Qizni shaxsiy rasmlari bilan shantaj qilgan talaba ushlandi (video)
3-sahifa
−
11 iyun 6967 2 daqiqa
Jizzax viloyatida o‘zganing shaxsiy foto va videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, 10 million so‘m talab qilgan talaba qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax shahrining “Toshloq” mahallasida yashovchi fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilib, farzandiga nisbatan noqonuniy harakat qilgan shaxsga qarshi chora ko‘rishni so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, shaharning “Obod” mahallasida istiqomat qiluvchi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil oluvchi 2006 yilda tug‘ilgan talaba arizachining farzandiga tegishli bo‘lgan shaxsiy va oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan foto va video tasvirlarni qo‘lga kiritgan. Ushbu shaxs tasvirlarni jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari va tanishlariga tarqatish bilan tahdid qilgan va ularni tarqatmaslik evaziga 10 million so‘m talab qilib, noqonuniy ravishda moddiy manfaat olishga uringan.
Bildirilishicha, gumonlanuvchi talab qilgan 10 million so‘mni olayotgan vaqtida Jizzax viloyati IIB tomonidan qo‘lga olingan. Tekshiruv davomida uning mobil telefonida ariza muallifiga tegishli shaxsiy foto va video materiallar topilgan. Shu bois bir dona telefon apparati rasmiy ravishda hujjatlashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Vobkent tumanida o‘zaro til biriktirib, oilali erkakni shantaj qilgan ikki dugona qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi