Dunyodagi eng yirik elektrokema suvga tushirildi
Texnologiya
−
08 may 8168 2 daqiqa
Joriy yilning 2 may kuni Avstraliyaning Hobart portida dunyodagi eng yirik elektrokema suvga tushirildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, kemaning uzunligi 130 metrni tashkil etadi. Incat kompaniyasi tomonidan yasalgan bu kema Hull 096 deb nomlangan. U Janubiy Amerika parom operatori Buquebus tomonidan loyihalashtirilgan va Argentinaning poytaxti Buenos-Ayres hamda Urugvay o‘rtasida La-Plata daryosi bo‘ylab qatnaydi. Kemaning loyihaviy sig‘imi – 2100 yo‘lovchi va 225 ta transport vositasi.
Hull 096 butunlay elektr energiyasida ishlaydi. Akkumulyatorlarning umumiy og‘irligi 250 tonnani, o‘rnatilgan quvvati esa 40 megavatt-soatdan ortiqni tashkil etadi. Kema qurilishidagi vakillar Hull 096’ni o‘zlarining eng jasoratli, eng murakkab va eng muhim loyihasi deb atagan.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda dengiz transportida eng keng tarqalgan yoqilg‘i turi bu mazut bo‘lib, u xom neftni qayta ishlashdan qolgan qoldiqlardan olinadi va tarkibida oltingugurt miqdori yuqori bo‘ladi. Amoniyak, metanol va vodorod kabi muqobil yoqilg‘i turlari hozircha faqat cheklangan miqyosda qo‘llanmoqda. So‘nggi yillarda yordamchi yelkanli harakatlantiruvchi qurilmalardan foydalanish bo‘yicha tajribalar ham o‘tkazilmoqda. Bunday texnologiya bilan jihozlangan bir necha yuk kemalari allaqachon okeanlarda qatnovni boshlagan.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon miqyosidagi yuk tashishning 85 foizgacha bo‘lgan qismi (yiliga 10 milliard tonnadan ortiq) dengiz transporti orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, kemalar global karbonat angidrid (CO₂) chiqindilarining juda katta qismini, ya’ni 2,5-3 foizini tashkil etadi.
Live
Barchasi