Dunyo aholisining qariyb yarmi o‘zida diabet borligini bilmaydi – tadqiqot
Bu qiziq
−
10 Sentabr 4575 2 daqiqa
Dunyo bo‘yicha odamlarning 40 foizidan ortig‘i o‘zida diabet borligini bilmaydi. Bu haqda “The Lancet Diabetes & Endocrinology” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda so‘z boradi.
Ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, 15 va undan katta yoshdagi diabetga chalinganlarning 44 foiziga tashxis qo‘yilmagan va ular shuning uchun hatto o‘zlarida kasallik borligini bilmaydi. Olimlar 2000 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda 204 davlat va hududlardan olingan ma’lumotlarni, chop etilgan adabiyotlar hamda so‘rovnomalarni tizimli ko‘rib chiqqan.
“Tadqiqotda qayd etilganlarning aksariyati 2-tur diabet bilan og‘rigan”, deydi tadqiqot muallifi Lorin Stefford.
Xalqaro Diabet Federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har to‘qqizinchi katta yoshli odamda diabet bor.
“Biz diabet bilan og‘riganlarning 56 foizi kasalligi haqida xabardor ekanini aniqladik”, deydi Lorin Stefford.
Uning so‘zlariga ko‘ra, global miqyosda ko‘rsatkichlar geografik hudud va yosh bo‘yicha katta farq qiladi. Umuman olganda, yuqori daromadli davlatlarda diagnostika ishlari past va o‘rta daromadli davlatlarga qaraganda yaxshiroq. 35 yoshdan kichik odamlarda o‘rta va katta yoshdagilarga qaraganda diabet ancha kam aniqlangan. Yoshlar orasida diabet borligini bilganlar atigi 20 foizni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, diabetni erta aniqlash muhim, chunki bu vaqtida davolashni boshlash imkonini beradi va yurak-qon tomir kasalliklari, buyrak yetishmovchiligi, asab tizimi shikastlanishi hamda ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish kabi uzoq muddatli asoratlarning oldini oladi yoki kechiktiradi.
Diabet alomatlariga chanqoqlik yoki ishtahaning oshishi, ko‘rishning yomonlashuvi, kutilmagan vazn yo‘qotish va charchoq kiradi. Ammo kasallikning dastlabki bosqichlarida ko‘pchilikda hech qanday alomat bo‘lmaydi, bu esa skrining va diagnostikaning ahamiyatini oshiradi.
Lorin Steffordning qayd etishicha, 2023 yilda dunyo bo‘yicha diabet bilan og‘riganlarning qariyb 40 foizi davolanish orqali optimal natijalarga erishib, qondagi shakar miqdorini pasaytirishga muvaffaq bo‘lgan. Shu sababli tashxis qo‘yilgach, imkon qadar ko‘proq odam to‘g‘ri davolanishi va unga rioya qilishi muhim. Diabet bilan og‘rigan odamlarda, ehtimol, gipertoniya yoki surunkali buyrak kasalligi kabi boshqa sog‘liq bilan bog‘liq muammolar ham bo‘lishi mumkin, bu esa davolashni murakkablashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq XX asrning birinchi yarmida qayd etilgan umr davomiyligining keskin o‘sishi kelajakda qayta takrorlanishi dargumonligi, Viskonsin-Medison universitetining Maks Plank demografik tadqiqotlari instituti va Fransiya demografik tadqiqotlari instituti olimlari shunday xulosaga kelgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi