G‘arbiy Yevropa davlatlari Rossiya-Ukraina mojarosidan charchagan – Polsha Bosh vaziri
Olam
−
16 dekabr 2022 10612 2 daqiqa
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Yevropa Ittifoqining sammiti yakunlari bo‘yicha brifingda G‘arbiy Yevropa davlatlari Rossiya-Ukraina mojarosidan charchaganini ta’kidladi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.
Moravetskiyga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar to‘plami deyarli 200 nafargacha jismoniy shaxslar, kompaniya va tashkilotlar, jumladan, uchta bank, harbiy-sanoat kompleksi, energetika kompleksi va tog‘-kon sanoati korxonalarini qamrab oladi. Iqtisodiy sanksiyalar ikki tomonlama ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlarga tegishli bo‘lib, Rossiyaga harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlar va fuqarolik texnologiyalarini yetkazib berish bo‘yicha eksport nazoratini kuchaytiradi.
“Biz Rossiyadagi tog‘-kon sanoatiga sarmoya kiritishni taqiqlashni joriy qildik. Shuningdek, Rossiyaga ko‘rsatilishi taqiqlangan xizmatlar ro‘yxati ham kengaytirildi. Yevropa Ittifoqida har qanday holatda ham konsensusga erishish kerak, chunki ko‘plab G‘arbiy Yevropa davlatlari Rossiya-Ukraina mojarosidan charchagan”, deya ta’kidlaydi Moravetskiy.
Sanksiyalarni uzaytirish to‘g‘risida
Polsha va Litva Yevropa Ittifoqiga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni har olti oyda emas, balki yiliga bir marta uzaytirishni ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.
Moravetskiyning so‘zlariga ko‘ra, muhokama ishtirokchilari keyingi sammitda bu masalaga qaytishga kelishib oladi.
“Biz bunday sanksiyalar muddatiga rozi bo‘lish-bo‘lmasligimizni batafsil muhokama qilamiz”, deydi Moravetskiy.
Ma’lumot uchun, Rossiya Ukrainaga bosqinni boshlagandan beri Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi to‘qqizta sanksiyalar paketini allaqachon joriy qilgan. Sakkizinchi sanksiyalar paketi joriy yilning oktyabr oyi boshida tasdiqlangan edi.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan to‘qqizinchi sanksiyalar paketini kelishib olgani haqida xabar berilgan edi.
Ozoda Choriyeva
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr