Eronda oliy rahbarni kim saylaydi va Xomanaiyning izdoshi kim?
Olam
−
03 mart 7295 2 daqiqa
Eron Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatning oliy rahbarini 88 nafar din ulamolaridan iborat Ekspertlar kengashi saylaydi. Bu organ asosan yuqori martabali va chuqur bilimli kishilardan tashkil topgan bo‘lib, ularni saylov orqali shakllantirishadi. Oliy rahbar vafot etsa yoki lavozimini bajara olmasa, aynan shu kengash yangi rahbarni tanlaydi.
Kengash qaror qabul qilguncha davlat boshqaruvi vaqtincha uch kishilik kengash qo‘liga o‘tadi. Uning tarkibiga Prezident, sud hokimiyati rahbari va Ekspertlar kengashi bilan bog‘liq yuqori martabali ulamo kiradi. Bu tartib ilk bor 1989 yilda, Islom Respublikasi asoschisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy vafot etganidan so‘ng qo‘llangan va o‘shanda Oyatulloh Ali Xomanaiy oliy rahbar etib saylangan edi.
Kimlar ehtimoliy voris sifatida tilga olinmoqda?
Siyosiy doiralarda bir nechta nomzod muhokama qilinmoqda. Ular orasida Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy nomi eng ko‘p tilga olinayotganlardan. Shuningdek, sobiq Prezident Hasan Ruhoniy, Islom Respublikasi asoschisining nabirasi Hasan Xumayniy, shuningdek tajribali siyosatchilar Sodiq Omuliy Lorijoniy va Ali Lorijoniy ham ehtimoliy nomzodlar qatorida qayd etilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, yangi rahbar amaldagi hokimiyat tizimi ichidagi shaxslardan tanlanishi ehtimoli yuqori. Biroq hozirgi vaziyat siyosiy va harbiy bosimlar fonida kechayotgani sababli vorislik jarayoni oson bo‘lmasligi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilishidan oldin Tehrondagi yo‘l harakati kameralarini buzib kirgani va uning harakatlarini kuzatgani aytilgan edi.
Live
Barchasi