Eron Tel-Aviv markazidagi temir yo‘l stansiyasiga zarba berdi (video)
Olam
−
13:35 6326 1 daqiqa
Bugun, 18 mart kuni Eron tomonidan amalga oshirilgan ommaviy raketa hujumi oqibatida Tel-Aviv markazida joylashgan “Savidor” temir yo‘l stansiyasida jiddiy vayronagarchiliklar qayd etildi. Bu haqda Isroilning “Kan” davlat teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ham vokzal majmuasiga, ham yo‘llarda turgan poyezdga zarar yetgan, shuningdek, platforma shikastlangan. Zararlanish hujum qaytarilgandan so‘ng raketa parchalari yoki zarba beruvchi elementlarning qulashi oqibatida yuzaga kelgan. Isroil tez tibbiy yordam xizmati matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kamida ikki kishi og‘ir jarohat olgan. Qutqaruvchilar bir nechta hodisa joylarini ko‘zdan kechirmoqda.
Xabar qilinishicha, zarba berishda kassetali o‘q-dorilardan foydalanilgan. Stansiyadan tashqari, vayronagarchiliklar Tel-Aviv va qo‘shni Ramat-Gan shahridagi o‘nlab turarjoy binolariga ham ta’sir qilgan, u yerda halok bo‘lganlar ham bor.
Tel-Avivdan sharqroqda joylashgan “Xolon Jankshen” stansiyasi hududida raketa parchalari tushishi xavfi tufayli Tel-Aviv va Rishon-le-Sion o‘rtasidagi gavjum yo‘nalishda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Politsiya poytaxt okrugining bir nechta nuqtalarida raketa parchalari topilganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroil hududiga keng ko‘lamli zarbalar berilganini ma’lum qilgandi. Bu hujum Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining sobiq kotibi Ali Larijoniy halok bo‘lganiga javob sifatida amalga oshirilgan.
Live
Barchasi