Germaniya, Fransiya va Britaniya G‘azoda otashkesimga chaqirdi
Olam
−
26 iyul 2977 2 daqiqa
Kecha, 25 iyul kuni Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya birgalikda bayonot e’lon qilib, G‘azo sektoridagi barcha tomonlarni zudlik bilan otashkesimga erishishga chaqirdi. Bu haqda Germaniya hukumati rasmiy saytida e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar otashkesim e’lon qilinishi bilan bir vaqtning o‘zida, 2023 yilning 7 oktyabridan beri HAMAS tomonidan ushlab turilgan isroillik garovdagilarni ozod qilishga chaqirgan.
“Otashkesim to‘g‘risida kelishuvga erishish – garovdagilarni uylariga qaytarish, ularning oilalari aziyatini tugatish va G‘azodagi tinch aholi ahvolini yengillashtirishning eng yaxshi yo‘lidir”, deyiladi bayonotda.
Tomonlar HAMASni qurolsizlantirish zarurligini va ushbu tashkilot kelajakda G‘azo boshqaruvida ishtirok etmasligi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, AQSH, Qatar va Misrning vositachilik harakatlari qo‘llab-quvvatlanishi qayd etilgan.
Bayonotda G‘azo sektoridagi insonparvarlik inqirozi jiddiy ahvolda ekani ta’kidlangan. Oziq-ovqat va ichimlik suvi kabi asosiy ehtiyojlar shoshilinch ta’minlanishi lozimligi qayd etilgan. Yevropa mamlakatlari Isroilni yordam yetkazish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishga va BMT hamda insonparvarlik tashkilotlariga hududda erkin faoliyat yuritishiga yo‘l ochishga chaqirgan. Shu bilan birga, Isroil xalqaro gumanitar huquq qoidalariga rioya etishi shartligi uqtirilgan.
Yevropa mamlakatlari BMT va boshqalar bilan hamkorlikda mukammal va aniq kelgusi bosqich rejasini ishlab chiqish niyatida ekanini bildirgan.
Bu reja quyidagilarni nazarda tutadi:
- muvaqqat boshqaruv va xavfsizlik mexanizmlari;
- keng qamrovli gumanitar yordam yetkazish;
- Isroil qo‘shinlarini hududdan olib chiqish;
- HAMASni G‘azoning siyosiy tizimidan chetlashtirish.
Eslatib o‘tamiz, 24 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron BMT Bosh Assambleyasining sentyabrdagi sessiyasida mamlakati Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgandi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakati bu qadamni keskin qoralashi va Falastin davlati tashkil etilishini o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rishini aytdi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Qo‘shma Shtatlar Fransiyaning Falastin davlatini tan olish niyatida qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Fransiya yetakchisining Parijning Falastin davlatini tan olishga tayyorligi haqidagi so‘zlari hech qanday ahamiyatga ega emasligini aytdi.
Live
Barchasi