Germaniyada bolalar qotili sifatida tanilgan “niqobli odam” Fransiyada ham umrbod qamaldi
Olam
−
08:35 1715 2 daqiqa
Germaniyada uch nafar bolani o‘ldirganlik uchun avvaldan umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan va “niqobli odam” laqabi bilan tanilgan 55 yoshli nemis Martin N. Fransiyada yana bir bola qotilligi uchun aybdor deb topildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Fransiyaning Nant shahri sudi uni 2004 yil aprel oyida 10 yoshli Jonatanni o‘g‘irlab ketish va o‘ldirishda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Jonatan Fransiyaning Sen-Breven-le-Pen shahridagi maktab oromgohidan o‘g‘irlab ketilgan edi. Bir necha haftadan keyin uning jasadi zo‘ravonlik alomatlari bilan o‘g‘irlab ketilgan joydan taxminan 30 kilometr uzoqlikdagi ko‘ldan topilgan.
Sud jarayonida Martin N. qotillikka aloqadorligini qat’iy rad etdi. Uning himoyachilari esa ayblanuvchining o‘sha vaqtda Fransiyada bo‘lganini tasdiqlovchi aniq dalillar mavjud emasligini ta’kidlab, oqlashni talab qildi.
Martin N. Germaniyada qariyb 20 yil davomida kichik yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan va 8, 9 hamda 13 yoshli uch nafar bolani o‘ldirgan. U uzoq vaqt davomida ikki xil hayot kechirib, kunduzi bolalar oromgohlari va internatlarda tarbiyachi bo‘lib ishlagan, kechalari esa yuziga qora niqob kiygan holda jinoyatlar sodir etgan. Shu sababli unga “niqobli odam” laqabi berilgan.
Uning jinoyatlari qurbonlardan birining ko‘rsatmalari orqali fosh etilgan. Keyinchalik Martin N. 2011 yilda qo‘lga olinib, 2012 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Sud jarayonida u jinoyatlarining katta qismini tan olgan.
Fransiyadagi Jonatan ishi bo‘yicha DNK yoki boshqa bevosita dalillar topilmagan. Biroq tergovchilarni bir qator bilvosita dalillar ishontirgan. Xususan, guvohlardan biri bolaning jasadi topilgan ko‘l yaqinida Germaniya raqamli avtomobilni ko‘rganini aytgan. Shuningdek, 2017 yilda Martin N. bilan bir kamerada saqlangan mahbuslardan biri u Fransiyada bola o‘ldirganini tan olganini ma’lum qilgan.
Sud prokuraturaning qotillik uslubi Martin N.ning Germaniyada sodir etgan jinoyatlariga o‘xshash ekani haqidagi dalillarini asosli deb topdi va uni aybdor deb e’lon qildi.
Live
Barchasi