Dunyoning birinchi raqamli raketkasi tennisni boykot qilmoqchi
Sport
−
05 may 5049 2 daqiqa
Dunyoning birinchi raqamli tennischisi, belaruslik Arina Sobolenko ayol tennischilar uchun mukofot pullari ulushi oshirilmasa, turnirlarni boykot qilish ehtimoli borligini ma’lum qildi. Bu haqda Sobolenko Rimdagi WTA 1000 doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Raqamlar va o‘yinchilar oladigan ulushni ko‘rsangiz, bizsiz bunday turnir ham, tomosha ham bo‘lmas edi. Men mukofot pulining yuqori foiziga loyiqmiz, deb hisoblayman. Umid qilamanki, muzokaralar natijasida barchani qoniqtiradigan yechim topiladi. Aks holda, bir payt kelib boykot e’lon qilishimiz mumkin. Bu – o‘z huquqlarimiz uchun kurashishning yagona yo‘li”, deydi Sobolenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi davrda ayol tennischilar osonlik bilan birlashib, o‘z talablarini ilgari sura oladi, chunki ayrim masalalar o‘yinchilar uchun adolatsiz.
Ma’lumot uchun, 28 yoshli Sobolenko faoliyati davomida 24 ta WTA Tour musobaqasida g‘olib chiqqan. U, jumladan, ikki bor “Australian Open” va ikki bor “US Open” yakkalik bahslarida chempion bo‘lgan. Belaruslik tennischi faoliyati davomida qariyb 50 million dollar mukofot puli ishlab topgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sobolenko va dunyoning yetakchi 20 nafar tennischisi “Rolan Garros” tashkilotchilarga mukofot jamg‘armasi kam oshirilgani yuzasidan tanqidiy maktub yo‘llagan edi. Joriy yilning aprel oyida tashkilotchilar sovrin jamg‘armasi 2025 yilga nisbatan 9,53 foizga oshib, 61,7 million yevroga yetishini e’lon qildi. Yakkalik bahslari g‘oliblari 2,8 million yevro, finalchilar esa 1,4 million yevro oladi.
Live
Barchasi