Endi pasport yoki ID-karta yo‘qotganlik uchun jarima to‘lanmaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda fuqarolik pasporti, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini yo‘qotib qo‘ygan yoxud yaroqsiz holga keltirgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortmaslik tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 15-iyul kuni imzolagan “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 265-son qarorida belgilandi.

Yangi tartib joriy etilsa, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yo‘qotgan fuqarolar endi avvalgidek ma’muriy jarima to‘lamaydi. Ular faqat yangi hujjatni rasmiylashtirish uchun belgilangan davlat bojiga qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirgan holda pasport, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini qayta olishi mumkin bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, mazkur tartibni joriy etish bo‘yicha takliflar hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari joriy yilning oktyabr oyiga qadar Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

Ma’lumot uchun, ayni paytda amaldagi tartibda bunday holatlar uchun fuqarolarga ma’muriy choralar qo‘llanadi. Yangi mexanizm esa hujjatlarni qayta rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish va fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq transport vositalarini boshqarish davomida haydovchilar yo‘l-patrul xizmati xodimlariga biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishlari shartligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing