“Fon”da yana qizlar! Toshkent va Xorazmda yupun holdagi o‘quvchi qizlar sovuqda raqs tushirildi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Shovot tumani hokimligi tumanda o‘tkazilayotgan sumalak saylidan tasvirlarni e’lon qildi. Vaholanki, unda sovuq havoda  atlas ko‘ylak kiygan kichkina qizlar qaltirab raqs tushish uchun tayyorlanayotgani aks etgan. Eng yomoni atrofdagi o‘rindiqlarda qalin kiyimlarni kiyib o‘tirib olgan odamlar sovuqda qaltirayotgan qizlarga e’tibor ham bermasdan ovqatlanyapti.

Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng, Toshkent shahri Qibray tumanida o‘tkazilgan “Assalom, Navro‘z!” tadbirida o‘quvchi qizlar yupun kiyimda raqsga tushayotgani aks etgan surat tarqaldi. Suratda qalin kiyimdagi odamlar sovuqda qaltirab raqsga tushayotgan qizlarni tomosha qilib turganini ko‘rish mumkin.

So‘nggi kunlarda havo sovib, harorat minus -1 darajaga tushdi. Bugun esa qor ham yog‘di. Qorni sovug‘idan saqlanishga harakat qilib, hamma o‘z yog‘iga o‘zi qovurilayotgan bir vaqtda qizlarni ko‘chada, yupqa kiyimda raqsga tushirayotgan “kattakon”larga tarif berishga til ojiz.

Mazkur holat yuzasidan izoh bergan Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibiga ko‘ra, vazirlik tomonidan avval ham bir necha bor turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda o‘tkazish, bolalar bilan suratlardagi kabi holatlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berilgan va bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga choralar ham qo‘llanilgan.

“Shunga qaramay hali hamon joylarda bunday noxush holatlar afsuski davom etmoqda. Ayni damda fotosuratlardagi holatlar qaysi maktab tomonidan yo‘l qo‘yilgani o‘rganilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nima uchun har tadbirda kattalarni ko‘nglini olish uchun qizlar “dekoratsiya” bo‘lishi kerak? Nimaga ota-onalar qizlarini bu holatda raqsga tushayotganiga befarq? O‘quvchi va talaba qizlardan chiroyli fon sifatida foydalanishga qachongacha chidash mumkin?

Avvalroq, Toshkentdagi maktablardan birida tashkil etilgan tadbirda havo sovuq bo‘lishiga qaramay o‘quvchi qizlar yupun holda mehmonlarni kutib olishga chiqarilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

408

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing