Buxoroda tomorqasini “nashazor”ga aylantirganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Buxoroda o‘z uyining tomorqasida taqiqlangan giyohvand modda – jami 100 tupdan ko‘p kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 22 may kuni Buxoro viloyati Kogon shahri Ichki ishlar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbir davomida Kogon shahar “Zirobod” mahallasida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni hamda tomorqa yeri ko‘zdan kechirilgan. Natijada ushbu fuqaro o‘z tomorqasida jami 118 tup bo‘yi 25-90 sm bo‘lgan o‘tkir hidli kannabis o‘simliklarini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan va daliliy ashyolar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan. 
O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur o‘simliklar umumiy 1350 gramm vaznga ega bo‘lgan giyohvandlik vositasi ekani tasdiqlangan. 

Shuningdek, Kogon shahar “Zirobod” mahallasida yashovchi boshqa bir fuqaroning yashash xonadoni va tomorqa yeri ham ko‘zdan kechirilganda, u yerda fuqaro jami yetti tup bo‘yi 12-50 sm bo‘lgan o‘tkir hidli kannabis o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelayotgani aniqlangan. Ekspertiza xulosasiga asosan ushbu daliliy ashyolar taqiqlangan giyohvandlik o‘simligi ekanligi tasdiqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan. 

Mazkur holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi birinchi qismi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida o‘z tomorqasida 24 tup ko‘knori yetishtirayotgan va qariyb 30 kg ko‘knori hosilini saqlab kelayotgan shaxs qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro giyohvand modda kannabis nasha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing