Finlyandiya Rossiya biqinida harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi
Olam
−
16 may 1133 2 daqiqa
Finlyandiya Harbiy-dengiz kuchlari joriy yilning 18-29 may kunlari Fin qo‘ltig‘ida “Narrow Waters 26-1” mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Bu haqda mamlakatning Harbiy-dengiz kuchlari saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, manevrlar Janubiy Finlyandiyaning qirg‘oqbo‘yi hududlari va Arxipelag dengizini ham qamrab oladi. Mashg‘ulotlarga jami 3 mingga yaqin harbiy xizmatchi jalb etiladi. Asosiy vazifa – haqiqiy urush sharoitida harakat qilishga tayyorgarlikni tekshirishdan iborat. Mashq tadbirlari doirasida dengiz va havo uchuvchisiz tizimlaridan (dronlardan) faol foydalanish rejalashtirilgan.
Fin harbiylariga xorijiy kontingentlar ham qo‘shiladi: Germaniya Harbiy-dengiz kuchlarining qirg‘oq yeger rotasi (100 ga yaqin kishi) va AQSH dengiz piyodalarining taxminan 30 nafar harbiy xizmatchisi.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli 2023 yilning bahorida NATOga a’zo bo‘lgan Finlyandiya Rossiya chegaralari yaqinida alyansning mashg‘ulotlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda. Mart oyida mamlakat shimolida Norvegiya rahbarligida keng ko‘lamli “Cold Response 26” manevrlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda 14 davlatdan, jumladan, AQSH va Buyuk Britaniyadan 25 ming harbiy qatnashgan. O‘shanda NATOning shimoliy qanotini mustahkamlash va murakkab iqlim sharoitlarida o‘zaro hamkorlik qilish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilgan. 2025 yilning noyabr oyida esa Rossiya chegarasidan bor-yo‘g‘i 100 kilometr uzoqlikda 2,2 ming harbiy va 500 ta texnika birligi ishtirokida “Northern Strike 25” mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tgan.
Finlyandiya alyansga qo‘shilganidan keyin NATOning Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan chegara uzunligi ikki barobarga – 1300 kilometrdan ko‘proqqa uzaydi. Uning ortidan Shvetsiya ham (2024 yil bahorida) alyansga a’zo bo‘ldi. Shu bilan birga, Ukrainaga bostirib kirishni dastlab NATOning kengayishini to‘xtatish zarurati bilan izohlagan Vladimir Putin, Xelsinki va Stokgolm ariza topshirganidan so‘ng, Moskva ularning a’zoligini “jiddiy tahdid sifatida ko‘rmasligini” bayon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiya hukumati yadroviy qurolni olib kirish va saqlashga ruxsat berishni taklif qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi