Eron, Tojikiston, Afg‘oniston – fors tilli davlatlar ittifoqi yoxud bu TDTga qarshi yurishmi?
Tahlil
−
21:20 2150 12 daqiqa
Bir tomonda “Makka kelishuvi”, yana bir tomonda Turkiy davlatlar tashkilotining global maydondagi ta’siri kengayib borayotgan bir paytda Eron ham Markaziy Osiyodan ittifoqchi izlamoqda. Joriy yilning 16 avgust kuni Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif Tojikiston vakili bilan uchrashuvda fors tilida so‘zlashuvchi davlat va hududlar ittifoqini tuzishni taklif qildi. Ba’zilar ushbu tashabbusni umumiy til, madaniyat va sivilizatsion meros bilan izohlayotgan bo‘lsa, boshqalar esa geosiyosiy maydonda muvozanatni saqlash va forsiy alyansning ta’sirini saqlab qolish uchun harakat sifatida talqin etmoqda.
Fors tili va madaniyati asrlar davomida Eron, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo xalqlarini bog‘lab kelgan. Aynan shu jihatdan mintaqada fors madaniyatining ta’siri doim bo‘lib kelgan. Bugun esa mintaqada turkiy davlatlarning integratsiyasi ham jadallashmoqda. Shu fonda Tehronning forsiy dunyoni birlashtirish haqidagi g‘oyasi oddiy madaniy hamkorlik tashabbusi emasligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu maqolada bu g‘oya qayerdan paydo bo‘lgani, uning tarixiy ildizlari va eng muhimi – bunday ittifoq Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida gaplashamiz.
Jiddiy taklif
Eronning fors tilida so‘zlashuvchi davlat va hududlarni birlashtirish haqidagi tashabbusi 16 avgust kuni Tehronda yangradi. Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma bilan uchrashuvda “Fors tilida so‘zlashuvchi davlatlar va hududlar ittifoqi”ni tashkil etishni taklif qildi.
Orifning ta’kidlashicha, Eron va Tojikistonni umumiy til, madaniyat va sivilizatsion meros bog‘lab turadi. Uning fikricha, aynan shu umumiylik forsiy dunyo doirasidagi madaniy va sivilizatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun asos bo‘la oladi. Eron vitse-prezidenti taklifni ikki davlat rasmiylarining kelgusidagi tashriflari va uchrashuvlari davomida jiddiy muhokama qilish zarurligini ta’kidlagan.
Biroq uchrashuvda gap faqat madaniy aloqalar haqida bormadi. Orif Eron va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlari so‘nggi yillarda rivojlanganini, biroq mavjud salohiyatga nisbatan hali yetarli darajaga chiqmaganini qayd etdi. U Eronning ilmiy, texnik va muhandislik imkoniyatlarini ham tilga olib, mamlakat bu boradagi tajribasini do‘stona va qo‘shni davlatlar bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.
Tojikiston tomoni esa hozircha mazkur taklifga qo‘shilganini yoki kelajakdagi ittifoqni qo‘llab-quvvatlashini rasman bildirmadi. Daler Juma ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va madaniy munosabatlar rivojlanayotganini ta’kidladi hamda hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zarurligiga urg‘u berdi. U Tehronda Eronning energetika, neft, tashqi ishlar hamda yo‘l va shaharsozlik vazirlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarini ham tilga olib, hamkorlikning savdo, energetika, transport, madaniyat va turizm kabi yo‘nalishlarini qayd etdi.
Yaqin Sharqdagi eng notinch hududga aylanib borayotgan Eron bilan ittifoq tuzish Tojikistondek katta kuch markazlari o‘rtasida joylashgan mamlakat uchun katta tavakkalchilik bo‘ladi. Aynan shu sababli Dushanbeniнг rasmiy pozitsiyasi hozircha o‘ta ehtiyotkor: Tojikiston Eron bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga tayyorligini namoyish qilmoqda, biroq forsiy davlatlar ittifoqini tashkil etish bo‘yicha Eron taklifiga qo‘shilganini rasman e’lon qilmagan.
Tarixiy g‘oya yoki orzu
“Fors tilida so‘zlashuvchi davlatlar ittifoqi” o‘z tarkibiga Eron, Tojikiston va Afg‘onistonni olishni ko‘zda tutgan. Erondagi fors tili, Tojikistondagi tojik tili va Afg‘onistondagi dariy tili tarixan yagona bir til – IX–XV asrlarda shakllangan Klassik fors tili asosida shakllangan. Garchi talaffuz va alifboda farq mavjud bo‘lsa-da, bu tillarda so‘zlashuvchilar bir-birini deyarli 80–90 foiz tushunadi. Aynan shu tufayli ushbu uchlik o‘rtasida muayyan ittifoq tuzish tez-tez kun tartibida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ladi.
Eronning fors tilida so‘zlashuvchi davlatlarni birlashtirish g‘oyasi yoki boshqacha qilib aytganda, orzusi kechagina paydo bo‘lgani yo‘q. Uning ildizi kamida 2005–2006 yillarga borib taqaladi. O‘sha davrda Eron va Tojikiston o‘rtasidagi yuqori darajadagi muzokaralarda uchta davlat – Eron, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatda esa forsiy davlatlar ittifoqini shakllantirish masalasi ko‘tarilgan. 2006 yil 26 iyulda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan uch davlat rahbarining ilk sammitida madaniy hamkorlik komissiyasini tuzish va fors tilidagi umumiy telekanal yaratish g‘oyasi ilgari surilgandi.
2007 yilda Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda forsiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlagan. 2008 yilning martida esa Eron, Tojikiston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari Fors tilida so‘zlashuvchi davlatlar Iqtisodiy kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shu tariqa dastlab madaniy yaqinlikka tayangan tashabbus iqtisodiy va siyosiy hamkorlik elementlarini ham qamrab ola boshlagan.
2009 yilda esa g‘oya yanada aktuallashadi. Shu yilda tashkil etilgan Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashi Tojikistonning asosan turkiy tilli Markaziy Osiyo davlatlari orasida go‘yoki yakkalanib qolishiga sabab bo‘ldi. Aynan shu sababli, dastlab bunday ittifoqni tuzishga eng katta qiziqishni Tojikistonning o‘zi ko‘rsatgan edi. Bir vaqtlar tojik akademik va ziyoli doiralarida “tarixiy Tojikiston” g‘oyasi ommalashgandi. Bu esa O‘zbekiston bilan munosabatlardagi taranglikka sabab bo‘ldi va kengroq ma’noda, Tojikistonning asosan turkiy tilli mintaqa bo‘lmish Markaziy Osiyoda ajralib qolish hissini kuchaytirdi.
Tojikistonda ilgari surilgan “Oriy” nazariyasi Eronda ham muayyan darajada xayrixohlik bilan kutib olindi va Tehronning kengroq pan-eronchilik dunyoqarashi unsurlariga mos keldi. 1990 yillar va 2000 yillarning boshlari Tojikiston uchun o‘ta og‘ir davr bo‘ldi. Ba’zi tojik siyosiy tahlilchilarining fikricha, mamlakat turkiy xalqlar ustunlik qiladigan mintaqaviy muhitda o‘zining alohida o‘zligini yo‘qotishdan va tobora chetga surilib qolishdan xavotirda edi. Oqibatda, mamlakat og‘ir iqtisodiy hamda siyosiy qiyinchiliklar bilan kurashayotgan bir paytda ko‘mak ilinjida Eronga yuzlandi.
Biroq Tehronning yondashuvi boshqacha edi. Yevroosiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti veb-saytining 2010 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytdagi Eron Tashqi ishlar vaziri Manuchehr Muttakiy fors tilli ittifoq iqtisodiy hamkorlikka urg‘u bermasligini aytgan edi. Eron va Tojikiston allaqachon Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (Economic Cooperation Organization) a’zo bo‘lgani sababli, alohida iqtisodiy tuzilmaga hojat yo‘q edi. Aksincha, ushbu g‘oya xavfsizlik va mudofaa yo‘nalishiga ega bo‘lishi mumkin, deb qaraldi.
Bu holat o‘sha paytdagi Eron Mudofaa vaziri Ahmad Vohidiyning 2010 yil may oyi o‘rtalarida Dushanbe shahriga tashrifi chog‘idagi fikrlarida ham o‘z aksini topgan. U 3 ta fors-tojik tillarida so‘zlashuvchi mamlakat – Afg‘oniston, Tojikiston va Eron o‘rtasidagi harbiy hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
O‘sha davrda Eron bir nechta strategik maqsadlarni ko‘zlagan edi: Markaziy Osiyoda o‘z ishtirokini kengaytirish, turkiy integratsiyaning ortib borayotgan sur’atiga qarshi turish va Afg‘onistondagi o‘z ta’sirini mustahkamlash.
Biroq bu takliflar, bayonotlar hamda ushbu g‘oyani balandparvoz iboralar bilan targ‘ib qiluvchi kitoblarning nashr etilishidan nariga o‘tmadi va deyarli hech qanday natijaga erishilmadi. Hatto uch davlat uchun umumiy fors tilidagi telekanal yaratish rejasi ham amalga oshmadi.
Asosiy to‘siq Tehron, Dushanbe va Qobulning bu boradagi qarashlari bir xil emasligi edi. Eron tashabbusga ancha katta siyosiy mazmun yuklagan. Ahmadinajod forsiy madaniy yaqinlikni kelajakda siyosiy-strategik hamkorlikka aylantirish mumkin deb qaragan. Rahmon ham bu g‘oyaga kamida siyosiy jihatdan ijobiy munosabat bildirgan: Dushanbe uchun bunday tuzilma O‘zbekistonning mintaqadagi ta’sirini muvozanatlashtirish va turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyaga muqobil platforma yaratish imkonini berishi mumkin edi.
Afg‘oniston esa ancha ehtiyotkor pozitsiyada bo‘lgan. Qobul forsiy madaniy aloqalarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, ittifoqning siyosiy yoki strategik tuzilmaga aylanishidan manfaatdor emas edi. Bunga mamlakatning ko‘p millatli va ko‘p tilli tarkibi, shuningdek, o‘sha davrda AQSHning Afg‘onistondagi siyosiy va xavfsizlik roliga kuchli bog‘liqligi sabab bo‘lgan. Afg‘oniston aholisining sezilarli qismi pushtu tilida so‘zlashishi ham “forsiy davlatlar ittifoqi” konsepsiyasini amaliy jihatdan murakkablashtirgan.
Bundan tashqari, uch mamlakatning davlat tuzumi, siyosiy manfaatlari va ijtimoiy qadriyatlari o‘rtasidagi farqlar ham integratsiyani chekladi. Til jihatidan yaqin bo‘lsa-da, Eron shiy’a mazhabidagi islomiy davlat, Tojikistonda esa asosiy aholi sunniy mazhabiga e’tiqod qiladi va mamlakat dunyoviylik yo‘lini tanlagan edi. Afg‘oniston ham bu davrda Islom Respublikasi bo‘lgan bo‘lsa-da, mazhab jihatidan asosiy aholi sunniy edi. Bir so‘z bilan aytganda, bunday ittifoqni tuzish uchun yakdil harakat yo‘q edi.
Shunga qaramay, bugun bu g‘oya yana kun tartibiga chiqmoqda. AQSH va Isroil bilan mojarodan boshi chiqmayotgan Eron bugun yana bunday takliflarni ko‘tarayotgani vaziyatga boshqacha nigoh bilan qarashga undamoqda. Yana bir jihati – bu tashabbus Markaziy Osiyoda turkiy davlatlar integratsiyasi, xususan, Turkiy davlatlar tashkilotining kuchayib borayotgan bir davriga to‘g‘ri kelayotgani bilan ham e’tiborga molik.
Nega amalga oshmaydi?
Eronning forsiyzabon davlatlarni birlashtirish tashabbusi ortida faqat madaniy yaqinlik emas, balki o‘zining mintaqaviy ta’sirini saqlab qolish istagi ham ko‘rinadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Turkiya va Ozarbayjonning Markaziy Osiyodagi faolligi va Turkiy davlatlar tashkilotining kengayib borayotgan hamkorligi Tehron uchun yangi geosiyosiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Ozarbayjonlik mutaxassislar ham Eron taklifini TDTning kuchayishiga javob sifatida baholamoqda.
Bu jarayon faqat Markaziy Osiyo bilan cheklanmaydi. 7 avgust kuni Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston Makka mudofaa kelishuvini imzoladi. Sunniy musulmon bo‘lgan ushbu uch davlat ittifoqi, garchi ochiq aytilmayotgan bo‘lsa-da, aholisi shiy’a mazhabiga e’tiqod qiluvchi Eronni ajratib qo‘yishga urinish sifatida talqinlar ko‘paymoqda.
Shu fonda forsiyzabon davlatlar ittifoqi Eron uchun o‘ziga xos “yumshoq kuch” va geosiyosiy tayanch vazifasini bajarishi mumkin. Tehron Markaziy Osiyoda turkiy integratsiya kuchayib borayotgan bir paytda forsiy-madaniy makon atrofida alohida hamkorlik platformasini shakllantirish orqali o‘zining tarixiy, madaniy va siyosiy ta’sirini mustahkamlashga urinayotgani haqidagi qarashlar yetarlicha asosli ko‘rinmoqda.
Ammo bu yerda Eronning asosiy muammosi – bugun uning hamkorlarida bunday platformaga ehtiyoj yo‘q. Dushanbe forsiyzabon dunyodagi Eronning eng yaqin madaniy hamkorlaridan biri bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda turkiy davlatlar bilan aloqalarini ham sezilarli darajada kengaytirdi. Buning eng so‘nggi misollaridan biri 31 iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy uchrashuvidir. Unda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham to‘laqonli a’zo sifatida qatnashdi.
Muhimi, Dushanbe bu formatni shunchaki ramziy uchrashuv sifatida ko‘rmayapti. Rahmon mintaqadagi transport-logistika, energetika, sanoat, raqamlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Demak, Tojikiston bir tomondan forsiy madaniy merosini saqlagan holda Eron bilan aloqalarni rivojlantirsa, ikkinchi tomondan turkiy davlatlar bilan iqtisodiy va siyosiy integratsiyani ham chetga surib qo‘ymoqchi emas. Aytishganidek, “Uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qo‘shni yaxshi”.
Shu sababli Eronning yangi taklifi amaliy ittifoqqa aylanishining ehtimoli past. Tehron uchun Tojikistonni forsiyzabon makonning siyosiy tayanchiga aylantirish muhim bo‘lsa, Dushanbe uchun birgina madaniy yaqinlik sabab Turkiya, Ozarbayjon va boshqa turkiy davlatlar bilan rivojlanayotgan ko‘p qirrali aloqalardan voz kechish manfaatli emas. Shuning uchun forsiyzabon ittifoq hozircha real integratsion blokdan ko‘ra, Tehronning o‘z ta’sir doirasini saqlab qolishga qaratilgan geosiyosiy va madaniy tashabbusi bo‘lib qolishi ehtimoli yuqori.
Afg‘oniston omili ham bu o‘rinda alohida ahamiyatli. Amaldagi mamlakat tizimi to‘laqonli “Tolibon” harakati qo‘lida. Ular esa asosan sunniy pushtunlardir. Ular uchun “Fors dunyosi” yoki “Pan-eronizm” g‘oyalari o‘zlarining pushtun milliy va diniy ustunligiga tahdid sifatida qaralishi mumkin. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida chegaraviy muammolar ham bor. Hilmand daryosi suvidan foydalanish muammosi va chegara to‘qnashuvlari tez-tez kuzatilib turgani sababli, Afg‘onistondagi ayni tuzum bilan bunday ittifoq tuzish imkoniyati juda past.
Nega Eron TDTga qarshi?
Turkiy davlatlar tashkiloti harbiy tuzilma emas, xo‘sh, nega Tehron uning rivojlanishidan xavotirda?
Aslida Eronning tashkilotga ham, unga a’zo davlatlarga ham hech qanday rasmiy qarshiligi yo‘q. Mamlakat Markaziy Osiyo bilan ham, boshqa turkiy davlatlar bilan ham do‘stona aloqalarga ega. Faqat, Ozarbayjondan tashqari.
Eronning Ozarbayjon bilan munosabatlari boshqa turkiy davlatlarga nisbatan ancha keskinroq. Ikki davlat o‘rtasida to‘laqonli urush yuz bermagan bo‘lsa-da, chegaradagi harbiy mashg‘ulotlar, o‘zaro tahdidlar va qurolli hodisalar mintaqa vaziyatini xavfli darajaga olib kelgan.
2021 yil oktyabrda Eron Ozarbayjon chegarasi yaqinida yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Mashg‘ulotlarda tanklar, artilleriya, vertolyotlar va dronlar qatnashadi. Tehron bunga Ozarbayjonning Isroil bilan yaqin harbiy aloqalari hamda Baku hududida Isroil kuchlari bo‘lishi mumkinligidan xavotiri sabab bo‘lganini bildirgan.
Bundan tashqari, Ozarbayjonning Turkiya va Pokiston bilan o‘tkazgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari ham Tehronni xavotirga soldi. Baku esa Eronning chegaradagi kuch namoyishiga Turkiya bilan Naxchivonda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish orqali javob berdi.
Mojaroning markazida Zangezur yo‘lagi masalasi turdi. Ozarbayjon Naxchxivonni mamlakatning asosiy hududi bilan Armaniston orqali bog‘lashni istaydi. Tehron esa bunday yo‘lak Eronning Armaniston bilan quruqlik aloqasini zaiflashtirishi va Turkiya – Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik bog‘liqlikni kuchaytirishidan xavotirda.
Bunga Eronning Ozarbayjon bilan bog‘liq yana bir strategik xavotiri – Isroil omili qo‘shiladi. Ozarbayjon Isroil qurollarining yirik xaridorlaridan biri bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Tehron uchun jiddiy xavfsizlik masalasidir.
2026 yil 5 martdagi qarama-qarshilik esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashganini ko‘rsatib berdi. Ozarbayjon Eron tomonidan uchirilgan 4 ta dron Naxchxivonga kirib, aeroport terminali va maktabga zarar yetkazgani, to‘rt kishi yaralanganini ma’lum qildi. Baku javob choralarini tayyorlashga buyruq berdi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Eronni “terroristik” hujumda aybladi. Ammo rasmiy Tehron Naxchivon aeroporti nishonga olinganini rad etdi.
Garchi bugun Pezeshkiyon Ozarbayjon bilan aloqalarni yaxshilashga va “yangi sahifa” ochishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, munosabatlardagi sovuqlik hanuz saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari, turkiy davlatlarning integratsiyalashuvi O‘rta koridorning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Bu esa ayni paytda okeanga chiqishda muammolarga duch kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun optimal variant bo‘lib qolmoqda. Bu esa O‘zbekiston kabi davlatlarning Eron portlariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytiradi. AQSHning mazkur savdo yo‘lagini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashining asosiy sababi ham aynan Eronning logistik ahamiyatini pasaytirish bo‘lishi mumkin.
Chobahor va Bandar-Abbos portlari hanuz O‘zbekiston uchun okeanga chiqishning eng qisqa yo‘li bo‘lib turibdi. Dengiz orqali yuk tashish esa har qanday transport vositasidan arzonroq ekanligi hammaga ma’lum. Agar Eron va AQSH o‘rtasidagi ziddiyat davom etsa, O‘zbekiston uchun O‘rta koridordan yaxshiroq variant yo‘q.
Xulosa qilib aytganda, fors tilli davlatlar ittifoqi diniy va etnik jihatdan yakkalanib qolayotgan Eronni qutqaruvchi bir “arqon” bo‘lishi mumkin. Ammo bugun bunday tuzilmani yaratishga na Tojikistonda, na Afg‘onistonda xohish bor.
Live
Barchasi