Dunyoda vabo tufayli o‘limlar soni oshdi – JSST
Olam
−
01 noyabr 1662 2 daqiqa
2025 yil 1 yanvardan 28 sentyabrgacha dunyo bo‘yicha 518 328 ta vabo holati, jumladan, 6 508 ta o‘lim qayd etilgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu raqamlar 2024 yilgi ko‘rsatkichdan oshib ketgan – o‘tgan yili vabodan 6 028 kishi vafot etgandi.
“1 yanvardan 28 sentyabrgacha JSSTning 5 mintaqasidagi 32 mamlakatda jami 518 328 ta vabo holati va 6 508 ta o‘lim qayd etildi”, deyiladi tashkilotning axborot byulletenida.
Unda qayd etilishicha, 28 sentyabr holatiga ko‘ra, o‘limlar soni 2024 yilga nisbatan oshgan, 2024 yilda esa vafot etganlar soni 2023 yilga nisbatan 50 foizga ko‘p bo‘lgan. JSSTning qayd etishicha, “qurolli mojarolar, aholining majburiy ko‘chishi, tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi” vabo tarqalishini kuchaytirgan, ayniqsa, suv toshqinlariga uchragan, tibbiy yordamdan chekka hududlarda bu holat yanada og‘irlashgan.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil sentyabrida dunyo bo‘yicha 21 mamlakat, hudud va mintaqada jami 45 787 ta yangi vabo yoki o‘tkir ich ketish holati aniqlangan. Bu avgust oyiga nisbatan 27 foizga kam. Shu oyda vabodan 601 kishi vafot etgan – bu ham oldingi oyga qaraganda 37 foizga kam. JSST shuningdek, “vabo bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq emasligini”, ayniqsa beqaror siyosiy vaziyat yoki ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilayotgan davlatlarda statistik ma’lumotlar kechikayotganini ma’lum qilgan.
2025 yilning to‘qqiz oyida Afg‘onistonda 133 mingdan ortiq, Yamanda 81 mingdan ortiq, Janubiy Sudanda 77 mingdan ortiq, Sudanda 69 mingdan ortiq, Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) 56 mingdan ortiq, Angolada 29 mingdan ortiq, Pokistonda esa 14 mingdan ortiq vabo holati qayd etilgan. Shu davrda KDRda 1 713, Sudanda 1 653, Janubiy Sudanda 1 249, Angolada 809, Nigeriyada 244 va Yamanda 225 kishi vabodan vafot etgan.
Ma’lumot uchun, vabo – xavfli ichak infeksiyasi bo‘lib, asosan, iflos suv yoki oziq-ovqat orqali yuqadi, uning asosiy belgilari suvdek ich ketishi, qusish va tez suvsizlanishdir. Davolashning eng muhim yo‘li – suyuqlik va tuz balansini tiklash hamda og‘ir holatlarda antibiotiklar qo‘llash. Kasallikning oldini olish uchun esa toza ichimlik suvidan foydalanish, gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vabo tarqalishining global xavfini juda yuqori deb hisoblayotgani va butun dunyo mamlakatlarida o‘lim darajasini kamaytirish hamda kasallik tarqalishini jilovlash uchun shoshilinch choralar ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi