Endi qonunni buzgan bolalar sudlanmaydi – Tojikistonda 

Olam

image

Endi Tojikistonda o‘rta va yengil turdagi jinoyatlarni sodir etgan bolalar sudlanmaydi. Bu haqda "Asia-Plus" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, UNICEF Shveysariya hukumatining moliyaviy ko‘magida “Tojikistonda bolalarning odil sudlovdan teng foydalanishini ta’minlash” haqidagi yangi loyihasini ishga tushirdi. Uning maqsadi - bolalar uchun jinoiy javobgarlikni muqobil turlarga almashtirishdir.

Loyiha qiymati 1 million AQSH dollarini tashkil etib, yaqinda qabul qilingan “2023-2027 yillarda voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlov tizimini isloh qilish dasturi” doirasida jinoiy javobgarlikni muqobil axloq tuzatish chora-tadbirlari bilan almashtirish tizimini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi.

 Nashrning yozishicha, asosiy e’tibor jazodan ko‘ra ko‘proq reabilitatsiya, ta’lim va reintegratsiyaga qaratilgan.

“So‘nggi yillarda amalga oshirilgan ko‘plab islohotlarga qaramay, bolalar adliya tizimida xalqaro standartlarga, jumladan, BMTning bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga mos kelmaydigan eskirgan yondashuvlar qo‘llanilmoqda. Tojikiston bolalarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan choralarni qo‘llashda muvaffaqiyatga erishdi. Biroq, jinoyat qurbonlariga nisbatan adolatni tiklashga yordam beradigan va bolalarning jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladigan omillarni yo‘qotish mexanizmlari mavjud emas ", deyiladi UNICEF'ning press-relizida.

Bundan tashqari, loyihaga ko‘ra, Tojikiston qonunlari va amaliyoti xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Loyiha Tojikiston mamlakatining barcha hududlaridagi 100 ta maktabni qamrab oladi va asosiy e’tibor o‘smirlar, maktab o‘quvchilari, xavf guruhidagi ota-onalar va vasiylar hamda qonunga zid bo‘lgan bolalarga qaratiladi.

Ushbu tashabbusda turli mutaxassislar, jumladan sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, huquqshunoslar, ijtimoiy xizmatchilar, o‘qituvchilar va jamoat rahbarlari birlashadi.

Loyiha Tojikiston hukumatiga mavjud ijtimoiy xizmat xodimlarini xaritalash va huquqiy - ijtimoiy ta’minot tizimlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilashga yordam berishi aytilmoqda.

Muqaddasxon Sattarova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tojikiston UNICEF

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing