“G‘ildirakli tobut” yoxud Damas eng xavfli mashina
Tahlil
−
13 may 1601 11 daqiqa
Navoiyda 14 nafar bolani bitta Matiz’ga “tiqib” olib ketayotgan bog‘cha mudirasi avtohalokatga uchrab, vafot etdi.
Samarqandda 24 nafar bolani har kuni o‘zining Damas’iga “bosib” bog‘chaga tashigan haydovchi aniqlandi.
28 ta go‘dakni yuk tashigandek olib yurgan shaxs ham jarimaga tortildi.
Buxoroda bo‘lsa, mast haydovchi 40 ta bog‘cha bolasini avtobusda olib ketayotgani aniqlandi.
Juda g‘alati sarlavhalar-a? Ammo bu kabi jipslashtirishlar siz va biz yashayotgan shu bugungi hayotda juda ko‘pchilik uchun o‘ta oddiy va odatiy bo‘lib qolgan. Bugun ko‘pchilik ota-onalarning “vaqtim yo‘q”, “bog‘cha uzoq”, “ishimga ulgurishim kerak” degan bahonalari bilan izohlanadigan, go‘yoki farzandi uchun qilinayotgan yaxshilik sifatida ko‘riladigan, ammo bolasining hayotini o‘z qo‘li bilan xavfga solishdan boshqa narsa bo‘lmagan “bolalarni ommaviy tashish” mavzusida gaplashamiz.
Bugun bir mahallada yashovchi ota-onalarning o‘zaro kelishib, bitta mashinani doimiy ravishda ertalab bolalarni bog‘chaga olib borish va kechga yaqin olib kelish uchun gaplashib, hatto oylik to‘lovni joriy qilib, unga o‘nlab bolalarni “tiqib” yuborishi kundalik hayot tarziga aylangan. Ayniqsa, chekkaroq hududlarda bu avj olgan va mavjud imkoniyatdan kelib chiqqan holda ideal yechimdek ko‘rinadi. Sabablar aniq: masofa uzoq, qolaversa, bir kishi har kuni 2 mahal borib kelishi kerak bo‘ladi. Bunda yo uydagi yoki ko‘chadagi ish qolib ketadi, yakka holatda jo‘natay desa, yo‘lkira falon so‘m bo‘lib ketadi va hokazo. Ammo bugun bir mashinaga o‘nlab bolalarni yuklash evaziga yutilayotgan vaqt ertaga reanimatsiya bo‘limi eshigini oldida soatlab turish uchun sabab bo‘lishi mumkin. Bugun o‘nlab bolalarni bir mashinaga tiqish evaziga tejalayotgan pullar, ertaga 10 karra ko‘p hajmda o‘sha bolalarni davolash uchun sarflanishi mumkin. Mavzuni bir nechta misollar bilan ko‘rib chiqamiz.
Shu yilning 5 may kuni Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar bolani olib ketayotgan Matiz avtohalokatga uchradi. Uni boshqargan shaxs esa, oilaviy bog‘chaning mudirasi, 34 yoshli ayol bo‘lgan. Viloyat YHXB bergan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi tajribasizligi va chalg‘ishi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan hamda yo‘lning chap tomoniga chiqib ketib, ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida ayol ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan. Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan, 1 nafar bola komaga tushgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mashinada mudiraning turmush o‘rtog‘i va bolalari, jumladan, 3 oylik chaqalog‘i ham bo‘lgan. Eng muhim jihati shundaki, marhuma ayol haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda yillar davomida mashina boshqarib kelgani aniqlangan. Tushunyapsiz-a? O‘tganlarning ortidan yomon gaplar aytish yaxshi emas, buni bilamiz. Shunchaki boshqalar ham kerakli xulosalarni chiqarishi uchun xabardorlik darajasini oshirish shart. Bu yerda ota-onalarni ham oqlab bo‘lmaydi. Bir Matiz’ga 14 ta bola sig‘dirishni yechim sifatida ko‘rgan, ishongan, xavotirlanmagan kattalar bugun qay darajada afsuslanayotgani faqat o‘zlariga ayon. Har holda bir o‘rindiqqa bir kishi o‘tirishi kerakligini anglash mental arifmetikani tushunishdek qiyin ish emas.
3 may kuni esa, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Damas avtomashinasi saloniga 24 va 28 nafar bolani mindirib harakatlanayotgan ikki haydovchi ushlangani e’lon qilingandi. Raqamlarga e’tibor berdingiz-a? Endi 5 kishiga mo‘ljallangan Matiz’ga 14 ta bolani sig‘dira olgandan keyin kattaroq mashinadagi ko‘rsatkich ham ko‘proq bo‘lishi kerak edi-da! Har ikki haydovchi “bag‘ri keng” avtomashinasida bolalarni har kuni maktabgacha ta’lim muassasasiga tashish bilan shug‘ullangan. Avtoulovdagi bolalar ham buni tasdiqlagan.
Holat yuzasidan haydovchilarga tegishli ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomobillari jarima maydonchasiga olib borilgan. Ammo ular yana bu ishni qilmasligiga aniq va’dani hech kim berolmaydi. Tushunamiz, bu vaziyatni “tirikchilik” vaji bilan izohlaydiganlar ham bor. Yo‘lovchi kam, “zapravka”larda esa har xil vaziyat, bunday paytda jamoaviy tashiladigan bolalar ham vaqt, ham naqd masalasida foydaliroq. Ammo kimningdir tirikchiligi bolalarning tirikligiga xavf solmasligi kerak-ku!
Navbatdagi vaziyatni ko‘rib chiqamiz. Buxoro viloyatining Romitan tumanida 40 nafar bog‘cha bolalarini olib ketayotgan avtobus haydovchisining spirtli ichimlik ta’sirida ekani aniqlandi. Mas’uliyat darajasini qarang! Oz emas, ko‘p emas 40 ta bolani olib ketayotgan odamdan aroq isi anqib turgandir axir. Bolalarni qayergadir olib borishni buyurgan tashkilotdan, yoki salon ichida tarbiyachi maqomida ketayotgan ayol yo ota-onalardan nahot birontasi kimning qo‘liga yosh bolalarni ishonib topshirayotganiga qiziqmagan?
Endi esa, shu yaqin vaqt ichida aniqlangan va ommaga oshkor qilingan vaziyatlarga qisqa to‘xtalib o‘tamiz. Joriy yilning 5 fevralida Damas’da 23 nafar bolani tashigan haydovchi jazolangani ma’lum qilingandi. U Toshkent viloyati Ohangaron tumanida to‘xtatilgan.
2025 yilning aprel oyida bo‘lsa, Damas’da 25 ta bola tashigan haydovchi ushlangandi. Bu qoidabuzar Samarqand viloyati Jomboy tumanida aniqlangan.
2025 yilning 2 may sanasida esa, Surxondaryoda yana o‘sha uchar va “kengayuvchi” Damas’da ko‘plab bolani tashigan haydovchi aniqlandi. U avvalgi “qiliqdosh”larini ortda qoldirib, 32 ta yosh bolani mashinasiga sig‘dirgan va bamaylixotir katta yo‘lga chiqqan.
Bu voqeadan bir kun o‘tib esa, sirdaryolik haydovchi Damas’da 28 ta bolani tashigani uchun jazolangani e’lon qilindi.
O‘tgan yilning 30 may sanasida Buxoroda avvaliga 20 nafar, boshqa holatda esa 16 nafar bolalarni Damas’da tashigan haydovchilarga chora ko‘rilgandi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz bolalarni diqqinafas qilib, xuddi keraksiz va jonsiz buyumdek tashishda ko‘proq Damas avtomobili voqea markaziga chiqadi. Aslida bu rusumdagi mashina boshqaruvda va to‘qnashuvlardagi eng xavfli ulov hisoblanadi. Keling biroz vahshiyona ko‘rinsa ham, Damas avtomashinasi bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy avariyaning dahshatlarini nazariy jihatdan ko‘rib chiqamiz.
Damas — “G‘ildirakli tobut”
Damas avtomobili o‘zining tuzilishi jihatidan eng yuqori xavf darajasiga ega transport vositalaridan biridir. Unga me’yordan 4-5 baravar ko‘p odam ortilganda, mashina boshqariladigan texnika emas, balki ramziy ma’nodagi boshqarib bo‘lmaydigan “g‘ildirakli tobut”ga aylanadi.
Damas’da oldi kapot, boshqacharoq aytganda himoya hududi deyarli mavjud emas. Haydovchi va oldingi o‘rindiqdagi yo‘lovchi bevosita to‘qnashuv nuqtasida o‘tiradi. 20-25 nafar bola ortilganda, mashina ichida umuman bo‘shliq qolmaydi. To‘qnashuv vaqtidagi zarba to‘lqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bolalarning tanasiga o‘tadi. Ularning oynadan otilib chiqib ketish ehtimoli juda yuqori.
Mashinada 25 ta bola bo‘lsa va u soatiga 60 km tezlikda harakatlansa, to‘qnashuv paytida har bir bolaning og‘irligi inersiya hisobiga 20-30 baravarga ortadi. Ya’ni, orqadagi o‘rtacha 17 kg lik bola oldindagi bolaning ustiga salkam yarim tonna yuk bo‘lib tushadi. Endi ularning soni bir nechta bo‘lgandagi holatni tasavvur qilavering. Bu suyaklarning sinishi va ichki a’zolarning ezilib ketishiga olib keladi.
Bag‘rikeng Damas’ning ag‘darilish xavfi ham yuqori. Bu mashinaning balandligi eniga nisbatan katta, ya’ni og‘irlik markazi tepada. Mashinaga 30 ta bola ortilganda, og‘irlik markazi yanada yuqoriga ko‘tariladi. Kichik bir burilish yoki keskin tormoz bosilganida mashina xuddi "paxsa devordek" ag‘dariladi.
Yana bir muhim jihat: Damas’da xavfsizlik yostiqchalari yo‘q. Orqa o‘rindiqlar soni 6 ta, qolgan 20 taga yaqin bola esa, shunchaki tik turadi yoki bir-birining tizzasida o‘tiradi. Ularni tutib turuvchi hech qanday kamar yo‘q. Bu har qanday kichik turtki ham og‘ir jarohatga sabab bo‘ladi degani.
Diqqinafas bolalik
Bolalarni bunday holatda tashish nafaqat YTH paytida xatarli, balki har kuni ularning salomatligini ham yemirib boradi.
Birinchi navbatda gipoksiya, ya’ni kislorod yetishmasligi muammosi o‘rtaga chiqadi. Matiz yoki Damas kabi kichik hajmli mashinada 20-30 kishi nafas olganda, 5-10 daqiqa ichida kislorod miqdori keskin tushib ketadi va karbonat angidrid miqdori me’yordan o‘n baravar ortadi. Bu bolada bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, miya hujayralarining nobud bo‘lishi va immunitetning pasayishiga olib keladi.
Qolaversa, boshi bir-birining boshiga tegib ketadigan bolalar har kuni “yuqumli kasalliklar o‘chog‘i”da deyish mumkin. Bunday tor doirada bitta bola shamollagan bo‘lsa, u qolgan 25 tasiga virusni to‘g‘ridan-to‘g‘ri “sovg‘a” qiladi.
Bunday shaklda bola tashishlar umurtqa pog‘onasining shikastlanishiga ham yaxshigina xizmat qiladi. Bog‘chaga qatnaydigan bolaning suyaklari hali yumshoq bo‘lishini aytmasak ham yaxshi bilasiz. Har kuni noqulay, bukchaygan holatda yoki tizzada o‘tirib ketish umurtqaning qiyshayishi va suyak deformatsiyasiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, bir mashinaga o‘nlab bolalarning buyumdek ortilishining psixologik salbiy ta’sirlari ham bor.
Endi, masalaning yana bir muhim tomoniga e’tiboringizni qaratamiz. Bog‘chalarda bolalarni qabul qilib olish va uyiga kuzatib yuborishda tarbiyalanuvchining oila a’zolari yoki ular tomonidan tayinlangan ishonchli vakillar bo‘lishi kerak. Biroq MTTlardagi mutaxassislarga ham 20 talab bolani tashuvchi haydovchilar tanish bo‘lib ketgan va ular ham xotirjam bolalarni berib yuboraverishadi. Hatto, qaysi haydovchi qaysi mahalladagi bolalarni olib ketishigacha bilishlari aniq.
Umuman olganda, bugun bog‘cha deganda bolalarning tarbiyalanishi emas, aksincha ularning kaltaklanishi, ovqatdan zaharlanishlar, kasallik tarqalishi yoki ta’limga oid qoniqarsiz holatlar ko‘z oldimizga keladigan bo‘lib qoldi. Ammo bu salbiy holatlarning 90 foizi xususiy bog‘chalarda bo‘layotganini ham alohida ta’kidlash kerak. Bu esa, O‘zbekistonda xususiy bog‘chalar soni oshgan bo‘lsa ham, hali ularni to‘liq va to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya oladigan tizim paydo bo‘lmaganini anglatadi. Ha, tan olish kerak. So‘nggi yillarda bog‘chalarda bolalar qamrovi kengaydi. Ta’lim tashkilotlarining soni sezilarli darajada oshdi. Hatto, odamlarda bog‘cha shunchaki bolalarga bir necha soat qarab turiladigan joy emas, alohida ta’lim shakli ekani haqidagi tushunchalar shakllandi. Buning uchun tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berildi. Raqobat kuchaydi. Ota-onalar bog‘chalarni tanlab-tanlab farzandini beradigan bo‘ldi. Ammo asosiy muhokamalar va beriladigan savollar u yerdagi ovqat turlari, sharoitlar, ta’mirlanganlik darajasi atrofida bo‘lib qolgani ham yolg‘on emas.
Ta’lim darajasi va xavfsizlik masalasiga e’tibor qaratuvchilar kamdek. Ota-onalarda narxiga qarab solishtirish holatlari, ya’ni qimmati — eng yaxshisi, arzoni — bundayrog‘i degan tushunchalar paydo bo‘lgan. Hattoki poytaxtning eng nomdor va qimmatbaho ta’lim tashkilotlarida ham bolalarning hayotiy va shaxsiy daxlsizligi ta’minlangan deb ayta olmaymiz. Isbotlar kam emas.
2025 yilning 28 mart kuni Buxoro tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2023 yilda tug‘ilgan bolani tok urgandi.
Jizzaxda bo‘lsa, 2025 yilning 24 oktyabr kuni 1,5 yoshli qizcha bog‘chaning basseynida cho‘kib vafot etdi. “Mehrli yulduz” nomli xususiy ta’lim markazida qarovsiz yurgan bola hovuzga tushib ketgan.
O‘tgan yilning 30 iyun kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchi 2 qavat zinasidan tushib ketgan. Shifokorlarning birlamchi tashxisiga ko‘ra, tarbiyalanuvchining ikki qo‘l bilak sohasi, burun suyak sohasi va yuqori jag‘ tishlarining bir nechtasi singan. Bolaning ahvoli og‘ir bo‘lganligi sababli, dastlab shifoxonaning jonlashtirish bo‘limiga joylashtirishgan, ahvoli yaxshilanganidan so‘ng esa, oddiy muolaja xonasiga olingan. Menimcha davom etish shart emas!
XORIJ TAJRIBASI
Chet elda bolalarni maktab va bog‘chalarga tashishda maxsus ta’lim tashkilotining avtobuslari yo‘lga qo‘yilganini hech bo‘lmasa kinolar orqali bilsangiz kerak. O‘zbekistonda bunday tizim yo‘q, bolalarni maktab va bog‘chaga tashish masalasi “o‘z holiga” tashlab qo‘yilgan. Bu esa Damas, Matiz va Spark’lardagi “konservalash” holatlarini yuzaga keltiryapti.
“Nega endi Amerika bilan solishtiryapsan? Hammasi birdan bo‘lib qolmaydi-ku!” deb darrov xayoliga kelgan birinchi fikrini izoh bo‘limiga yozadiganlarga ham aytar gapim bor. Bugun har qanday davlat uchun eng asosiy va muhim strategik resurs bu – o‘sha millatning yosh avlodidir. Shu jihatdan ham kelajak egalarining Damas’da tiqilib ketishini tezroq to‘xtatish kerak!
Bizda ham ayrim xususiy ta’lim tashkilotlari o‘zining mikroavtobuslarini yo‘lga qo‘ygan. Demakki, bu tizimni ishlatish mumkin. Ammo xarajatlar masalasi o‘rtaga chiqadi. Davlat maktablari va bog‘chalari uchun avtobus sotib olish hamda uni saqlash, umuman tizimni joriy qilish, haydovchi maoshi, yonilg‘i, texnik xizmat katta mablag‘ talab qiladi. Ko‘p hollarda bu xarajatlar ta’lim tashkiloti byudjetida ko‘zda tutilmagan.
Hozirgi imkoniyatdan kelib chiqib, qanday yechim qilish mumkin? Eng mos variant bu davlat va xususiy sheriklik asosidagi ishdir. Davlat maktab avtobuslarini sotib olishda xususiy tashuvchilar bilan shartnoma tuzishi, ularga soliq imtiyozlari berishi mumkin.
Bugun O‘zbekistonda maktab va bog‘cha binolari eng zamonaviy standartlar asosida qurilyapti, gap bo‘lishi mumkin emas, lekin bolaning o‘sha binoga yetib borish yo‘lidagi xavfsizligi “Damaschi” yoki “Matizchi” akalarning ixtiyorida qolyapti. Ta’lim tizimida xavfsiz transport tizimini yo‘lga qo‘yish — bu faqat qulaylik emas, bu kelajak avlod hayotinining xavfsizligini ta’minlashdir. Har holda YTH oqibatida nogiron bo‘lgan bolalarni davolashga imtiyoz berish uchun byudjetdan pul ajratgandan ko‘ra, mablag‘ni maktab avtobuslariga sarflagan foydaliroq bo‘ladi.
Live
Barchasi