Futbolchilardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas – Shavkat Mirziyoyev
Sport
−
30 iyun 6630 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtirokiga munosabat bildirib, futbolchilarni tanqid qilish emas, aksincha, ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligini aytdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
“Milliy jamoamizning AQSH va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u, bir jon bo‘lib, katta his-hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda ko‘plab futbolchilari Yevropaning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo terma jamoalari bilan o‘tkazilgan o‘yinlar orqali o‘ziga tajriba orttirdi, mundial nafasini his qildi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini kiritib, xalqimizga xursandchilik bag‘ishladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari terma jamoaning mundialdagi ishtiroki yuzasidan turli fikrlar bildirilayotganini qayd etar ekan, mamlakat sharafini himoya qilgan futbolchilarga nisbatan ortiqcha tanqidlar o‘rinsizligini bildirgan.
“Lekin vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim”, deydi Prezident.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishini ta’kidlagan. Eng avvalo, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantirilishi va kelasi yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi aytib o‘tilgan.
“Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!” deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining “K” guruhida Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5 va Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani guruh bosqichidayoq yakunlagan edi.
Live
Barchasi