming, raygaz xodimi 21 ming, hokim o‘rinbosari 12 ming AQSH dollari miqdorda pora bilan ushlangani ham vaziyat qay daraja jiddiyligini ko‘rsatadi. Bu esa, yeng ostidan chiqqanlar xolos. Masalan, Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha 2 nafar sudlanuvchiga nisbatan aniqlangan 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini qayta baholash to‘g‘risida sud ajrimi chiqarish orqali kamaytirib, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatish va dastlabki tergov davrida qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini bekor qildirishni va’da berib, sudlanuvchilarning qarindoshidan 53 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Hozirda holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkentning Sergeli tumanidagi gaz ta’minoti bo‘limi xodimi esa, noqonuniy do‘konni tanishlari orqali 16 ming AQSH dollariga rasmiylashtirib berish hamda ushbu savdo do‘koniga gaz tarmog‘ini ulash uchun ruxsatnoma olib berishni va’da qilib, 5 ming AQSH dollarini olganda ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4- qismi “a” bandi, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatining Kogon tumani hokimi o‘rinbosari ham 12 ming dollar pora olayotganida qo‘lga olindi. U fermerning murojaatiga asosan ekin maydonlariga keladigan suvni ochib berish evaziga 15 ming dollar talab qilgan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bank xodimi mijozning omonatiga changal tashladi

Yuqorida keltirganimizdek, banklar “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun bilan nafaqat mijozlarga oid ma’lumotlarni saqlay olmayapti, balki ayrimlari ularning omonatlariga ham changal solyapti. Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tijorat bankining mas’ul shaxslari mijozning bankka omonat uchun qo‘ygan 500 ming dollar pulini talon-toroj qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining mas’ul shaxslari fuqaroning bank omonatiga qo‘ygan 500 000 AQSH dollarini soxta hujjatlar asosida qo‘lga kiritib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Koreyaga yuborishni kasb qilib olganlar ushlandi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklarining bir guruh sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlandi. Ushbu sxema qaysi davlat bilan bog‘liq, deb o‘ylaysiz? To‘g‘ri o‘yladingiz, albatta, Koreya! Yillardirki, hatto, birinchi ma’muriyat davrida ham Koreyaga ketish uchun odamlar Amerikaga ketishdan-da ko‘proq harakat qilgani, u yoki bu o‘quv kursiga qatnagani va oqibatda baribir kimgadir pul qistirgani, pul miqdori esa ancha kattaligi qulog‘imizga chalingan.

Gap shundaki, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlaridan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema yaratib, 35 nafar fuqarodan jami 263,5 ming AQSH dollarini kissasiga urgani aniqlandi. Ayni vaqtda Departament tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergovda ma’lum bo‘lishicha, Koreyaga ishga yuborish uchun jinoiy guruh tomonidan rasmiy to‘lovlardan tashqari firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollaridan qariyb 90 mln dollar yig‘ilgan.

Departamentning bildirilishicha, Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, undirish choralari ko‘rilmoqda. Savol shu: ayblanganlar bu pullarni qaytararmikan yo “srok” olib, keyin shohona hayot kechirish yo‘lini tanlarmikan?

Qing‘ir ishlar shu bilan tugamadi. Olib borilgan tekshiruvlar natijasida yana bir guruh shaxslar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalar 230 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborish evaziga 580 ming AQSH dollari, Koreyaga yuborilgan 1000 nafar fuqarodan noqonuniy ravishda 5,6 mln AQSH dollari jami 45 mln AQSH dollarini olgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, bu hafta Jizzax viloyatida ham Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik aniqlandi. Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro 8 000 AQSH dollari evaziga boshqa bir fuqaroni Migratsiya agentligida yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga yuborishi uchun ishchi vizasini rasmiylashtirib berishi va ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, oldindan 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Departament Koreyaga yuborish bo‘yicha firibgarliklarni kun tartibiga olib chiqqanidan ko‘p o‘tmay, Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, Andijon viloyatida tug‘ilgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov O‘zbekiston so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat olib borgan Azizbek Toshtemirov 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan. Hozirda u firibgarlikda gumon qilinmoqda.
Azizbek Toshtemirov lavozimdaligi davrida Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan ba’zi EPS–Topik imtihonlari vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilgani, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa, ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam bergani holatlari kuzatilgan va ehtimoliy qonunbuzarlik to‘g‘risida fuqarolardan bir qancha murojaatlar kelib tushgan.

2025 yilning avgustida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy ravishda pul olgan Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi va agentlik markaziy apparati bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng, agentlikning Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilgan. 

Tomoshabin konsulliklar va axlat qutisidagi taqdirlar

Migrantlar mavzusidan uzoqlashmaymiz. Integratsiya muhim jarayon. Yangi O‘zbekiston birinchi ma’muriyat davridagidek, dunyoning turli burchaklarida ishlayotgan, o‘qiyotgan, pul topib, oilasiga yuborayotgan, ro‘zg‘or tebratayotgan mehnatkashlaridan uyalayotgani, ulardan or qilayotgani yo‘q. Aksincha, sharoitini yaxshilash, yanada daromadli sohalarni egallashi uchun harakat qilyapti. Nega? Chunki, migrant yuborayotgan pul kam emas, u iqtisodiyotning asosiy lokomotiviga aylangan. 2025 yil yakunlari bo‘yicha xorijdan O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi rekord darajaga – 18,9 milliard dollarga yetdi. Bu 2024 yilga nisbatan 27,7 foizga yoki 4,1 milliardga ko‘p.

Biroq, hukumat oldida migrantlarni bugun ishga joylash bilan birga ularning xavfsizligini ta’minlash, huquqiy ko‘mak ko‘rsatish masalasi ham ko‘ndalang turibdi. Afsuski, ko‘plab mamlakatlarda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq jinoiy holatlar sodir bo‘lishi, ular jinoyat qurboni bo‘lishi yoki jinoyat sodir etishi, o‘zi istiqomat qilayotgan mamlakat huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan xo‘rlanishi, reydlarda sazoyi qilinishi ortgandan ortgan, misollar talaygina.

Bunday vaziyatda ayrim mamlakatlardagi elchixonalar va konsulliklar tomoshabin bo‘lib turishdan nariga o‘ta olmayapti. Ayrim mamlakatlardagi o‘zbekistonliklar esa, o‘zi istiqomat qilayotgan davlatdagi O‘zbekiston elchixonasi yoki konsulliklariga murojaat qilib, savollariga javob, muammolariga yechim topolmayotganidan yozg‘iradi.

Gap migrantlar haqida borar ekan, joriy yilning yanvar oyida Turkiyada sodir bo‘lgan ikki qotillik – o‘zbekistonlik Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyevaning o‘ldirilgani, jasadlari bo‘laklab, Istanbul shahrining turli hududlaridagi chiqindi qutilariga tashlab ketilgani bilan bog‘liq jinoyat tafsilotlari va davom etayotgan sud jarayonlariga to‘xtalishning ayni vaqti.

Ikki ayolni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan erkaklar begona emas, ular ham o‘zbekistonlik. Tugayotgan haftada sudda davlat ayblovchisi tomonidan hibsdagi gumonlanuvchilar – 31 yashar Dilshod Turdimurotov va 29 yashar G‘ofurjon Kamolxo‘jayevga og‘irlashtirilgan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘raldi.

Sud tergovida gumonlanuvchilar tilidan yangragan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki yigit va ayollar bir birini yaxshi tanigan va shaxsiy munosabatlari bo‘lgan. 2026 yilning 23 yanvar kuni Sayyora Ergashaliyeva o‘ldirilib, 24 yanvar kuni uning jasadlari bo‘laklanib, axlat qutilariga uloqtirilgan bo‘lsa, xuddi shu kuni uning dugonasi Dildora Hakimovaning jasadi ham Istanbulning Shishli tumanidagi axlat qutisidan topilgan. 

Avval xabar berganimizdek, 2025 yilning 28 dekabr kuni ishlash maqsadida O‘zbekistondan Turkiyaga kelgan 32 yashar Sayyora Ergashaliyeva bilan 2026 yilning 23 yanvaridan buyon oilasi bog‘lana olmagan. Bu haqda huquq-tartibot organlariga kelib tushgan xabar asosida olib borilgan qidiruvlarda Sayyoraning oxirgi marta o‘zbekistonlik Durdona Xakimova bo‘laklab o‘ldirilgan uyda qolgani aniqlangan.

Tergov guruhi kamera yozuvlarini o‘rganib, 23 yanvar kuni uyga kirgan Sayyoraning ortidan Hakimovaning qotillari Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev ham kirganini aniqlagan. Kuzatuv kamerasi yozuvlarida 24 yanvar kuni gumonlanuvchilarning uydan bir necha bor qora chiqindi qoplari bilan chiqqani, so‘ngra oq rangli jomadon bilan manzilni tark etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchilarning tijorat taksisida Fotih tumaniga kelib, jomadondagi tana qismlarini bir chiqindi konteyneriga tashlagach, Yenikapi Marmaray bekatiga piyoda ketgani ma’lum bo‘lgan. Tergov doirasida Durdona Hakimovaning qotilligi sababli hibsda saqlanayotgan Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev bilan o‘tkazilgan so‘roqlar davomida Sayyora Ergashaliyeva ham 23 yanvar kuni o‘sha uyda tig‘li jism bilan o‘ldirilgani, jasadi esa bo‘laklanib, Istanbulning turli tumanlaridagi chiqindi konteynerlariga tashlab ketilgani aniqlandi.

Sudda qotillikni sodir etganlikda gumonlangan shaxslarning ikkisi ham o‘z aybiga iqror bo‘lgan va qizlarni qanday o‘ldirganini aytib bergan. Bu haqda alohida ko‘rsatuv tayyorlaganmiz, uni YouTube’dagi kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.

Kuyov bo‘lajak ayolini o‘ldirib qo‘ydi

Qotillik bilan bog‘liq mudhish jinoyatlar faqat xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan kuzatilayotgani yo‘q. O‘zbekistonning o‘zida ham bunday faktlar yetarlicha topiladi. Masalan, shu hafta Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yigit rashk tufayli o‘zi bilan unashtirilgan, 11 sinfda tahsil oladigan sevgilisini pichoqlab o‘ldirgani o‘rtaga chiqdi.

Voqea joriy yilning 6 may kuni Kosonsoy tumani “Yoshlik” mahallasida sodir bo‘lgan. Yigit rashk tufayli unashtirilgan sevgilisi bilan o‘zaro janjallashib, uni o‘ldirish maqsadida yonidagi pichoqni qizning ko‘kragi va qorin qismiga bir necha marta sanchib, voqea joyidan qochib ketgan. Qiz shifoxonaga olib ketilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Kosonsoy tuman prokuraturasi tomonidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Kuyovini o‘ldirmoqchi bo‘lgan amma qo‘lga olindi

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan hafta erkak ikkinchi xotinini o‘ldirish uchun 10 ming dollarga killer yollagani haqida xabar bergandik. Bu hafta esa Navoiyda ham kuyovini o‘ldirish uchun killer yollagan amma qo‘lga olindi. O‘zbekistonliklarga nima bo‘lyapti o‘zi? Puli ko‘payib ketganmi yo jangari, mafiyalar haqidagi filmlarni ko‘p ko‘rishyaptimi? Qayerdan buncha “dux”?

Gap shundaki, Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida yashovchi yosh oilada kelishmovchiliklar sodir bo‘lgan. Albattaki, bizda oilaviy kelishmovchiliklarni er-xotin hal qilishga haqqi yo‘q. Bir yondan ota-onalar, ikkinchi yondan ammo-xola, qarindosh-urug‘ jangga kiradi. Qarabsizki, hali ikkalasi nimaga janjallashgani ham esdan chiqib, to‘rtta bekorchi kayvonilarning dahanaki jangi boshlanadi. Bu holatda ham xuddi shunday bo‘lgan. Arazlagan kelinning 54 yoshli ammasi o‘ziga tanish bo‘lgan 1992 va 1994 yillarda tug‘ilgan ikki shaxsni topib, kuyovining “aqlini kiritib qo‘yishini”, evaziga esa katta miqdorda pul berishga tayyor ekanini aytgan.

Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari shu ammaning ko‘ngli tinchisin va kalavaning uchi topilsin deb, suiqasd sahnasini tashkil etib, jarayonni videoga olgan va ijtimoiy tarmoq orqali “zakazchik” ammaga jo‘natgan. Shundan so‘ng, amma suiqasd buyurtmasi uchun kelishilgan 40 million so‘mdan 2 mln 300 ming so‘mni yollangan shaxslarning kartasiga tashlab bergan.
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Zarafshon shahar Ichki ishlar bo‘limi tezkor-qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ammaposhsha qo‘lga olingan. Hozirda Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Turkistonda masjid barpo etdi

Tariqat bilimdoni, Islom olami mutafakkiri Ahmad Yassaviy yashab ijod qilgan va manguga qo‘nim topgan Turkiston shahrining turkiy dunyo uchun ahamiyati benazir. O‘zbekiston ushbu shaharda masjid qurdi. Shu hafta Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Turkistonga safar qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ushbu masjidda mehmon bo‘ldi.

Majmuaning umumiy maydoni 7 gektardan ziyodni tashkil etadi, unda 5 mingdan ortiq kishi namoz o‘qishi mumkin. Muhtasham ansambl to‘rtta 70 metrlik minora hamda asosiy zal va an’anaviy ayvonlarni o‘z ichiga olgan uch qavatli bosh binodan iborat.

Prezidentlarga Qozog‘iston muftiysi Naurizboy hoji Tag‘anuli hamrohlik qilgan, Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qilgan. So‘ng, Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida ishtirok etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bir qator takliflarni ilgari surdi. Ular orasida eng muhimi – kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans tuzish.
 

“Terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Bu jarayonda kiberxavfsizlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, tezkor axborot almashish dolzarb ahamiyatga ega”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratish lozim.

Ko‘p yillardan buyon NATO ishtirokchisi bo‘lgan Turkiyaning oxirgi yillardagi qurollanishi hamda muammoli bo‘lgan, hech bir davlat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shish, avval kuzatuvchilikka qabul qilish va ortidan a’zolik da’volarini tilga olish fonida Turkiy davlatlar tashkiloti atrofida aylanadigan tashkilot harbiy tuzilmaga aylanadimi degan savolga Qosim-Jomart To‘qayev javob berdi.

“Turkiy davlatlar tashkiloti – bu geosiyosiy loyiha ham, harbiy tashkilot ham emas. Bu birodar davlatlar o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy, yuqori texnologiyali, raqamli va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlaydigan noyob platformadir”, deydi To‘qayev.

Ilk o‘zbekistonlik kosmonavt (fazogir) fazoga uchiriladi

Dasturni muhim va xushxabar bilan yakunlasak, nima deysiz? O‘zbekiston ilk kosmonavtini (fazogirini) 2028 yil oktyabr oyida fazoga uchiradi. Parvozning davriyligi 14 kun bo‘ladi. Kosmonavtni tayyorlashda Hukumat komissiyasi tuziladi va nomzodlar saralab olinadi.
Nomzodlarga asosiy talablar quyidagilar: 27-40 yoshgacha bo‘lishi kerak, oliy ma’lumot shart, bo‘yi 160-190 sm gacha, vazni esa 50-95 kg gacha bo‘lishi kerak. Shuningdek, xorijiy tillarni bilishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

soliq YTH Migrantlar korruptsiya Energetika vazirligi O'zbekiston Markaziy bank masjid nazorat Koreya Turkiston sud'yalar jinoyatlar gaz va “svet” Iqtisodiy jinoyatlar oyog'i uzilib ketgan qiz karta o'tkazmalari elektr hamda gaz narxining oshishi Mototsikl haydovchisi Bank xodimi Tomoshabin konsulliklar o'zbekistonlik kosmonavt

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing