G‘alaba uchun menda hamma narsa bor – Sindorov
Sport
−
11:26 3645 3 daqiqa
Kecha, 14 aprel kuni Nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov, amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi shaxmat toji uchun bo‘lajak bahsda o‘z imkoniyatlaridan foydalanishga harakat qilishini va’da berdi. Bu haqda u Nomzodlar turnirining 13-turidan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida “2022-yilgi Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safidagi g‘alaba, 2025 yilgi Jahon Kubogidagi shaxsiy muvaffaqiyat va nihoyat, joriy da’vogarlik siklidan so‘ng erishish mumkin bo‘lgan yana bir, eng asosiy maqsad haqida o‘ylayapsizmi?” degan savolga javoban Sindorov shunday dedi:
“Bu haqda ko‘p o‘ylashni istamagandim. Yil oxirida matchim bor va bu juda qiyin bahs bo‘ladi, deb o‘ylayman”.
O‘zbekistonlik shaxmatchining tushuntirishicha, Gukeshda jahon chempionati matchlarida qatnashish tajribasi bor, biroq Sindorov hindistonlik grossmeysterga qarshi bo‘lajak bahsda o‘zining ustunliklarini ham sanab o‘tdi.
“Mening juda yaxshi jamoam, ishlash uchun barcha zarur sharoitlarim bor, shu bois ko‘p mehnat qilib, o‘z imkoniyatlarimdan foydalanishga harakat qilaman”, deydi shaxmat tojiga da’vogar.
Da’vogarlar turniridagi muddatidan avvalgi g‘alabasi haqida so‘z yuritar ekan, Sindorov bu juda uzoq turnir bo‘lganini va har bir tur nihoyatda murakkab kechganini bildirdi.
“Hatto, so‘nggi kunlarda uyqum ham yaxshi bo‘lmadi. Ammo hozir ushbu turnirni shunday muvaffaqiyatli yakunlaganimdan juda xursandman va barchaga – oilamga, murabbiyimga, sekundantlarimga, meni qo‘llab-quvvatlagan har bir kishiga rahmat aytaman”, deydi o‘zbekistonlik grossmeyster.
Bugun, 15 aprel kungi Nomzodlar turnirining so‘nggi turi haqida gapirar ekan, Sindorov turnir jadvalidagi vaziyat endi uning xitoylik Vey I bilan partiyasiga psixologik bosim o‘tkazmasligini qayd etdi va diqqat-e’tibori nafaqat o‘z o‘yiniga, balki parallel ravishda o‘tayotgan ayollar orasidagi Nomzodlar turniriga ham qaratilishini aytdi. Ushbu turnir yakunlariga ko‘ra, amaldagi jahon chempioni, xitoylik Syuy Vensyunning ayollar o‘rtasidagi shaxmat toji uchun bo‘lajak bahsdagi raqibasi aniqlanadi.
“Bu partiya bosimsiz o‘tadi va men Sarani (qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Assaubayeva – tahr.) qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Uning ham imkoniyatlari juda yaxshi, ko‘ramiz”, deydi erkaklar o‘rtasidagi Nomzodlar turniri g‘olibi.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov 13-turga qadar biror marta mag‘lubiyatga uchramadi. 14 apreldagi durangdan so‘ng, u ochkolarini 9,5 taga yetkazdi va Anish Giri bilan oradagi 2 ochkolik farqni saqlab qoldi. O‘zbekistonlik grossmeyster so‘nggi turda bugun, 15 aprel kuni xitoylik Vey I bilan bahs olib boradi. Shundan so‘ng mukofot jamg‘armasi 700 ming dollar bo‘lgan turnir o‘z yakuniga yetadi.
Mazkur natijadan keyin Sindorov reytingda 2775,4 ochko jamg‘arib, dunyoning 5-raqamli shaxmatchisiga aylandi. Sindorovdan oldinda yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov (2780) o‘rin olgan. Shuningdek, Fabiano Karuana (2784,9), Hikaru Nakamura (2794,1) va Magnus Karlsen (2840) top uchlikni egallab turibdi.
Live
Barchasi