FIFA'ning sobiq bosh kotibi korrupsiyada aybdor deb topildi
Sport
−
20 dekabr 672 1 daqiqa
Shveysariya Oliy sudi FIFA'ning sobiq bosh kotibi Jerom Valke hamda biznesmen Dinosa Derisani Jahon chempionatlarining televideniye translyatsiyasi bo‘yicha shartnomalar yuzasidan olib borilgan muzokaralarda korrupsiyada aybdor deb topdi. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil iyul oyida Valke va Deris poraxo‘rlikda ayblangan edi. Sud qaroriga ko‘ra, Jerom Valke 2026 va 2030 yilgi Jahon chempionatlari uchun media huquqlarini qo‘lga kiritish maqsadida til biriktirganlikda ayblanib, 11 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan.
Shuningdek, Valke 1,25 million yevro miqdoridagi porani olganlik hamda hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. Sud hujjatlarida ta’kidlanishicha, ushbu uchta to‘lovning korrupsion harakatlarini yashirish maqsadida sobiq FIFA bosh kotibi ularni o‘z kompaniyasining 2013 va 2014 yillardagi moliyaviy balanslarida uzoq muddatli kreditlar sifatida rasmiylashtirgan.
Ma’lumot uchun, Jerom Valke 2007 yilda FIFA bosh kotibi lavozimini egallagan. 2015 yilda u korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar sabab lavozimidan chetlatilgan bo‘lsa, 2016 yil yanvar oyida FIFA favqulodda qo‘mitasi qarori bilan rasman tashkilot bosh kotibi lavozimidan ozod etilgan.
Live
Barchasi