Dunyoning yangi “xo‘jayini”. Xitoy AQSH va Rossiyani qanday tiz cho‘ktirdi?
Tahlil
−
24 iyun 12458 21 daqiqa
Xitoy dunyoni egallyapti. Buning uchun u qayergadir hujum qilmayapti, raketalar yoki tanklardan foydalanmayapti, shunchaki miyani ishlatyapti. "Qarz tuzog‘i diplomatiyasi" sabab hatto qo‘shni Tojikiston ham Singapur davlatiga ikkita keladigan o‘z yerlarini Xitoyga o‘tkazib berdi. Xitoy shu darajaga yetdiki, bir paytlar uni sindirish uchun sanksiyalar joriy qilgan Tramp maqsadiga erishish uchun AQSHning eng yirik tadbirkorlarini ham oldiga solib Si Szinpin huzuriga kelyapti. Dunyoning yana bir qudratli davlati sifatida ko‘riladigan Rossiya ham chin o‘lkasiga najot izlab keldi. Bular shunchaki tasodif deb o‘ylaysizmi? Yo‘q! Yer yuzining birinchi raqamli mamlakati nomini olish uchun AQSH va Rossiya yillar davomida turli jabhalarda kurashgan bo‘lsa-da, bugun har ikki mamlakat yetakchisi Si Szinpin oldida iltifot bilan kulib turishga, delegatsiyasiga eng zo‘rlarini yig‘ib kelishga majbur bo‘layotgan ekan, dunyo lideri kim degan savolga javob izlash shartmasdek ko‘rinyapti. Xitoyning rivojlanishi alohida o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzudir. Shu sabab bugungi mavzuga qo‘l urdik.
Jurnalist sifatida har bir qilingan iddaoga fakt ko‘rsatish kasbiy majburiyatimdir. “Xitoy dunyoni egallyapti” degan gapni ham shunchaki xitoycha yozilgan reklama bannerlari ko‘paygani yoki xitoyliklar soni oshayotgani uchun aytmayapmiz. So‘zimizga isbotni rad etib bo‘lmas faktlar zanjiri, iqtisodiy qaramlik xaritalari va global miqyosdagi boshqaruv richaglari orqali ko‘rsatamiz.
1-Isbot: Xitoy dunyo iqtisodiyotini qamrab olgan
“Made in China” yozuvini ko‘rganida ayrimlarning xayoliga arzon va nisbatan sifatsizroq mahsulotlar kelishi mumkin. Ammo real hayotda ham shundaymi? Yo‘q. Masalan, Xitoyda ishlab chiqiladigan juda ko‘p tovarlarga “Made in …” deb ko‘pgina rivojlangan davlatlarning nomi yoziladi. Ularning orasida ko‘pchilik uchun obro‘ manbaiga aylangan Ayfonlar ham bor. Dunyodagi eng yirik Ayfon zavodi Xitoyning Chjenchjou shahrida joylashgan bo‘lib, uni iqtisodchilar "Ayfon City" deb ataydi. Bu yerde bir kunda 500 mingdan ortiq “Ayfon” yig‘iladi. Smartfon tarkibidagi butlovchi qismlarning, ya’ni kameralar, akkumulyatorlar, shisha panellar va korpuslarning kamida 50 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy ichidagi yetkazib beruvchilar tomonidan ishlab chiqariladi. Apple butun ishlab chiqarishini Hindiston yoki Vetnamga ko‘chirmoqchi bo‘layotgani haqida ko‘p gapiriladi. Lekin iqtisodiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, agar Xitoy zavodlari butunlay to‘xtasa, Apple zanjiri uziladi. Chunki mikroskopik vintlardan tortib, ekran modellarigacha bo‘lgan minglab detal yetkazib beruvchilar faqat Xitoyda. Ya’ni agar Xitoy bu o‘yindan chiqsa, Ayfon ishlab chiqarish 90 foizga to‘xtab qoladi.
Bugun G‘arb Tesla, BMW, Mercedes elektromobillariga o‘tish orqali ekologiyani qutqarmoqchi va kelajakni boshqarmoqchi. Biroq, ularda bitta katta ahamiyatga ega fakt bor! Xitoysiz bitta ham elektromobil joyidan jila olmaydi. Sababini tushuntiraman.
Elektromobil tannarxining 40 foizini uning batareyasi tashkil qiladi. Dunyodagi litiy-ionli batareyalar ishlab chiqarish quvvatining 75 foizdan ortig‘i Xitoy hisobiga to‘g‘ri keladi. CATL va BYD kompaniyalari dunyoni batareya bilan ta’minlaydi. Yana Xitoyning qo‘lida noyob metallar monopoliyasi ham bor. Batareya va elektromobil motorlari uchun eng muhim materiallar — litiy, kobalt, grafit va nodir yer elementlaridir. Xitoy dunyodagi grafitning deyarli 70 foizini qazib oladi va dunyodagi nodir yer metallarini qayta ishlashning 90 foizini mutlaq nazorat qiladi. Tushunyapsiz-a? Ilon Mask yoki G‘arb avtogigantlari qanchalik milliarder bo‘lishmasin, Xitoy o‘z zavodlarini yopsa yoki metallar eksportiga cheklov qo‘ysa, dunyoda elektromobil sanoati taqa-taq to‘xtaydi. Qarang, Xitoy qay darajaga yetgan. Hali Ilon Mask qaramligiga yana qaytamiz.
Xitoyning kuchini ko‘rsatadigan eng dahshatli va ko‘pchilik bilmaydigan yana bir soha bor — tibbiyot! G‘arb o‘zining zamonaviy shifoxonalari va dorilari bilan maqtansa-da, ularning xomashyosi Xitoydan keladi. Dorining asosi hisoblangan va unga shifobaxsh xususiyat beruvchi kimyoviy moddalarning dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchisi Xitoydir. AQSH va Yevropa Ittifoqida sotiladigan eng ommabop dorilar — antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi vositalar va qon bosimiga qarshi dori xomashyosining 80 foizi Xitoydan import qilinadi.
Xitoy zavodlari bor-yo‘g‘i bir necha haftaga dori asoslarini yetkazishni to‘xtatsa, G‘arb kasalxonalari dori-darmonsiz qoladi. Oddiy operatsiyalar asoratli infeksiyalar sababli o‘lim bilan yakunlanishi mumkin. Bu shunchaki iqtisodiy inqiroz emas, gumanitar halokatga olib keladi. Tushunyapsiz-a? Davom etamiz.
Dunyoda infratuzilma va qurilishni Xitoy metallurgiyasisiz tasavvur qilib bo‘lmasligini navbatdagi fakt sifatida qabul qilishingiz mumkin. Xitoy dunyodagi jami po‘lat va sementning 50 foizdan ortig‘ini yakka o‘zi ishlab chiqaradi. G‘arbdagi osmono‘par binolar, ko‘priklar va yo‘llarning tannarxi Xitoy metallining narxiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Kelajak energiyasi hisoblangan quyosh panellarining dunyo bo‘yicha 80 foizdan ortig‘i Xitoyda tayyorlanadi. G‘arb "yashil energiya"ga o‘tish strategiyasini to‘liq Pekindan sotib olyapti.
G‘arb siyosatchilari minbarlarda turib Xitoyga sanksiyalar qo‘llash, iqtisodiy aloqalarni uzish haqida chiroyli nutqlar so‘zlashadi. Ammo bu shunchaki siyosiy ritorika. Haqiqat shundaki, Xitoy zamonaviy dunyo sivilizatsiyasining poydevoriga o‘zining 'iqtisodiy mixlari'ni shunday chuqur qoqqanki, ularni sug‘urib olish poydevorning o‘zini qulashiga olib keladi. Dunyo Xitoyda yig‘ilgan telefondan foydalanyapti, Xitoy metallidan qurilgan uylarda yashayapti, Xitoy xomashyosidan tayyorlangan dorilar bilan yer ahli davolanyapti. Bugun dunyoning 'Yuragi' Amerikada yoki boshqa bir gigant davlatda urayotgandek ko‘rinishi mumkin, ammo endi siz juda ko‘p narsa Pekinga bog‘liq ekanini bilasiz.
2-isbot: Global qarz qopqoni
Bugungi kunda Xitoy dunyoning eng yirik rasmiy kreditoriga aylanib ulgurdi. U Jahon banki va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasini birgalikda qo‘shib hisoblagandan ham ko‘proq qarz tarqatgan va bu pul oqimi dunyoning 150 ga yaqin davlatini o‘z ichiga olgan "Bir makon, bir yo‘l" loyihasi doirasida harakatlanadi. Shartnomalarning mayda harflarida yashiringan bandlar esa vaqti kelib davlatlarning suverenitetini bo‘laklab yuborishga xizmat qiladi. Hatto davlatlar pullarni qaytarolmay o‘z yerlarini Xitoyga o‘tkazib beryapti. Shu o‘rinda sizni “nega aynan Xitoydan qarz olishadi” degan savol o‘ylantirgandir. Bunga ham javob tayyor.
Tasavvur qiling, bir kambag‘alroq yoki rivojlanayotgan davlatda yangi temir yo‘l, ulkan ko‘prik yoki elektr stansiyasi qurish kerak, lekin xazinada pul yo‘q. Tabiiyki, ular moliyaviy ko‘mak qidirib xalqaro maydonga chiqadi. Bu yerda ularni ikki xil yo‘l kutib turadi. Agar ular G‘arb davlatlari yoki Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi eshigini qoqqudek bo‘lsa, u yerdagilar pul berishdan oldin yuzlab og‘ir shartlarni ko‘ndalang qo‘yadi. Davlatingda korrupsiyani yo‘qot, matbuotga erkinlik ber, davlat xarajatlarini qisqartir, qonunlaringni shaffof qil va hokazo. Talablarni bajarish va tekshirishlar yillab cho‘zilishi mumkin. Aynan mana shu bosqichda sahnaga Xitoy kirib keladi. Pekin g‘oyat aqlli va jozibador ohangda taklif beradi. "Bizga sizning ichki siyosatingiz, inson huquqlari yoki mamlakatingizdagi korrupsiya darajasi qiziq emas. Biz hamkorlikka tayyormiz, mana sizga so‘ragan milliardlab dollarlaringiz, mana bizning tayyor quruvchilarimiz, ishni boshlaymizmi?"
Tuzoq pullarning qanday berilishida yashiringan. Xitoy qarz oluvchi davlatning qo‘liga hech qachon naqd pul tutqazmaydi. U o‘zining davlat banklaridan pul ajratadi, bu pul to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyning o‘ziga tegishli ulkan qurilish kompaniyalariga o‘tkaziladi. Keyin esa o‘sha loyihani amalga oshirish uchun Xitoydan po‘lat, og‘ir texnika va hattoki minglab ishchilar kelib, ob’ektni qurib bitkazadi. Yakunda qarz olgan davlatga xitoyliklar qurgan ob’ekt qoladi yonida qog‘ozdagi ulkan qarz bilan. Pul esa Xitoydan chiqib, aylanib o‘z poytaxtiga qaytib ketadi.
Bu jarayonning eng birinchi va yorqin qurboni Shri-Lanka bo‘ldi. Mamlakat Xitoydan olgan milliardlab dollarlik qarzlarini qaytara olmay qolgan lahzada, Pekin shartnoma shartlarini ishga soldi. Oqibatda, Shri-Lanka Hind okeanidagi eng strategik nuqtada joylashgan "Hambantota" dengiz portini va uning atrofidagi 6 ming gektar yerini Xitoyga 99 yilga mutloq nazorat va ijaraga topshirishga majbur bo‘ldi. Endi u yerda Xitoyning ko‘rinmas harbiy va iqtisodiy bazasi shakllandi.
Xuddi shu ssenariy Pokistonda ham takrorlanmoqda. Xitoy bu davlatga 65 milliard dollardan ortiq sarmoya va qarz kiritdi.
Evaziga esa Pokistonning eng muhim strategik ob’ekti — Gvadar chuqur dengiz porti 40 yilga Xitoy kompaniyalari boshqaruviga o‘tdi.
Bugun Xitoy Yaqin Sharqdan sotib olayotgan neftini AQSH floti nazorat qiladigan xavfli dengiz yo‘llaridan emas, aynan mana shu Gvadar porti orqali quruqlikdan to‘g‘ri o‘z zavodlariga olib ketyapti.
Agar Laos davlatiga qarasak, u yerda vaziyat yanada dramatik. Xitoy o‘z chegarasidan Laos orqali o‘tuvchi 6 milliard dollarlik tezyurar temir yo‘l qurdi. Bu raqam kichik Laosning butun boshli yillik yalpi ichki mahsulotining deyarli yarmini tashkil qilardi. Davlat qarz botqog‘iga botgach, o‘zining milliy elektr tarmoqlarini, ya’ni butun mamlakatning energetika tizimini nazorat qilish huquqini Xitoy davlat kompaniyasiga berib yuborish orqali jon saqlab qoldi. Afrikada esa Zambiyaning mis konlari, Kongoning elektromobillar uchun hayot-mamot hisoblangan kobalt va litiy konlari allaqochon to‘liq Pekin qo‘liga o‘tib bo‘lgan.
Tabiiyki, ko‘pchilikni Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydan qancha qarzi borligi qiziqtiradi. Markaziy Osiyo – Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining quruqlikdagi eng asosiy darvozasi hisoblanadi. Shu sababli, mintaqa davlatlarning Xitoy oldidagi qarzlari va iqtisodiy tobeligi turlicha.
Tojikistonda o‘ta yuqori risk darajasi mavjud. Chunki mamlakat umumiy tashqi qarzining qariyb 40 foizdan ortig‘i, taxminan $1,5 mlrd qismi aynan Xitoyning Eksimbankiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, buning oqibatlari ham jiddiy bo‘ldi. 2011 yilda Tojikiston Xitoyga qarz evaziga 1158 kvadrat kilometr hududni rasman o‘tkazib berdi. Berilgan yerlar Tojikistonning eng chekka sharqiy qismida – Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumanida joylashgan. Taqqoslash uchun, Xitoyga berilgan yer deyarli Singapur davlatining maydonidan ikki barobar katta. Bu Tojikiston umumiy hududining qariyb 1 foiziga yaqinini tashkil qiladi. Qolaversa, mamlakatdagi yirik “Yuqori Kumarg” oltin konini qazish huquqini ham Xitoy kompaniyalariga o‘tkazib bergan.
Qirg‘izistonda qarzdorlik kritik darajada deb ta’riflanadi. Chunki bu mamlakatning ham umumiy tashqi qarzining qariyb 38-40 foizi, taxminan $1,8 mlrd atrofidagi qismi aynan Xitoyga to‘g‘ri keladi. Qarzlar asosan shimol va janubni bog‘lovchi yo‘llar, Bishkek issiqlik elektr markazini modernizatsiya qilishga sarflangan. Mamlakat rasmiylari bir necha bor agar qarzlar o‘z vaqtida to‘lanmasa, strategik ob’ektlar, masalan, temir yo‘llar yoki elektr tarmoqlari Xitoy nazoratiga o‘tishi mumkinligidan xavotir bildirishgan.
Turkmanistonning qarzlari xalqaro AidData ma’lumotlariga ko‘ra, 12,2 milliard dollarni tashkil qiladi. Mamlakat Xitoydan asosan o‘zining ulkan gaz konlarini o‘zlashtirish va Xitoyga chiquvchi 4000 kilometrlik gaz quvurlari infratuzilmasini qurish uchun katta miqdorda qarz olgan. Turkmaniston bu qarzlarni Xitoyga bepul gaz yetkazib berish, ya’ni barter orqali to‘lamoqda. Garchi qarzning asosiy qismi yopilgani aytilsa-da, eksport qilinayotgan gazning deyarli barcha daromadi qarz hisobidan ushlab qolinishi mamlakat iqtisodiyotini Xitoyga to‘liq bog‘lab qo‘ygan.
2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Qozog‘istonning tashqi qarzi 165 milliard 630 million dollarni tashkil etdi. Buning 91 milliard dollardan ortig‘i – to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardir. Davlat qarzi katta bo‘lmasa-da, Qozog‘istonning neft va gaz sohasidagi davlat kompaniyalari Xitoy banklaridan milliardlarcha dollar qarz olgan. 13,2 milliard dollar – banklarning qarzi, 12,7 milliard dollar – davlat boshqaruvi organlarining qarzi. Qolgan 45,5 milliard dollarlik qarz boshqa sektorlarga tegishli.
O‘zbekiston tashqi qarzlarini diversifikatsiya qilgan, ya’ni qarzlar faqat bir davlatdan emas, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va xalqaro obligatsiyalar orqali olingan. Va bu miqdor deyarli 83 milliard dollarga teng. Xitoy taraqqiyot banki va Eksimbankidan olingan qarzlar umumiy qarz portfelining taxminan 10-15 foizi atrofini tashkil qiladi. O‘zbekistonda Tojikiston yoki Qirg‘izistondagi kabi kritik qaramlik yo‘q, biroq energetika va transport sohasidagi loyihalarda Xitoy kapitali ulushi muttasil o‘sib boryapti.
3-Isbot: Xalqaro tashkilotlardagi "Xitoy odamlari"
Xitoy dunyoni faqatgina zavodlar yoki qarzlar bilan bo‘g‘ayotgani yo‘q.
U xalqaro huquq, global standartlar va dunyo siyosatini parda ortidan boshqarish uchun eng nufuzli minbarlarni ichkaridan turib egallash taktikasini mukammal darajaga olib chiqdi. Amerika rasmiylari BMT minbarlarida shunchaki balandparvoz nutqlar so‘zlab, ommaviy "Veto" huquqini ishlatish bilan band bo‘lgan bir paytda, Pekin sukunat saqlab, tashkilotning eng muhim "dvigatellari" — ixtisoslashgan agentliklari rahbarligiga o‘z odamlarini joylashtirishni boshladi. Maqsad aniq: dunyo qoidalarini Xitoy manfaatlariga moslab qayta yozish.
Buning eng yorqin isboti sifatida BMTning to‘rtta ulkan agentligini ko‘rsatish mumkin. Masalan, dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qiluvchi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti uzoq yillar davomida Xitoy qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Syuy Dun’yuy tomonidan boshqarildi. U ushbu lavozimga kelgach, tashkilot resurslarini Xitoyning "Bir makon, bir yo‘l" loyihasini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirdi. Xuddi shunday, dunyodagi jami aviareyslar xavfsizligi va havo yo‘llari qoidalarini belgilovchi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbarligiga xitoylik diplomat Fan Lyu kelganida, u Xitoyning ashaddiy dushmani bo‘lgan Tayvanni xalqaro aviatsiya xaritalaridan va yig‘ilishlaridan butunlay chetlashtirishga erishdi. Global internet, 5G standartlari va kibermakon qoidalarini belgilaydigan Xalqaro elektraloqa ittifoqini esa xitoylik muhandis Xoulin Chjao boshqardi. U global internet ustidan davlat nazoratini kuchaytirish g‘oyasini ilgari surdi — bu Pekinning ichki senzura siyosatini dunyoga yoyish uchun ayni muddao edi. Sanoatni rivojlantirish tashkiloti esa yillar davomida Li Yong nazorati ostida bo‘ldi va rivojlanayotgan davlatlarga Xitoy sanoat modellarini singdirdi.
Ushbu yashirin kadrlar siyosatining eng dahshatli va qonli oqibatini butun insonniyat 2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi davrida o‘z tanasida his qildi. Millionlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan, global iqtisodiyotni falajlab, insonniyatni uylariga qamab qo‘ygan virus o‘chog‘i aynan Xitoyning Uxan shahri ekani hech kimga sir emas edi. Ammo fojia boshlangan ilk haftalarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va uning rahbari Tedros Adanom Gebreyesus o‘zini qanday tutdi?
JSST rahbariyati Xitoy hukumatini Uxandagi vaziyatni va virusning odamdan odamga yuqishini yashirgani uchun ochiq tanqid qilish o‘rniga, Pekinga maqtovlar yog‘dirdi. Ular virusning xavf darajasini global favqulodda holat deb e’lon qilishni hatto kechiktirishdi, davlatlarga Xitoy bilan chegaralarni yopmaslikni tavsiya qilishdi. Nima uchun? Chunki Pekin yillar davomida JSSTning eng yirik moliyaviy donoriga aylangan edi. Eng asosiysi, JSST rahbari Tedros asli efiopiyalik bo‘lib, Xitoy Efiopiya iqtisodiyotiga milliardlab dollar qarz va sarmoya kiritgan, Tedrosning ushbu lavozimga saylanishida esa BMTdagi butun boshli "Afrika ovoz berish bloki"ni Pekin parda ortidan boshqargan edi. Ya’ni, JSST rahbari Xitoyga shunchaki siyosiy qarzdor edi. Oqibatda, xalqaro tashkilotning sukunati va Pekin hisobotlariga ko‘r-ko‘rona ishonishi dunyoga millionlab qurbonlar va trillionlab dollar iqtisodiy zarar keltirdi.
Vaziyatga sodda va tahliliy xulosa beradigan bo‘lsak, G‘arb dunyosi va AQSH xalqaro maydonda hamon eski imperiyachilik uslubida harakat qilmoqda. Vashington BMT Xavfsizlik Kengashida o‘ziga yoqmagan qarorlarni shunchaki "Veto" huquqini ishlatib, kuch bilan to‘xtatib qolishga urinadi. Bu esa dunyo hamjamiyatida faqatgina agressiya va norozilik uyg‘otadi.
Xitoy esa butunlay boshqacha, ancha ayyorona yo‘l tutdi. U BMTda bitta veto tugmasini bosish o‘rniga, o‘ziga butun boshli ovoz beruvchi bloklarni bo‘ysundirib oldi. Pekin Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoning o‘nlab kambag‘al davlatlarini o‘ziga qarz qilib qo‘yish, ularning infratuzilmasini sotib olish orqali bu davlatlarning BMTdagi suveren ovozini amalda tortib oldi. Bugun BMT Bosh Assambleyasida Shinjon uyg‘urlari kamsitilishi, Gonkongdagi inson huquqlari toptalishi yoki Tayvanning maqomi masalasida ovoz berish o‘tkazilsa, AQSH va Yevropa yolg‘iz qolib ketmoqda. Chunki Xitoy qaysi tugmani bosishni buyursa, o‘sha zahoti Afrikadagi 40 ta, Lotin Amerikasidagi 20 ta davlat hech qanday e’tirozsiz o‘sha tugmani bosib beradi.
Xitoy dunyoni urush bilan emas, xalqaro tizimlarning makkorona qonuniyatlarini o‘ziniki qilish orqali parda ortidan jimgina boshqarmoqda. Qarang, Xitoy qay darajaga yetdi.
Amerika canksiyalari va tiz cho‘kkan milliarderlar
Donald Tramp 2017–2021 yillardagi birinchi prezidentligi davrida Xitoyga qarshi tarixdagi eng yirik savdo urushini boshladi. U Xitoydan kirib keladigan 350 milliard dollarlik mahsulotlarga ulkan bojlar joriy etdi, Huawei kabi texnologik gigantlarni qora ro‘yxatga “tiqdi”.
Bu orqali Tramp Pekinning rivojlanishini to‘xtatish, AQSHning Xitoy sabab savdodan ko‘rayotgan ulkan zararini kamaytirish va Xitoy ichidagi Amerika sanoatini vataniga qaytarishni ko‘zladi. Eng asosiysi — Xitoyning sun’iy intellekt va mikrosxemalar bo‘yicha dunyo gegemoniga aylanishiga to‘sqinlik qilish edi. Ammo… lekin… biroq… G‘arb siyosatchilari strategik g‘alaba haqida jar solishgan bo‘lsa-da, iqtisodiy reallik boshqacha bo‘lib chiqdi. Yutqazganlar Amerika iste’molchilari bo‘ldi. Chunki Xitoy tovarlari qimmatlashdi. Bu orada esa Xitoy o‘zining texnologik mustaqilligini tezlashtirdi. AQSH bloklagan yarimo‘tkazgich va chiplarni o‘zi ishlab chiqarishga majbur bo‘ldi va G‘arb texnologiyalariga qaramlikni kamaytirdi.
Vaqt — eng oliy hakam. O‘z vaqtida Xitoyni "dushman" deb atagan Donald Tramp, 2026 yilning 13-15 may kunlari o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati doirasida Pekinga rasmiy davlat tashrifi bilan keldi. Bu uning 2017 yildan beri Pekinga ilk qadami edi.
Tramp Xitoyga shunchaki diplomatlar bilan emas, balki umumiy boyligi qariyb 1 trillion dollarga yetadigan Amerikaning eng qudratli 17 ta top-milliarderlari va texnologik "qirollari" bilan keldi. Tramp bilan birga Tesla va SpaceX kompaniyasi rahbari Ilon Mask va dunyo AI chiplari qiroli, Nvidia kompaniyasi direktori Djensen Xuang prezident samolyoti bortida uchib keldi. Ularga Pekinda Apple direktori Tim Kuk, Larri Fink, Devid Solomon kabi “Wall-Street” va Silikon vodiysi gigantlari qo‘shildi. Hech o‘ylab ko‘rdingizmi, Milliarderlarni Pekinga nima boshlab keldi? Nima uchun kapital egalari Pekinga yugurishmoqda? Chunki kapitalizmda vatan yo‘q, unda faqat manfaatlar bor. Keling, 2 ta yirik tadbirkor misolida vaziyatga yana ham aniqroq baho beramiz.
Maskning yuragi Pekin qo‘lida
Ilon Mask uchun Xitoy shunchaki "yirik bozor" emas. Xitoy — uning ishlab chiqarish imperiyasining poydevori. 2019 yilda Shanxayga qurilgan Gigafactory Shanghai bugun Tesla uchun hayot-mamot markazi hisoblanadi. Tesla dunyo bo‘ylab sotayotgan har ikkita elektromobilining bittasi aynan Shanxoydagi zavodda ishlab chiqariladi. AQSH Xitoyga qarshi sanksiyalar e’lon qilib, Amerika biznesini u yerdan chiqib ketishga chaqirayotgan bir paytda, Mask o‘z zavodini kengaytirish bilan band. Chunki u Xitoydagi kabi mukammal ta’minot zanjiri va robotlashgan infratuzilmani dunyoning boshqa hech bir nuqtasida, hatto AQSHning o‘zida ham hozircha qurib bo‘lmasligini yaxshi biladi.
Xitoyning BYD va Xiaomi kabi milliy gigantlari bugun Teslani burchakka qisib qo‘ymoqda. BYD allaqochon global savdo hajmi bo‘yicha Tesladan o‘zib ketdi va eng asosiysi — xitoyliklar elektromobillarni ancha arzonroq va innovatsionroq ishlab chiqarishmoqda. Buni Maskning o‘zi 2024 yil boshida investorlar bilan uchrashuvda ochiq tan olgan edi: "Agar savdo to‘siqlari (sanksiyalar) o‘rnatilmasa, Xitoy elektromobil kompaniyalari dunyodagi deyarli barcha raqiblarini yo‘q qilib tashlaydi", degan edi u.
Mask Xitoy bilan qarama-qarshilik uning mashinalari batareyasiz qoldirishi mumkinligini yaxshi biladi. Sababini dastur avvalida aytib o‘tdim. Ajoyib! Dunyoni o‘z loyihalari bilan lol qoldirayotgan, yer yuzidagi birinchi trillioner, hatto Oq uy bilan bahslashishgacha borgan, mamlakat prezidenti Tramp bilan aytishishgacha bora olgan Mask Pekinga kelganda itoatkor va ehtiyotkor tadbirkorga aylanishga majbur! U Xitoy Kommunistik partiyasi chizib bergan qizil chiziqlaridan hech qachon o‘tmaydi. Nima uchun? Chunki u o‘zining Marsni zabt etish haqidagi kosmik orzulari va Tesla imperiyasi faqatgina Vashington qarorlariga emas, Pekindagi bitta imzoga ham bog‘liq ekanini juda yaxshi biladi. Qarang, Xitoy qay darajaga yetgan!
Kapitalizmda vatan yo‘qligi va uning faqat geosiyosiy chegaralarni tan olmaydigan manfaatlarga suyanishi haqidagi navbatdagi eng dramatik misol — bu Nvidia kompaniyasi va unga afsonaviy rahbari Djensen Xuangdir. Bugun dunyo smartfonlar yoki elektromobillar uchun emas, balki sun’iy intellekt (AI) tizimlarini harakatga keltiradigan eng qudratli neyrochiplar uchun parda ortida shafqatsiz urush olib boryapti. Va bu urushning mutloq qiroli — Nvidia. Biroq, bu imperiyaning taqdiri hozirda Vashington sanksiyalari va Pekin pullari o‘rtasidagi xavfli muvozanat ustida turibdi.
AQSH hukumati va Oq uy strateglari Xitoyning harbiy hamda texnologik jihatdan o‘zib ketishini to‘xtatishning eng qisqa yo‘lini topdi: Ajdahoni "miyasiz" qoldirish. Vashington Nvidia kompaniyasiga o‘zining eng ilg‘or va dunyoni hayratga solayotgan A100, H100 hamda Blackwell seriyasidagi sun’iy intellekt chiplarini Xitoyga sotishni qonunan mutloq taqiqlab qo‘ydi. Maqsad — Xitoyning Tencent, Alibaba va Baidu kabi gigantlariga o‘z superkompyuterlari va sun’iy intellekt modellarini rivojlantirishga yo‘l qo‘ymaslik edi.
Ammo Djensen Xuang uchun bu taqiq vatanparvarlik burchi emas, balki kompaniya kelajagiga berilgan dahshatli zarba edi. Chunki Xitoy — Nvidia umumiy daromadining chorak qismini (20-25 foizini) ta’minlaydigan hamkordir. Bu bozorni yo‘qotish shunchaki aksiyalar tushishi emas, milliardlab dollarlik sof foydadan mahrum bo‘lish va kelajakdagi eng yirik platformani raqiblarga boy berish bo‘ladi.
Shu sababli, Djensen Xuang g‘oyat ayyorona qadamlarni tashlashga majbur bo‘ldi. Oq uy sanksiyalarini ochiqchasiga buzolmagan milliarder ularni aylanib o‘tishning huquqiy va texnik yo‘llarini qidira boshladi. Nvidia muhandislari kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, faqat Xitoy bozori uchun maxsus, "kuchsizlantirilgan" chiplar guruhini, masalan, H20, L20 va L2 modellarini ishlab chiqdi. Bu chiplarning ishlash tezligi va quvvati AQSH hukumati qo‘ygan cheklov chiziqlaridan millimetr pastroq qilib sozlangan, ya’ni qonunan taqiqlanmagan, ammo Xitoy kompaniyalarining tirikchiligini o‘tkazishga yetarli edi.
Biroq, bu "mushuk-sichqon" o‘yinining geosiyosiy oqibatlari yanada keskin tus olmoqda. Djensen Xuang Vashingtondagi siyosatchilarni ochiqchasiga ogohlantirdi.
"Agar siz Xitoyni Amerika chiplaridan mahrum qilsangiz, ular o‘zlarinikini yaratishga majbur bo‘ladi. Xitoyda buni qila oladigan iste’dod va resurslar yetarli", dedi u.
Va bu tahlil bugun o‘zini oqlamoqda. Vashington sanksiyalari Xitoyning Huawei kabi milliy brendlarini o‘zlarining AI chiplarini Ascend seriyasini mustaqil ishlab chiqarishga majburladi. Endilikda Xitoy kompaniyalari Nvidia’ning kuchsizlantirilgan chiplaridan ko‘ra, o‘zlarining milliy mahsulotlariga sarmoya kiritishni afzal ko‘rmoqda. Bu esa Djensen Xuang uchun qo‘shaloq mag‘lubiyat xavfini tug‘diradi. U ham Xitoy bozoridagi monopoliyasini yo‘qotmoqda, ham o‘z qo‘llari bilan AQSH texnologiyalariga muhtoj bo‘lmagan yangi xitoylik raqibni tarbiyalab yetishtirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Milliarder siyosatchilarning geosiyosiy ambitsiyalari sabab milliardlab dollarlik bozorni qurbon qilishni xohlamaydi. U Xitoy iqtisodiy qudrati bilan hisoblashishga, kerak bo‘lsa Vashington bosimiga qaramay, Pekin uchun maxsus "yumshoq" shartnomalar tuzishga doim tayyor. Qarang, Xitoy qay darajaga yetgan!
Darvozasiga AQSH prezidenti katta shaxslar bilan bosh urib kelganining sababini Xitoy juda yaxshi bilar edi. Va vaziyatdan aqlli qarorlar bilan foydalandi. Parda ortida kechgan jang haqida maxsus material ham tayyorlaganmiz. Uni ekraningizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali qidirib tomosha qilishingiz mumkin.
Kremlning Pekindagi missiyasi: Putinga Xitoydan nima kerak edi?
Trampning ketidan Putin ham Pekin ostonasiga boshini urgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 19-20 may kunlari yirik va nufuzli delegatsiya hamrohligida Xitoyga uyushtirgan davlat tashrifi oddiy diplomatik uchrashuv emas, balki G‘arb sanksiyalari qurshovida qolgan Moskva uchun hayot-mamot masalasidek dahshatli ahamiyatga ega edi. Putinga hamrohlik qilgan 39 kishilik delegatsiya tarkibiga 5 nafar bosh vazir o‘rinbosari, 8 nafar federal vazir, yirik davlat korporatsiyalari rahbarlari va eng boy rus oligarxlarining kiritilgani safarning ko‘lamidan darak beradi.
G‘arb moliya tizimidan uzib qo‘yilgan Rossiya uchun iqtisodiy inqirozdan qutulishning yagona yo‘li Xitoy bozoriga butunlay bog‘lanish edi. Moskva o‘zining ulkan energetika resurslari — neft va gazini Pekinga arzon narxlarda pullash evaziga Xitoydan yuqori texnologiyalar, maishiy texnika va eng muhimi, mikrochiplar olishni maqsad qilgan. Rossiya delegatsiyasi o‘zaro savdo aylanmasini rekord darajadagi 200 milliard dollardan oshirish va eng asosiysi — G‘arb nazorat qila olmaydigan rubl hamda yuan asosidagi bank hisob-kitob tizimini uzil-kesil mustahkamlab olishni istadi.
Garchi Xitoy Ukrainadagi urushda rasman neytral ekanini va Rossiyaga qurol bermayotganini da’vo qilsa-da, Kreml delegatsiyasi parda ortida harbiy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirishni so‘rab bordi. Rossiya armiyasiga urush maydonida havo tomchilaridek zarur bo‘lgan dron texnologiyalari, harbiy maqsadlarda ham ishlatsa bo‘ladigan "ikki yoqlama mahsulotlar" yetkazib berish zanjirini uzluksiz ta’minlash safarning eng maxfiy va muhim bandlaridan biri bo‘lgani dunyo mediasida yoritildi.
Ikki kunlik qizg‘in muzokaralar yakunida Vladimir Putin va Si Szinpin jami 42 ta kelishuv va ikkita o‘ta muhim global hujjatni imzoladi. Rus delegatsiyasi o‘zi xohlagan ko‘plab maqsadlariga erishgandek ko‘rinsa-da, bu kelishuvlarning parda ortidagi natijasi Rossiyani Xitoyga yanada qaram qilib qo‘ydi. Birgina misol: Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi savdo hisob-kitoblari deyarli 100 foiz rubl va yuanga o‘tkazildi. Bu dollar ta’siridan qochish imkonini bersa-da, amalda Rossiya iqtisodiyotini Xitoy valyutasiga to‘g‘ridan-to‘go‘ri qaram qilib qo‘ydi.
Rossiya delegatsiyasining Pekindagi har bir qadami G‘arbga qarshi qaratilgan shiddatli namoyish edi. Moskva o‘zini Xitoy bilan teng huquqli, dunyoni qayta bo‘lishayotgan qudratli sherik qilib ko‘rsatishga urindi. Ammo haqiqat shundaki, G‘arb eshiklarini yopgan Rossiya bugun chorasizlikdan Xitoy shartlariga ko‘nishga majbur. Moskva AQSH va Yevropa sanksiyalariga qarshi kurashda Pekinni qalqon qilmoqchi.
Xitoy esa bu chorasizlikdan foydalanib, Rossiyani o‘zining ulkan va arzon energetika "koloniyasi"ga aylantirib bo‘ldi. Bu ittifoqda haqiqiy xo‘jayin kim ekani endi hech kimga sir emas.
Tarixdan ma’lumki, dunyodagi barcha imperiyalar davlatlarni mustamlaka qilish uchun askarlar va qon to‘kish usulidan foydalangan.
Bugun zamonaviy mustamlakachilik uchun qurol shart emasligini ko‘rib turibmiz. Shartnomadagi mayda harflar bilan yozilgan bandlar va o‘z vaqtida to‘lanmagan qarzlar har qanday armiyadan ko‘ra kuchliroq ekanini Pekin isbotladi. Bugun Afrikadan tortib to qo‘shni Tojikistongacha milliy boyliklar, konlar va portlar 'ko‘rinmas yangi xo‘jayin qo‘liga o‘tmoqda. Va eng dahshatlisi — barchasi qonuniy, barchasiga o‘sha davlatlarning rahbarlari o‘zlari qo‘l qo‘yib berishgan. Endi sizga savol. 1970-yillarning oxirigacha ocharchilikdan tinkasi qurigan, aholisi qashshoq bo‘lgan Xitoy qanday qilib bu darajaga yetdi? Qanchalik balandparvoz eshitilmasin, hammasi ilm sabab, o‘qigan, izlangan va rivojlanishdan to‘xtamayotgan yoshlari sabab. Bu katta mavzu. Xitoydagi bog‘chalar, maktab tizimi, bolalarni uxlab qolmaslik uchun o‘zini chimchilab dars qiladigan darajada harakatga undaydigan sabablar, metroda yotib olib o‘qiydigan o‘smirlar haqida keyingi maxsus sonda gaplashamiz.
Live
Barchasi