Daniyada ikkita poyezd to‘qnashdi. 17 kishi jarohatlandi (video)
Olam
−
23 aprel 2015 1 daqiqa
Bugun, 23 aprel kuni Daniyaning Xilleryod shahri yaqinidagi Gribskov temir yo‘lida ikkita poyezd to‘qnashib ketdi, jabrlanganlar bor. Bu haqda voqea joyida bo‘lgan politsiya navbatchi ofitserlariga tayanib, “Danmark Radio” xabar berdi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, 17 kishi jarohatlangan, ulardan to‘rt nafarining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Voqea joyiga mudofaa xizmatining vertolyoti yetib borgan. Nashrning qayd etishicha, ushbu hududda poyezdlar harakati noma’lum muddatga to‘xtatiladi. Qutqaruv amaliyoti munosabati bilan politsiya yaqin atrofdagi yo‘llarni yopib qo‘ygan.
Daniya muhandislar assotsiatsiyasining (IDA) temir yo‘l transporti bo‘yicha eksperti Kristian Madsen TV 2 Kosmopol telekanaliga bergan intervyusida to‘qnashuv poyezd mashinistlaridan birining aybi bilan yuz berganini aytgan. Madsenning fikricha, u stansiyalardan biridan chiqishda to‘xtash ishorasiga (qizil chiroqqa) amal qilmagan.
“Daniyadagi ko‘plab temir yo‘l tarmoqlarida “qizil” chiroqda o‘tib ketgan poyezdlarni avtomatik ravishda to‘xtatadigan xavfsizlik tizimi mavjud, biroq avariya sodir bo‘lgan uchastkada bunday tizim o‘rnatilmagan edi”, deb qayd etgan ekspert.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Fransiyaning Pa-de-Kale departamentida TGV tezyurar poyezdi harbiy texnika tashiyotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan edi. O‘shanda mashinist halok bo‘lgan va 27 kishi jarohatlangan edi.
Live
Barchasi