Eron AQSHning Qatar, Bahrayn, Quvayt va BAAdagi bazalariga zarba berdi (video)
Olam
−
28 fevral 8036 3 daqiqa
Bugun, 28 fevral kuni Eron Fors ko‘rfazidagi AQSH harbiy infratuzilmasiga yalpi zarba berishga o‘tdi hamda Qatar, Bahrayn, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklaridagi (BAA) strategik ob’ektlarga bir qator sinxron ballistik zarbalar berdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum mintaqadagi aksariyat mamlakatlar havo hududining zudlik bilan yopilishiga va Amerika aviabazalari hamda Beshinchi flotning logistika tuguniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalar berilgani haqidagi xabarlar fonida tinch aholining zudlik bilan boshpanalarga evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgan.
“Eron qurolli kuchlari mintaqadagi Amerika bazalariga zarbalar bermoqda”, deb xabar bergan Eron davlat televideniyesi.
Ayniqsa, Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokining asosiy qismi joylashgan Bahraynda vaziyat juda og‘ir. Mahalliy BNA axborot agentligi AQSH Beshinchi flotining Bahrayndagi xizmat ko‘rsatish markazi raketa hujumiga uchraganini xabar qildi. Ushbu ma’lumotlar kuchli portlashlar fonida favqulodda xavfsizlik choralarini joriy etgan Bahrayn Ichki ishlar vazirligi xabarlari bilan tasdiqlanmoqda.
“Xavfli vaziyat signallari yangradi... Fuqarolar va aholiga asosiy yo‘llardan faqat zarurat tug‘ilganda foydalanish tavsiya etiladi”, deya ma’lum qilgan idora.
Bahrayndagi AQSH harbiy-dengiz bazasi joylashgan hudud ustida qalin tutun ustunlari ko‘tarilgan. Shu bilan birga, Qatardagi Al-Udeyd aviabazasiga ham hujum qilingan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uchta raketa urib tushirilgan, qolganlari esa nishonga yetib borgan. Biroq Qatar Mudofaa vazirligi amirlik tomon otilgan barcha raketalar tutib qolinganini da’vo qilmoqda. Ynetnews ga ko‘ra, portlashlar BAA poytaxti Abu-Dabi va Quvaytda ham qayd etilgan. Amirliklarda havo mudofaa tizimlari ishlashiga qaramay, Eron raketalari Al-Dhafra aviabazasiga zarba bergan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.