Dubaydagi aviashouda harbiy samolyot qulab tushdi (video)

Olam

image

Bugun, 21 noyabr kuni Dubai Airshow 2025 ko‘rgazmasida Hindistonning Tejas jangovar samolyoti parvoz namoyishi vaqtida qulab tushdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, samolyot qulashi sodir bo‘lgan vaqtda Tejas samolyoti uchuvchilari dasturga muvofiq o‘z chiqishini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Biroq bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

“Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan aviashouda Al-Maktum xalqaro aeroporti ustida samolyot qulagach, qora tutun ko‘tarildi, signalizatsiyalar ovoz chiqara boshladi”, deyiladi xabarda.

“Indianexpress”ning yozishicha, Hindiston harbiy-havo kuchlarining Tejas samolyoti haqiqatan ham tomoshabinlar oldida o‘tkazilayotgan namoyish parvozi vaqtida halokatga uchragan.

“Hindiston havo kuchlari halokatni tan oldi va qo‘shimcha tafsilotlarni kutayotganini bildirdi. Hozircha ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Batafsil xabar keyinroq beriladi”, deb yozadi nashr.

Shuningdek, portlash va ko‘tarilgan qora tutun tomoshabinlar, jumladan, bolalari bilan kelgan oilalar orasida ham vahima uyg‘otgan. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Hindiston havo kuchlari samolyot uchuvchisi vafot etganini e’lon qilgan.

“Uchuvchi halokatda o‘lim bilan yakunlangan tan jarohatlarini oldi. Havo kuchlari uchuvchining o‘limidan chuqur qayg‘uda va marhumning oilasiga chuqur hamdardlik bildiradi. Halokat sabablarini aniqlash uchun maxsus komissiya tuzildi”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Tejas – Hindistonning Hindustan Aeronautics Limited kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan to‘rtinchi avlod yengil ko‘p maqsadli jangovar samolyoti bo‘lib, u havo orqali hujumkor qo‘llab-quvvatlash hamda yerusti operatsiyalarini jangovar qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tarkibidagi Kareliya Respublikasida o‘quv parvozi vaqtida Su-30 harbiy samolyoti qulab tushgandi. Hodisa oqibatida ekipaj a’zolarining hech biri tirik qolmagan.


Maqola muallifi

Teglar

aviahalokat aviashou harbiy samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing