Dollar kursi keskin tushib ketishi mumkin
Olam
−
08:44 15108 2 daqiqa
Moliyaviy bozorlarda ishtirok etayotgan treyderlar AQSH dollarining qadrsizlanishiga rekord darajada stavkalar qo‘ymoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, dollar kursining pasayishidan foyda keltiradigan moliyaviy vositalarga bo‘lgan talab tarixiy darajaga yetgan.
Qisqa muddatli opsionlar bo‘yicha to‘lanadigan mukofot 2011 yildan beri eng yuqori nuqtaga chiqqan. Investorlar nafaqat yaqin istiqbolda, balki uzoq muddatda ham dollar kelajagiga nisbatan juda pessimistik kayfiyatda.
Mutaxassislar AQSHda o‘tgan yilning aprelida bojlar joriy etilganidan beri dollar eng keskin pasayishni boshdan kechirayotganini ta’kidlab, uning so‘nggi to‘rt yildagi eng past darajaga tushib ketishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Danske Bank katta tahlilchisi Yesper Fyarstedtning aytishicha, AQSHning oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosati dollar pozitsiyalariga salbiy bosim ko‘rsatmoqda.
Corpay kompaniyasining bosh bozor strategiyasi bo‘yicha mutaxassisi Karl Shamotta esa AQSHning proteksionizmga yuz tutishi va xavfsizlik sohasidagi majburiyatlarini qisqartirishi boshqa davlatlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga majbur qilayotganini qayd etgan. Bu holat ilgari dollar foydasiga ishlagan iqtisodiy o‘sish va foiz stavkalari farqini kamaytirmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, AQSH yetakchisi Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida dollar qiymati qariyb 3 foizga tushgan. Trampning o‘zi esa zaif dollar AQSH eksportini oshirishga xizmat qilishini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 28 yanvar kuni amalda bo‘ladigan qiymatini belgilagandi. Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 12 128,02 so‘mni tashkil qilgan.
Live
Barchasi