Erdo‘g‘an turkiy til kunini nishonlashni taklif qildi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 15 dekabrni Butunjahon turkiy til oilasi kuni etib belgilashni taklif qildi. U bu haqda bugun, 7 oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabalada bo‘lib o‘tayotgan 12-sammitida so‘z ochdi.

Turkiya rahbari ushbu tashabbusni 30 oktyabr kuni Samarqandda boshlanadigan UNESCO'ning 43-konferensiyasida taqdim etishni tavsiya qilgan. Shuningdek, hozirda tashkilotda kuzatuvchi maqomida qolayotgan Turkmanistonning yaqin kelajakda TDTga to‘laqonli a’zo bo‘lishini xohlashligini ham bildirgan.

Umumiy turkiy alifboni shakllantirishni jadallashtirish kerakligini ta’kidlagan Turkiya yetakchisi qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov va “O‘g‘uznomalar” haqidagi asarlar umumiy alifboda nashr etilgani va bu nashrlarning nusxalari bugungi sammitda TDT rahbarlariga taqdim etilishini urg‘ulagan.

Ta’kidlash joizki, 2024 yilning 11 sentyabr kuni Ozarbayjonning Baku shahrida Xalqaro turk akademiyasi va Turk lingvistlari jamiyati tomonidan turkiy davlatlar uchun umumiy alifbo tasdiqlangan edi. Jami 34 harfdan iborat bo‘lgan mazkur alifbo loyihasi aslida 33 yil oldin, ya’ni 1991 yilda taklif qilingan va ilk bor barcha turkiy olimlar tomonidan ma’qullangan. 

Mutaxassislarning fikricha, lotin yozuvidan foydalanayotgan Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston, shuningdek, kirill alifbosidan voz kechish jarayonidagi Qozog‘iston uchun yagona alifboni qabul qilish nisbatan oson kechishi mumkin. Biroq, barcha turkiy davlatlar bu yangi tizimga darhol o‘tishga tayyor emas. Masalan, Qirg‘iziston hanuz kiril alifbosidan voz kechmagan va lotin alifbosiga o‘tish siyosiy qarorlarga bog‘liq.

Umumiy turkiy alifboga o‘tishning asosiy maqsadi sifatida madaniy va til birligini mustahkamlash, yozma shaklda ko‘p tillik turkiylar o‘rtasida integratsiyani osonlashtirish, qog‘oz, elektron nashr va ilmiy materiallar bir alifboda tushunarli bo‘lishi ta’mirlash ko‘zda tutilmoqda. Bu tashabbus bir-birini tushunish uchun hali ham rus tilidan foydalanayotgan sobiq sovet ittifoqining turkiy mamlakatlari orasida ramziy jihatdan birlashishni ifoda etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 mart kuni Erdo‘g‘an Navro‘zni Turkiyada bahor va qardoshlik bayrami deb e’lon qilishni taklif etgan edi.

“21 martni Navro‘z bayrami deb e’lon qilishni taklif qilaman. Turkiya parlamentiga taklif bilan chiqishga tayyorman”, degan u o‘shanda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon Rajab Toyib Erdo'g'an UNESCO TDT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing