Eron Hormuzni ochsa, AQSH Tehron aktivlarini blokdan chiqarmoqchi – OAV

Olam

image

AQSH Hormuz bo‘g‘ozini ochish sharti bilan Eron aktivlarini blokdan chiqarishga rozi bo‘ldi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH Eronning Qatar va boshqa xorijiy banklarda saqlanayotgan moliyaviy aktivlarini blokdan chiqarishga rozi bo‘lgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Tehron mablag‘larining blokdan chiqarilishi “Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq” va bu muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘lishi kutilmoqda. Eron AQSHning ushbu niyatini muzokaralar jarayoni va kelishuvga erishishga bo‘lgan “jiddiy” munosabat belgisi sifatida qabul qilmoqda.

Manba Vashington muzlatishdan chiqarishga rozi bo‘lgan aktivlar miqdorini aytmagan, biroq boshqa bir eronlik manbaga ko‘ra, gap Qatar ixtiyorida bo‘lgan 6 milliard dollarlik (umumiy miqdori 100 milliard dollardan ortiq) muzlatilgan mablag‘lar haqida bormoqda. Ushbu mablag‘lar 2018 yilda Vashington tomonidan bloklangan. Bu aktivlar 2023 yilda AQSH va Eron o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi doirasida blokdan chiqarilishi kerak edi, ammo 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS guruhining Isroilga hujumidan so‘ng o‘sha paytdagi prezident Jo Bayden ma’muriyati ularni qayta bloklab qo‘ygan.

Ushbu mablag‘lar Janubiy Koreyaning Eron nefti uchun to‘lovi bo‘lib, dastlab 2018 yilda Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Eronga qarshi sanksiyalarni qayta joriy etib, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvni bekor qilganidan so‘ng Janubiy Koreya banklarida bloklangan.

2023 yil sentyabr oyida Doha vosichiligida AQSH va Eron o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mahbuslar almashinuvi doirasida pullar Qatardagi bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Almashinuv Eronda hibsda ushlab turilgan besh nafar AQSH fuqarosini ozod qilishni va bunga javoban pul mablag‘larini blokdan chiqarishni, shuningdek, AQSHda hibsga olingan besh nafar eronlikni ozod etishni nazarda tutgan edi.

AQSH rasmiylari bu pullar faqat gumanitar maqsadlar uchun mo‘ljallanganini va AQSH Moliya vazirligi nazorati ostida Eronga yetkazib beriladigan oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tasdiqlangan yetkazib beruvchilar o‘rtasida taqsimlanishi kerakligini bildirgan.

Islomoboddagi muzokaralar

Eron delegatsiyasi ham Pokiston poytaxtiga yetib borgan. Unga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va parlament spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibaf rahbarlik qilmoqda. Muzokaralar markazida AQSHning taxminan 450 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uranni topshirish va Hormuz bo‘g‘ozini xalqaro kema qatnovi uchun to‘liq ochish talabi turishi kutilmoqda. Boshqa asosiy masalalar qatoriga Eronning mintaqaviy ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi, Eron ballistik raketa dasturining maqomi va Tehronning Amerika sanksiyalarini bekor qilish talabi kiradi. Eronni bombardimon qilish to‘xtatilgandan beri bo‘g‘oz orqali faqat oz sonli kemalar o‘tgan.

Pokiston diplomatik manbalariga ko‘ra, muzokaralar bugun, 11 aprel kuni mahalliy vaqt bilan kunning ikkinchi yarmida boshlanishi kerak. Avvaliga delegatsiyalar Pokiston vosichilari – Bosh vazir Shahboz Sharif va oliy harbiy qo‘mondon, feldmarshal Osim Munir bilan alohida uchrashadi. Shundan so‘ng AQSH va Eron vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak.

AQSH armiyasining iste’fodagi generali Jek Kin kecha, 10 aprel kuni Amerika qurolli kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishga tayyorligini ma’lum qildi. 

“Men bilamanki, bizning kuchlarimiz ushbu bo‘g‘ozni ochishi va u orqali o‘tayotgan kemalar xavfsizligini ta’minlashi mumkin”, deydi u “Fox News” telekanaliga. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar bo‘g‘ozning butun hududi ustida “mutlaq havo to‘sig‘ini” o‘rnatishga qodir. Tramp Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi har qanday kelishuv uchun asosiy shart ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Tehron esa o‘z navbatida Eronning bo‘g‘oz ustidan nazorat qilish huquqi tan olinishiga intilmoqda. Shuningdek, u mintaqadagi barcha harbiy operatsiyalarni to‘xtatishni va Eronga yetkazilgan zarar uchun reparatsiya (tovon puli) to‘lashni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron haligacha Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ocha olmayotgani, chunki u yerga o‘rnatilgan barcha dengiz minalarini aniqlolmayotgani va ularni tezkor zararsizlantirish imkoniyatiga ega emasligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Qatar aktiv Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing