Davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar qayerga ketishi belgilandi
Jamiyat
−
23 mart 2022
5254O‘zbekistonda hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga hamda ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1 apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchilari) tomonidan o‘z hududlarida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti yoki yer uchastkalari aniqlangan hollarda, ular:
• hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘lganda – hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
• qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari (keyingi o‘rinlarda – yer uchastkalari) bo‘lganda – “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ikki hafta muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Shuningdek, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan ob’ekt, ijtimoiy ob’ektlar bundan mustasno, Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.
Hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga hamda ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
LiveBarchasi